18 +  RSS  E-mail
13:25, 12 03 2020

Choʻponlar nega koʻzoynak taqmaydi? Internet, koronavirus… va qoʻy-qoʻzilarga doʻst boʻri haqida


Choʻl sharoitini faqatgina oʻsha yerda yashagan insonlar biladi. Sizu biz baʼzida bahor vaqtlari borib, “ekzotika” deb biluvchi goʻzal tabiatning shu qadar injiqliklari borki, bu manzilda yashovchilarga qor-qirovli qishda ham, jazirama saratonda ham hamroh — sabot, qanot — umid boʻladi.

Tasavvur qiling, atrof qum, yolgʻiz oʻtov, qoʻni-qoʻshni yoʻq, dardkashingiz faqat qoʻy-qoʻzilar. Qishda choʻponning qoʻrasiga baʼzan boʻri “mehmon” boʻlsa, yozda esa chayon va soya izlagan oʻq ilonlar oʻzini oʻtovga uradi. Lekin shu sharoit choʻponlar uchun koʻnikma hayot, taqdir.

Ana shunday taqdir egasi boʻlgan qahramonimiz, Nurota tumanining olis choʻli — bir tomoni Aydarkoʻl sohillari bilan tutashgan hududida yashaydigan Jumabek Davlatov. Tuman hokimligi vakillari “muxbir” deb tanishtirgandan soʻng, iymanib oʻzini tanishtirgan choʻpon, shoshilganicha boshpanasiga kirib ketdi. Nima boʻldi, deb savolomuz hamrohlarimga qaradim, “shoshilmang, hozir” deyishdi. Shu ondayoq sokin otarda oʻchoqqa oʻt qalash, yana nimalardir boshlanib ketdi.

— Bir piyola choy ichib ketmasak, choʻpon xafa boʻladi, bu — udum, — deydi hamrohlarim.

Shu asnoda bir piyola choy ustida choʻpon bilan suhbatimiz boshlandi.

— Kayfiyatimiz zoʻr, — deydi choʻpon. — Bu yil aynan biz kutgan ob-havo boʻldi. Bilsangiz, biz choʻponlar  osmonga qaragan xalqmiz. Qor va yomgʻirdan doim umidvormiz. Chorvamizni va oʻzimizni taqdirimiz shu oʻzgaruvchan tabiatga bogʻliq.

Shu asnoda suhbatdoshimiz ochila boshladi.

Choʻpon tayogʻi

Bir qarashda oddiygina koʻringan choʻpon tayogʻida koʻp ramziy maʼno bor ekan. Oʻsha tayoq juda qadrlanar ekan.

— Otamdan 26 yoshimda shu tayoqni qabul qilganimdan soʻng choʻpon degan haqiqiy mavqega erishganman. Bu tayoqni otamning otasi unga bergan, u menga, men esa farzandlarimga beraman. Bu tayoq ajdodlarimizdan qolgan meros. Biz uchun juda qadrli. U doim otamni eslatib turadi. U hatto bir bor hayotimni asrab qolgan, — deydi bizni hayron qoldirib. — Bir kuni ochiq choʻlda ikkita boʻriga duch kelib qoldim, atrofda hech kim yoʻq, yordam chaqirish befoyda. Boʻrilar esa hujumga shaylanyapti, shunda shu tayoqni olib havoda silkidim-da, xuddi miltiq ushlaganday ularga oʻqtaldim, boʻrilar darrov qochib qoldi…  

Choʻponlar nega koʻzoynak taqmaydi?

Shu asnoda suhbat qizib bordi. Bir-biridan qiziq hikoyalar esa diktofonimga muhrlanardi…

Aytishlaricha, dunyodagi eng oʻtkir koʻz sohiblari — choʻponlar boʻlar ekan. Bunga sabab esa, faqat olislarga qadalgan nigohlar emas, balki choʻponlarning har oqshom gulxan atrofidagi oʻtirishidan ekan. Maʼlum boʻlishicha, oʻsha gulxan asosan choʻl yantogʻidan tashkil topadi va u koʻzning zararli zahrini olarkan.

