18 +  RSS  E-mail
10:45, 04 03 2020

Yangi oʻquv yilidan boshlangʻich sinflar uchun oʻquv soati 10,5 soatga qisqartiriladi


Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan umumiy oʻrta taʼlim maktablari uchun 2020-2021 oʻquv yiliga moʻljallangan tayanch oʻquv rejasi tasdiqlandi.

Taʼkidlash joiz, hozirda xalq taʼlimi vazirligi tomonidan ilgʻor xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqqan holda davlat taʼlim standartlari, oʻquv dasturlari va oʻquv adabiyotlari mazmuniga bosqichma-bosqich oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish yoʻnalishida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, PISA (The Programme for International Student Assessment) xalqaro baholash dasturida oʻquvchilarning savodxonlik darajalarini aniqlashda komp’yuter simulyatsiyali interfaol topshiriqlardan foydalanish va barcha sinovlarni komp’yuter texnikasi yordamida amalga oshirish ham nazarda tutilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya shifokori tomonidan 2018 yil 27 aprelda tasdiqlangan Sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarida 1-4-sinf oʻquvchilarining haftalik oʻquv soati jami 88 soat etib belgilangan. Amalda bu 98,5 soatni tashkil etib, belgilangan meʼyordan 10,5 soat oshib ketgan. Shu sababli, boshlangʻich sinflarning oʻquv soati Sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiqlashtirildi.

Endilikda asosiy eʼtibor fanlarga ajratilgan soatlarga emas, balki ulardan samarali foydalangan holda sifatli taʼlim berishga qaratiladi.

Shundan kelib chiqib, yana qator oʻzgartirishlar amalga oshirildi:

“Tarbiya” fani

“Milliy gʻoya”, “Odobnoma”, “Dinlar tarixi”, “Vatan tuygʻusi” fanlarini birlashtirilib, yagona “Tarbiya” fani joriy qilindi.

2020-2021 oʻquv yilidan boshlab 1-11-sinflarida “Tarbiya” faniga 1 soatdan ajratilmoqda.

“Ona tili va adabiyoti” fani

Oʻzbekiston umumtaʼlim maktablarida ona tili va adabiyot fanining oʻquv dasturlari xorijiy tajribalar asosida oʻquvchilarda tinglab tushunish, oʻqib tushunish, yozish va ogʻzaki nutq koʻnikmalarini shakllantirish hamda rivojlantirishga yoʻnaltirilgan holda takomillashtirildi.

2020-2021 oʻquv yiliga moʻljallangan tayanch oʻquv rejada ona tili va adabiyot fanini haftada 57 soat, yillik jami 1938 soat oʻqitilishi belgilangan.

Oʻquv dasturlarni chuqur tahlil qilish natijasida muomalada ishlatilmaydigan qoidalar, murakkab grammatikaga oid, oliy maʼlumotli filolog mutaxassisini tayyorlashga yoʻnaltirilgan mavzular oʻquv dasturlaridan qisqartirildi.

Xususan, 5-sinfda ona tili va adabiyoti fanidan 30 ta mavzu, 6-sinfdan 17 ta mavzu chiqarib tashlandi. Shuningdek, 5-sinfdagi 40 ta mavzu, 6-sinfda 23 ta mavzu yuqori sinflarga oʻtkazildi.

Aslida oʻquvchilarga biror bilimni oʻrgatish unga ajratilgan soatda emas, balki uni oʻrgatish metodikasiga bogʻliq. Masalan, ayrim oʻqituvchilar bitta mavzuni soatlab oʻquvchilarga tushuntiradi, lekin oʻquvchilar bu mavzuni yetarlicha tushunmaydi. Bu borada tajribali oʻqituvchi esa oʻsha mavzuni 10-15 minutda qiziqarli tarzda oʻquvchilarga tushuntiradi. Shunday ekan, fanga ajratilgan soatga emas, balki uni oʻqitish metodikasini kuchaytirish zarur boʻladi.

“Ona tili” darsliklarini tahlil qilish natijasida keraksiz, til malakasi uchun “ishlamaydigan” juda koʻp mavzular chiqarib tashlandi.

“Matematika” fani

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasi hamda 2020 yil 31 yanvar kuni matematika, kimyo, biologiya va geologiya ilm-fanini rivojlantishga bagʻishlangan yigʻilishida ilm-fan sohasida islohotlarni tizimli tashkil etish maqsadida va yurtimizda azaldan rivojlangan ilmiy maktablar, hozirgi bosqichdagi milliy manfaatlarimiz va taraqqiyotimiz yoʻnalishlaridan kelib chiqqan holda ilm-fanning ustuvor yoʻnalishlari sifatida matematika, kimyo, biologiya va geologiya sohalari belgilandi.

Shuningdek, oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga mos test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasiga “Matematika” fani majburiy fan sifatida kiritildi.

Shu sababli, oʻquvchilarga matematika fanini chuqurroq oʻrgatish maqsadida 10-sinfda “Algebra” faniga haftasiga 1 soat qoʻshib berildi va ushbu fanning haftalik oʻquv soati miqdori 3 soatga keltirildi.

“Informatika va axborot texnologiyalari” fani

Joriy yilda mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha tub burilish qilish, bu soha uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, shuningdek, taʼlimning barcha bosqichlarida xalqaro andozalarga toʻliq javob beradigan axborot texnologiyalari joriy etilishi rejalashtirilgan.

Shundan kelib chiqib, 5-6-sinflarda “Informatika va axborot texnologiyalari” faniga haftasiga 0,5 soatdan qoʻshib berildi va ularning haftalik oʻquv soatlari miqdori 1 soatga keltirildi.

“Kimyo” va “Biologiya” fanlari

Oʻquvchilarga STEAM taʼlimi yoʻnalishidagi fanlarni chuqurroq oʻrgatish maqsadida 10-11-sinflarda “Kimyo” va “Biologiya” fanlariga 1 soatdan qoʻshib berildi va ularning haftalik oʻquv soatlari miqdori 3 soatga keltirildi.

“Geografiya va iqtisodiyot” fani

Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasining 8-bandida “Bir-biri bilan uzviy bogʻliq boʻlmagan fanlar asosida tuzilgan oʻquv dasturidan bosqichma-bosqich voz kechish va oʻquv fanlari sonini optimallashtirish” vazifasi belgilangan.

Shu munosabat bilan, “Geografiya”, “Iqtisodiy bilim asoslari”, “Tadbirkorlik asoslari” fanlarini birlashtirgan holda, yagona “Geografiya va iqtisodiyot” fani kiritildi. Bu orqali oʻquvchilarning moliyaviy savodxonligini oshirish va Xalqaro baholash dasturlari boʻyicha xalqaro tadqiqotlarda Oʻzbekiston Respublikasining muvaffaqiyatli ishtirok etishiga tayyorgarlik koʻrish maqsad qilingan.

“Jismoniy tarbiya” fani

Shu sababli, 1-4-sinflarda “Jismoniy tarbiya” fanining haftalik oʻquv yuklamasi 1 soatdan belgilandi.

“Chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik” fani

Oʻrganish natijalarida ilgʻor xorijiy (Angliya, Germaniya, Finlyandiya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Estoniya kabi) davlatlarda mazkur fan oʻtilmasligi aniqlandi. Shuningdek, “Chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik” fani oʻqituvchisi “Jismoniy tarbiya” fani oʻqituvchisi bilan hamkorlikda oʻquvchilar oʻrtasida turli sport musobaqalarini oʻtkazadi.

Shu sababli, 10-11-sinflarda “Chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik” fanining haftalik oʻquv yuklamasi 1 soatdan belgilandi.

Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.