18 +  RSS  E-mail
10:43, 04 03 2020

Odamlarni eshita bilsang


Uzoq va chekka hududlarda aholini qiynab kelayotgan dolzarb muammolarni aniqlash, ularni bartaraf etish choralarini koʻrish maqsadida Fargʻona viloyati hokimi Shuhrat Gʻaniyev Quva tumanining Soʻfi qishlogʻida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari boʻyicha ommaviy sayyor qabul oʻtkazdi.

Unda viloyatning barcha boshqarma va tashkilot rahbarlari, prokuratura, IIB va sud organlari hamda tuman sektor rahbarlari ishtirok etdilar.

Qabul davomida “Bolalik” MFYda yashovchi Umarova Xolida va Akbarov Jahongirlarning bogʻdorchilik uchun yer masalasidagi murojaatlari joyida koʻrib chiqilib, ularga qonuniy tushuntirishlar berildi.

“Namuna” MFY Yuldasheva Kibriyoxon, Chirmonch qishlogʻilik Mamaraimova Muxlisaxon, Soimov Sardor kabi bir necha yoshlar ishga joylashtirildi. 

 “Oqqoʻrgʻon” MFYda yashovchi Eraliyeva Namunaning suv qudugʻi chiqarish, “Dexqonobod” MFY, “Qoʻriq” qishlogʻi 39-uyda yashovchi Sapayeva Xadichaning birinchi guruh nogiron farzandini davolatish uchun moddiy yordam berish, Fargʻona koʻchasi 28/14-uyda yashovchi Axunova Latifaning mahallani “Obod qishloq” dasturi asosida taʼmirlash, “Mingchinor” mahallasi 6-uyda yashovchi Taylakova Nilufarning koʻp qavatli uy egalari tomonidan noqonuniy qurilishlar masalasidagi va boshqa qator murojaatlarini ijobiy hal etish choralari koʻrildi.

“Novkent” MFY da yashovchi X.D. birinchi oilasidan farzand koʻrmay ajrashgan, keyin esa ayoli vafot etgan X.O.ga turmushga chiqqan edi. X.O.ning birinchi oilasidan uch farzandi boʻlib, yangi oilasidan ikki farzand dunyoga kelgan. Lekin … X.D. turmush oʻrtogʻining farzandlari bilan murosada yashay olmadi. U uyini tashlab chiqib ketishga majbur boʻldi. Qabulga kelgach oʻzi va ikki nafar farzandi bilan yashashi uchun uy soʻradi.

Viloyat hokimi bu kabi muammolarni agar mahalliy rahbarlar oʻz vaqtida quloq tutib, tinglay olganlarida hatto oila barbod boʻlmasdi, dedi va “Novkent” MFYga viloyat hokimi oʻrinbosari — mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash viloyat boshqarmasi boshligʻi Saidmurod Amindjanovni masalani joyida, oila aʼzolari, qoʻni-qoʻshnilar ishtirokida oʻrganish va yechim topish uchun yubordi. Uzoq muloqot va tushuntirish ishlaridan soʻng D.X. ga Quvada qurilayotgan arzon uy-joylardan ajratiladigan, uning dastlabki toʻlovini esa X.O. toʻlab beradigan boʻldi.

Viloyat hokimining sayyor qabulida tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish, kredit olish, obodonchilikni taʼminlash kabi yana koʻplab masalalarda murojaatlar boʻldi.   

Bunday tadbirlar fuqarolarning roziligini taʼminlash va aholining davlat idoralariga boʻlgan ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

“Nayman” MFYda yashovchi Moʻydinov Tilavoldi va “Xonobod” MFY Bozor boshi koʻchasi 7-uyda yashovchi Xatamov Dilshodlar esa viloyatimizda aholi farovonligini oshirish va ularga yaratilayotgan shart-sharoitlar uchun mamlakat Prezidentiga oʻz minnnatdorchiliklarini bildirdilar.

Fargʻona viloyati hokimligi axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.