
Yoʻlovchilarga qoʻshimcha qulayliklar yaratish, poyezdlarga chiqish oldidan chiptalarni tekshirish jarayoniga sarflanadigan vaqtni qisqartirish maqsadida “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ tomonidan elektron chiptalarni zamonaviy texnologiyalar QR-kod orqali tekshiruvchi maxsus moslamalarni sinovdan oʻtkazish jarayoni boshlandi.
Ayni damda yangi moslamalar “Afrosiyob” poyezdlarining birida sinovdan oʻtkazilmoqda.
Elektron chiptani rasmiylashtirgan yoʻlovchilarga endi uni A-4 formatida chop etish zarurati yoʻq. Yaʼni, elektron chiptani smartfon yoki planshetlarda taqdim etishning oʻzi kifoya.
Nazorat-oʻtkazish punkti xodimlari hamda vagon kuzatuvchilari elektron chiptaning haqiqiyligini maxsus moslama bilan tekshiradi. Keyin esa yoʻlovchi chipta boʻyicha oʻz joyini egallashi mumkin boʻladi.
Hozirda qurilmalar sinovdan oʻtkazilmoqda. Sinov ishlari mart oyining oxirigacha davom etadi.
Samarqand viloyati hokimligi matbuot xizmati