18 +  RSS  E-mail
13:39, 12 03 2020

Turkiyaning Komtel Technologies kompaniyasi Oʻzbekistonda binolarda mobil tarmoq signallarini kengaytirish va tarqatish boʻyicha innovatsion yechimlarni taklif etmoqda


Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Hilton Tashkent City, “Komtel Technologies” (Turkiya) bilan hamkorlikda “IBS/DAS texnologiyalarini Oʻzbekiston Respublikasi telekommunikatsiya sohasida muhim innovatsion yechim sifatida joriy etish” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.

Uchrashuv “Telekommunikatsiya tarmoqlari infratuzilmasida yuqori texnologik yechimlarni joriy etish, binolarda mobil tarmoq signallarini (IBS) kengaytirish va tarqatish loyihasi”ni amalga oshirishga bagʻishlandi.

Ushbu tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad respublikaning yirik infratuzilma obʼektlari ichida mustahkam mobil aloqa qamrovi va mobil signallarni kuchaytirishni taʼminlash masalalarini hal etishdan iborat.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida davlat va jamiyat boshqaruvi, ijtimoiy sohada ham raqamli texnologiyalarni keng joriy etib, natijadorlikni oshirish, bir soʻz bilan aytganda, odamlar turmushini keskin yaxshilash mumkinligi qayd etilgan. 2020 yilda Oʻzbekiston raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda tub burilish yasashi kerak.

Zamonaviy binolar shunday tuzilganki, mazkur obʼektlar sirtidan mobil signallarni aks ettirish darajasi yuqori boʻlib, tashqi uyali aloqa antennalari signallarini infratuzilma obʼektlarining ichiga kirib borishida qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda.

Turkiyaning “Komtel Technologies” kompaniyasi mul’ti texnologiyalar, mobil operatorlariga xizmat koʻrsatish, yalpi mobil qamrovini taʼminlash texnologiyalari sohasida bir qator tayyor innovatsion yechimlarni taklif etadi.

“Komtel Technologies” qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, telekommunikatsiya tarmoqlari uchun infratuzilma yaratish, binolarda mobil tarmoq signallarini kengaytirish va tarqatish, antenna tizimlarini joriy etishga sarmoya kiritishga tayyorligini bildirdi.

Investitsiya loyihasini amalga oshirish maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligi va “Komtel Technologies” kompaniyasi oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi. Davra suhbati doirasida Hilton Tashkent City va Kongress markazi loyihasining taqdimot, muhandislik tahlili hamda Oʻzbekistonda loyihani amalga oshirish boʻyicha taklif etilayotgan biznes modellarning texnik tahlili amalga oshirildi.

Uchrashuv yakunlariga koʻra telekommunikatsiya tarmoqlari infratuzilmasida yuqori texnologiyali yechimlarni joriy etish, qisqa vaqt ichida uni amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasida binolarda mobil tarmoq signallarini kengaytirish va tarqatish boʻyicha loyihani amalga oshirish uchun yakuniy biznes modelini birgalikda ishlab chiqish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.