18 +  RSS  E-mail
9:24, 20 04 2020

Erkinjon Turdimov: Oʻsha paytda aholi bu sinovdan tinka madori qurib chiqmasligi kerak


— Koronavirus pandemiyasi ham oʻtadi, bu sinovli kunlar ortda qoladi. Oʻsha paytda aholi bu sinovdan tinka madori qurib chiqmasligi kerak.

Buning uchun bu yil qishloq xoʻjalik mahsulotlari, oziq-ovqatni avvalgi yillardagidan ikki hissa koʻp yetishtirishimiz talab etiladi.

Hozir odamlar uyda oʻtiribdi. Lekin ular vaqtini behuda oʻtkazmasligi, foydali mashgʻulotlar bilan shugʻullanishi kerak. Buning uchun ularga sharoit yaratishimiz, shunga daʼvat etishimiz lozim. Ayniqsa, tomorqadan, har bir qarich yerdan har qachongidan ham samarali foydalanishni targʻib etishimiz kerak.

Xudoga shukr, yerimiz bor, suv bor, dehqonchilik qilish, chorva, parranda boqish, asalarichilik bilan shugʻullanish yoki boshqa uy xoʻjaligi yumushlarini bajarish uchun imkoniyatimiz bor. Bugun kichik boʻlsa-da mavjud imkoniyatlardan maksimal daraja foydlanadigan payt. Bu ishda elning nazarida boʻlgan rahbarlar, deputatlar, oqsoqollar shaxsiy namuna koʻrsatsa ayni muddao boʻlardi. Xususan, minglab aholining vakili boʻlib saylangan deputatlar aholi tomonida boʻlib, ularning ogʻirini yengil, mushkulini oson qilishga harakat qilishi lozim.

Misol uchun, har bir deputat oʻz saylov okrugida har haftada bitta xonadonga tomorqadan oʻrinli foydalanishga yordam bersa, bu viloyatimizda bir haftada 400 dan ortiq hovli obod boʻladi, degani. Shuncha oila oʻzini oʻzi boqishga, yana qoʻshimcha daromad olishga erishadi.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.