Choʻponlarning aksariyati sogʻlom boʻlib, ular kuniga 30 kilometrgacha masofani piyoda bosib oʻtar ekan. Yana bir qiziq maʼlumot — choʻponlar deyarli dorixonaga murojaat etmaydi. Ehtimol bunda choʻldagi tabiiy giyohlar, koʻldan tutilgan baliqlar, barra goʻshti, tuya, echki sut qatigʻining oʻrni boʻlsa ne ajab. Shu oʻrinda bir gap, Aydarkoʻl qirgʻogʻidan tutilib, choʻpon tomonidan pishirilgan baliqning mazasi — aʼlo, bunga har qanday usta oshpaz ham tan berishi aniq.

Internet va koronavirus

Choʻponlardan internet haqida soʻraganimizda, savolning mohiyatini boshqacha tushunishdi shekilli, “qishloqqa borsakkina koʻramiz televizorni” deb javob berishdi. Soddalashtirib soʻraganimizdan soʻng, maʼlum boʻlishicha, har ovulda bittadan oddiygina Nokia telefoni borligini, ular ham naslchilik MChJ tomonidan berilganini bildirishdi. Dunyoni egallayotgan vahima — koronavirus haqida soʻraganimizda esa, buni eshitmaganligini aytib, “bizgacha kelmas” deb qoʻyishdi.

Shu asnoda suhbatimiz qizib turganda tashqarida itlar bezovta hura boshladi, uy bekasi qozoqchada “chiqing, boʻri keldi” deb qoldi. Vahimadan oʻrnimdan sapchib turdim, nigohimni dasturxondagi pichoqqa shaylanganimni bilaman, hamrohlarim kulib yubordi va “qoʻrqmang, bu siz oʻylagan yovvoyi boʻri emas, naslchilik MChJmiz raisi Boʻri aka” deyishdi. Buni eshitgan Boʻrivoy aka ham jilmayib: “Bizda ikki xil boʻri bor, biri — dushman boʻlsa, biri — qoʻy-qoʻzilarni doʻsti boʻlgan Boʻri” deb kirib keldi.

Yana bir eʼtiborimni tortgani bu — choʻponlarning qalin kiyimi boʻldi. Bu qalin kiyim ularni qishda qahratondan, yozda esa issiqdan saqlar ekan. Qanday deysizmi, jaziramada uni kiyib bir terlagan odam salqingina yurar ekan.

Choʻponning baxti nedir

Choʻponlarning qoʻnalgʻasidan olislay turib, katta shaharlarda internet yarim soatga ishlamasa, TV-kabeli oʻchib qolsa, taksi kechiksa… yuzaga  keladigan betoqatliklar haqida oʻyladim. Inson shularsiz ham yashasa boʻlarkan-u, hayolimdan oʻtdi.

Choʻponlarning ayollari. Ularning yuzida cheksiz sabot, hayot sinovlari izlarini va shu bilan birga, magʻrurlik, oʻziga yarasha baxtiyorlik, cheksiz toqat, kamtarinlik, bardosh namoyon. Ular hecham goʻzallik salonlariga bormaydi, yasama kiprik, tirnoqlar ulamaydi. Dard chekkanda shifokorga murojat etolmaydi, koʻngli tusab “butik” rastalarini aylana olmaydi. U qoʻy boqadi, non yopadi, kir yuvadi, ovqat pishiradi, mehmon kutadi. Hech qachon hech kimga hech nimadan nolimaydi…

Shu asnoda choʻponlarni qumda zar yaratishini, choʻpon boʻlish uchun qoʻyning tuyogʻidan qattiq boʻlishi kerak degan gap nechogʻlik haqiqat ekaniga ishondim.

Shuhrat NORMURODOV


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.