18 +  RSS  E-mail
11:26, 11 03 2020

Jizzax viloyatida “Yosh tadbirkorlar” texnoparklari tashkil etiladi


Davlat va xoʻjalik boshqaruv organlarining markaziy boshqaruv apparatida faoliyat yuritayotgan 849 nafar yoshning atigi 7 nafari falsafa doktori ilmiy darajasiga ega.

Jumladan, Suv xoʻjaligi vazirligida 4, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligida 1, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida 2 nafar falsafa doktori ilmiy darajasiga ega yosh mehnat qilmoqda.

Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan matbuot anjumanida maʼlum qilindi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2019 yil 27 dekabr kuni mamlakatimiz yoshlari bilan videoselektor tarzida oʻtkazilgan majlis bayoni hamda davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash boʻyicha Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil maʼlumot berildi.

Taʼkidlanishicha, davlat va xoʻjalik boshqaruv organlarining markaziy boshqaruv apparatida faoliyat yuritayotgan 849 nafar yoshdan 121 nafari masʼul lavozimlarni egallagan. Bu borada eng yuqori koʻrsatkich Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida 47,3 foizni tashkil etadi. Biroq, Sogʻliqni saqlash hamda Tashqi ishlar vazirliklarida masʼul lavozimlarda ishlayotgan yoshlar yoʻqligi kuzatilgan.

— Davlatimiz rahbari 2019 yil 27 dekabr kuni mamlakatimiz yoshlari bilan uchrashuvida jamgʻarma faoliyati samaradorligini oshirish va strategiyasini belgilash boʻyicha aniq vazifalarni belgilab bergan edi, — dedi Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisining birinchi oʻrinbosari — “Yoshlar — kelajagimiz” jamgʻarmasi ijrochi direktori X.Sattorov. — Shundan kelib chiqqan holda joriy yilda jami 3 ming loyihaga 600 milliard soʻm imtiyozli kredit ajratish hamda ushbu mablagʻ evaziga 17 ming yangi ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan. Yosh tadbirkorlarga qulay sharoitlar yaratish va ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash uchun zarur uskuna va texnikalar toʻgʻridan-toʻgʻri lizing asosida yetkazib beriladi. Startap loyihalarga banklar tomonidan ajratilgan kreditlarga kompensatsiya berish amaliyoti joriy etiladi. Tajriba-sinov tariqasida Jizzax viloyatining Doʻstlik, Sharof Rashidov va Zomin tumanlarida ilmiy-texnologik va innovatsion tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida “Yosh tadbirkorlar” texnoparklari tashkil etiladi. Texnoparkdagi joylar yosh tadbirkorlarga qulay sharoitlar asosida ijaraga berilib, 5 yil mobaynida ushbu joylarni oʻzlariga qoldirish boʻyicha amaliyot joriy etiladi.

Jizzax viloyati hokimligi axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.