18 +  RSS  E-mail
11:10, 06 03 2020

Buxorolik ixtirochi ayol oqova suvni tozalashning samarador usulini yaratdi


Buxoro davlat universiteti oʻqituvchisi, kimyogar olima Matluba Amonova boʻyash va pardozlash korxonalarida hosil boʻladigan oqova suvni tozalash jarayonini takomillashtirish imkonini beradigan samarador usulni yaratdi.

— Maʼlumki, sobiq ittifoq davrida respublikamizda yetishtirilayotgan paxta tolasining bor-yoʻgʻi 10-15 foizi qayta ishlanardi, — deydi M. Amonova.           

— Mustaqillikka erishilgandan soʻng, ayniqsa soʻnggi besh yillikda yetishtirilayotgan tolaning 65-70 foizi qayta ishlanmokda. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, 2021 yilga borib xom ashyoning yuz foizini yarim fabrikat yoki tayyor mahsulot sifatida ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Bilamizki, paxta tolasi asosida tayyor mahsulot olish va pardozlash jarayonlarida katta miqdorda suv sarfi kuzatiladi. Raqamlar tili bilan aytganda, 1 tonna tayyor mahsulot ishlab chiqarish uchun 250-300 tonnagacha suv sarflanadi.

Kalava ipni ohorlash, uni yuvish, oqartirish va matoga gul bosish va undan keyin matoni turli eritmalar bilan yuvish natijasida juda katta miqdorda muallaq zarrachalar, ohor, SFM, boʻyoqlar, organik va noorganik moddalar paydo boʻladi va ular suvning oʻta ifloslanishiga olib keladi. Bu esa ekologiyaga juda katta zarar keltiradi. Shu sababli, ushbu sohadagi oqova suvlarni kimyoviy usulda tozalash shu kecha kunduzning dolzarb masalalaridan biridir.

Anʼanaviy usulda asosan faollangan koʻmir, sul’fat kislota va alyuminiy sul’fatdan foydalaniladi. Ammo aktivlangan koʻmir tannarxining yuqoriligi oqova suvni tozalash xarajatining keskin oshishiga sabab boʻlmoqda. Tadqiqotchi tomonidan taklif etilayotgan tozalovchi kompozitsion tarkibi esa mahalliy xom ashyolarga asoslangan. Arzon va samarali. U sinovdan oʻtkazilganida toʻqimachilik korxonalari oqova suvini tozalash samaradorligi 97 foizgacha ortgani kuzatildi.

Tadqiqot natijalarining ilmiy ahamiyati shundan iboratki, oqova suvlarni bentonit, alyuminiy sul’fat, natriy gidrosul’fit va poliakrilamid asosidagi “sorbent — koagulyant — flokulyant” sistemasi bilan tozalashning nazariy asoslarini yaratish uchun ilmiy poydevor yaratildi. Tozalovchi ingridiyent sifatida Navbahor konining bentoniti, flokulyant sifatida poliakrilamid, natriy bisul’fit va alyuminiy sul’fat qoʻllanildi. Shu usul bitta toʻqimachilik fabrikasida 97 million soʻmdan ziyod yillik iqtisodiy samaradorlikka erishish imkonini beradi.

— Bir tonna oqova suvni tozalashda anʼanaviy kompozitsiya sarfi 6 kilogrammni, pulga chaqqanda 7665 soʻmni tashkil etadi,- deydi tadqiqotchi Matluba Amonova. — Biz taklif etayotgan kompozitsion absorbentning sarfi esa mos ravishda 8,25 kilogramm va 5899 soʻmdir. Binobarin, deylik, “TSK”korxonasi bir yilda oʻrtacha 55000 tonna mahsulot, yaʼni mato ishlab chiqarsa, biz taklif etayotgan kompozitlarni qoʻllash evaziga 97,1 million soʻm foyda oladi.

Yangi usulning samaradorligini u qoʻllab koʻrilgan masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “TSK”qoʻshma korxonasi, “Imidj tekstil” masʼuliyati cheklangan jamiyati maʼmuriyatlari tomonidan tuzilgan dalolatnomalar ham tasdiqlaydi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining 2019 yil 11 apreldagi 03-02/3-1945-sonli maʼlumotnomasi ham olingan.

Aytmoqchi, izlanuvchan olima yaqinda “Oʻzbekiston ayollarining 100 ta eng yaxshi innovatsion loyihasi” III Respublika tanlovida ushbu kashfiyoti bilan qatnashib,“Eng samarali innovatsion loyiha (fan va texnikaning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha)” nominatsiyasi boʻyicha gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.

Istam IBROHIMOV


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.