18 +  RSS  E-mail
15:06, 18 04 2020

Mingbuloq 68 yoshda


Ushbu qutlugʻ sana munosabati bilan tumanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshgan mehnat faxriylarini, fidokorona ishlayotgan barcha sohalar jamoalarini, qolaversa, butun mingbuloqliklarni qizgʻin muborakbod etaman.

Tumanimiz hududi oʻtmishda qumtepa, koʻl va botqoqliklardan iborat boʻlib, oraliqlarda juda oz miqdorda turli ekinlar ekilgan.

Gurtepa qishlogʻi eng qadimiy aholi punkti boʻlgan. U Namangan — Fargʻona, Qoʻqon — Andijon magistral yoʻllari ustida joylashgani bois Afgʻoniston, Xitoy, Hindiston kabi davlatlardan oʻtib keluvchi karvonlarga qoʻnoq vazifasini oʻtagan. Bu hududni Qoʻqon xonligi Namangan bekligi, oxirgi paytlarda qoʻrgʻoni Momoxon qishlogʻida joylashgan Toshboy mingboshi, Baland Gurtepa markazida mingboshi Abdusalim amin, Xumor amin, Fayzi aminlar orqali boshqargan.

Respublika rahbariyati 1946 yilda Markaziy Fargʻonaning ana shu choʻl mintaqasida Zadaryo kanalini rekonstruktsiya qilish, bosh inshoot qurish, yangi yerlar oʻzlashtirish bilan shugʻullanuvchi 1-qurilish-montaj boshqarmasini tashkil etadi.

Qishloq shaharcha qiyofasini olib, aholining turmush madaniyati osha boshlaydi. Boshqarma muvaffaqiyatli faoliyat yuritishi choʻlda yangi tuman barpo etish uchun moddiy va maʼnaviy asos yaratadi. Choʻlni ommaviy ravishda keng miqyosda oʻzlashtirish ishlari kuchaytirib yuboriladi.

1952 yilning 16 aprel kuni Oʻzbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumi markazi “Gulbogʻ” sovxozi boʻlgan Zadaryo rayonini tuzish haqidagi iltimosini qondirdi. Shu yili 29 mayda esa tumanning maʼmuriy markazi Jomashoʻy qishlogʻiga koʻchirilgan. 1994 yil 23 dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosatining qarori bilan tumanning nomi Mingbuloq deb oʻzgartirilgan.

Keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari tufayli tumanimiz bogʻu boʻstonga aylandi. Ayniqsa, “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Obod markaz” dasturlari asosida keyingi yillarda misli koʻrilmagan darajada oʻzgardi. Hamma tarmoqlarda yuksak natijalarga erishilmoqda.

Mingbuloqni viloyatdagi eng namunali tumanga aylantirish boʻyicha boshlangan tashabbus asosida barcha jabhalarda astoydil mehnat qilinmoqda.

Qosimjon AKBAROV,

“Mingbuloq” gazetasi muharriri.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.