18 +  RSS  E-mail
9:53, 13 03 2020

Startap loyihalarni rivojlantirish uchun 345 ming yevro kredit ajratildi


Bu pilot loyiha Jizzax viloyatida boshlangan.

Yurtimizda, ayniqsa, chekka hududlarda start-up loyihalarni rivojlantirish, yoshlarni tadbirkorlikka keng jalb qilish va yangi ish oʻrinlarini yaratish orqali aholi oʻrtasida kambagʻallikni bartaraf etish masalasiga alohida ahamiyat qaratilgan. Shu munosabat bilan Oʻzbekiston yoshlar ittifoqida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Oʻtgan yili Germaniya Federatsiyasida boʻlib oʻtgan xalqaro amaliy seminarlarda jamgʻarma kassalari fondi hamda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, shuningdek, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan Agrobank, Mikrokredit banki va Xalq banki oʻrtasida kelishuv imzolangan edi.

Maʼlumotlarga koʻra, bugun mana shu kelishuvning amaliy natijasi sifatida Germaniyaning Jamgʻarma kassalari fondi ushbu uch bank bilan birgalikda “Aylanma Kredit fondi”ni shakllantirdi. Bunga poydevor Germaniya hukumatining koʻmagi bilan qoʻyildi. Uchta bankning har biri oʻz mablagʻlari hisobidan kapitalni koʻpaytiradi va qiymati 115 ming yevroga teng kredit fondini yaratadi. Har uchala bankning ixtiyorida kreditlar uchun jami 345 ming yevro miqdorida mablagʻ mavjud boʻlib, kreditlar Oʻzbekiston milliy valyutasida, yaʼni soʻmda beriladi. Ushbu yangi model soʻm bilan qiymati maksimum 4 ming yevro ekvivalentida kredit berishni nazarda tutadi. Buning uchun uchta bank ham 16 foiz bilan hisob-kitob qiladilar.

Ushbu yangi kredit fondlaridan beriladigan mablagʻlarni faqat qishloq xoʻjaligi sohasidagi startap va investitsiyalar uchun Oʻzbekiston yosh fermerlari Kengashi oʻquv dasturida ishtirok etgan yoshlar olishlari mumkin.

Tadbirda aytilishicha, oʻquv dasturining faoliyati Toshkent va Jizzax viloyatlarida pilot hududlar sifatida allaqachon boshlangan. Buning uchun Germaniyalik hamkorlar tomonidan 22 nafar Oʻzbekistonlik trenerlar mul’tiplikatorlar sifatida oʻqitildi. Bu trener oʻquvlari yana davom ettiriladi va kelgusida dastur bosqichma — bosqich mamlakatimizning barcha hududlarini qamrab olish imkoniga ega boʻladi.

“Xalq soʻzi”


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.