18 +  RSS  E-mail
9:22, 20 04 2020

Aholi va tadbirkorlar davlat muhofazasida


Ha, koʻp narsani oʻzgartirib yubordi bu virus. Odatiy hayot tarzimizga nisbatan yoʻqotishlar katta. Kun tartibi oʻzgarib ketdi. Faollik kamaydi.

Hammada ham emas albatta. Mardonavor tarzda qiyin kunlarda kechayu kunduz oʻz burchini bajarayotganlar borasida emas bu gaplar.

Yana nimalar oʻzgardi? Bordi-keldi, mehmondorchilik, marosim  va toʻylar, oshna-ogʻaynilar bilan yigʻilish, choyxona, gap, qizgʻin davralar. Oila aʼzolari bilan sayr qilish, vaqtni zavqli oʻtkazish imkoni yoʻq hozir. Baʼzi tadbirkorlar katta moddiy zarar koʻrdi. Koʻpchilikning maishiy yoki turmush rejalari buzildi. Butun dunyo xuddi shunday jarayonni boshdan kechirayotgan bir paytda davlat tomonidan aholini qoʻllab-quvvatlashi va har tomonlama madad boʻlishi, sinovli kunlarda xalqqa yordam qoʻlini choʻzayotgan mutassadilar-u, hayotini xavfga qoʻyib, fidokorona mehnat qilayotgan shaxslar uchun ulardan qancha minnatdor boʻlsak kam.

Shunday davrda yuqorida taʼkidlangan ishlarga zamin boʻlayotgan davlatimiz tomonidan yuritilayotgan siyosat, olib borilayotgan ishlarni alohida taʼkidlab oʻtish joizdir.

Xususan, koronavirus pandemiyasi davrida aholi va tadbirkorlarni muhofaza qilishga qaratilgan bir qancha qaror, farmon hamda davlat dasturlari qabul qilinib amalda fuqarolarni bunday sinovli kunlarda qoʻllab-quvvatlash ishlari olib borilmoqda.

Jumladan, 2020 yil 3 aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subʼektlarini qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi. Farmonda aholini muhofaza qiluvchi quyidagi normalar oʻz aksini topdi:

— joriy yilning mart-iyun oylarida toʻlash muddati tugaydigan bolalari boʻlgan oilalarga nafaqa, bola parvarishi boʻyicha nafaqa  va moddiy yordamlar toʻlash ularni toʻlashni yangi muddatda davom ettirish toʻgʻrisidagi ariza hamda boshqa hujjatlarni talab qilmagan holda 6 oy muddatga (biroq bola tegishlicha 2 yoshga va 14 yoshga toʻlgunidan koʻp boʻlmagan muddatda) tanaffussiz davom ettirishi;

— ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam toʻlashni uzaytirish bilan bogʻliq xarajatlar inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi hisobidan qoplanashi;

— oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz keksalar va nogironlarni bepul taʼminlash uchun asosiy oziq-ovqat mahsulotlari va gigiyena tovarlarining roʻyxati karantin tadbirlari amal qilishi davrida bir martalik niqoblar, antiseptik vositalar va bakteriyaga qarshi sovunlar jamlanmasi bilan toʻldirilish.

Shuningdek, Farmonda tadbirkorlik subʼektlarini muhofaza qilishga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Jumladan, 2020 yil 1 apreldan 31 dekabrga qadar amalda boʻladigan quyidagi normalar oʻz aksini topdi:

— turoperatorlar, turagentlar va turizm sohasida mehmonxona xizmatlari (joylashtirish xizmatlari) koʻrsatuvchi subʼektlar, “Uzbekistan Airways” AJ va uning tarkibiy boʻlinmalari, “Uzbekistan Airports” AJ va “Oʻzaeronavigatsiya markazi” DUK yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni toʻlashdan ozod qilinadi;

— tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish aylanmasi oyiga 1 mlrd soʻmdan oshmaydigan va elektron hisob-fakturalarni qoʻllaydigan qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilar ushbu soliqni har choraklik asosda hisoblash  va toʻlash huquqiga ega;

— foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari, yashash uchun moʻljallanmagan inshootlarga, shu jumladan 2020 yil 1 aprelga qadar aniqlanganlarga nisbatan mol-mulk soligʻi va yer soligʻining oshirilgan stavkalarini qoʻllash, shuningdek, koʻrsatilgan soliqlar boʻyicha oshirilgan stavkalarni qoʻllash natijasida yuzaga kelgan qarzdorlikka nisbatan penya hisoblash va majburiy undirish choralarini koʻrish tartibi toʻxtatildi;

— karantin tadbirlari davrida oʻz faoliyatini toʻxtatishga majbur boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi qatʼiy belgilangan summasini va ijtimoiy soliqni hisoblash toʻxtatildi, bunda faoliyatni toʻxtatganlik toʻgʻrisida soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali davlat soliq xizmati organlari xabardor qilinadi va davlat roʻyxatidan oʻtkazilganlik toʻgʻrisida guvohnomani topshirish talab etilmaydi.

— oʻz faoliyatini toʻxtatgan va (yoki) tovarlar (xizmatlar) realizatsiyasidan tushumi joriy yilning birinchi choragidagi oʻrtacha oylik miqdoriga nisbatan 50 foizdan koʻproqqa kamaygan mikrofirma, kichik korxona va yakka tartibdagi tadbirkorlarga soliq organlarini xabardor qilgan holda 2020 yil 1 oktyabrga qadar quyidagi soliqlarni foizsiz kechiktirish (boʻlib-boʻlib toʻlash) huquqi taqdim etildi;

— mahalliy davlat hokimiyati organlariga ariza bermasdan turib aylanmadan olinadigan soliq, mol-mulk soligʻi, yer soligʻi, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq boʻyicha — ularni keyinchalik 12 oy davomida teng ulushlarda toʻlash sharti bilan, ijtimoiy soliq boʻyicha uni keyinchalik 6 oy davomida teng ulushlarda toʻlash sharti bilan, 2020 yil 1 apreldan boshlab yuridik shaxslar tomonidan gaz va elektr energiyasi boʻyicha oldindan haq toʻlash toʻgʻrisidagi majburiy talab 30 foizgacha pasaytirildi;

— tijorat banklari tomonidan moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan yuridik va jismoniy shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlarning kreditlari boʻyicha toʻlovlarga 2020 yil 1 oktyabrga qadar kechiktirish taqdim etish;

— amalga kiritilgan karantin rejimi faoliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatgan qarzdorlarning muddati oʻtib ketgan kreditlariga garov taʼminoti boʻyicha jarima sanktsiyalari va undiruv choralari qoʻllamaslik;

— karantin tadbirlari davrida oʻz faoliyatini toʻxtatishga majbur boʻlgan tadbirkorlik subʼektlari tomonidan davlat mulkidan foydalanganlik uchun ijara toʻlovlarini hisoblash va undirish toʻxtatilishi;

— tijorat banklari tomonidan kreditlar boʻyicha hisoblangan va kechiktirilgan foizlar summasi kechiktirish taqdim etilgan davrda foyda soligʻini hisoblashda jami daromad tarkibiga kiritilmaydi.

Farmonda koʻrsatib oʻtilgan barcha imtiyozlar aholiga va tadbirkorlik subʼektlariga ushbu davrdan eson-omon oʻtib olish uchun davlat tomonidan berilayotgan yordamning yaqqol isbotidir.

Bu kurashda tibbiy choralar bilan birga yuksak tafakkur, qatʼiy intizom, sabr-toqat va ulkan masʼuliyat koʻrsatishimiz  muhim ahamiyat kasb etadi. Bu sifatlar bizning eng asosiy va eng taʼsirchan qurolimizga aylanishi shart.

Xulosa oʻrnida aytishimiz joizki, Oʻzbekistonda hech bir inson, hech bir oila davlatimiz va jamiyatimiz eʼtibori va gʻamxoʻrligidan chetda qolmaydi, yaratganning oʻzi xalqimizni va butun insoniyatni bu ofatdan tezroq ozod qilsin, barchamizni oʻz panohida asrasin.

Ollabergan YUSUPOV,

Urganch shahar adliya boʻlimi boshligʻi.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.