18 +  RSS  E-mail
10:04, 27 02 2020

AQSh kompaniyasi Peshkoʻ tumaniga investitsiya kiritmoqchi


Amerika Qoʻshma Shtatlarining koʻp tarmoqli ishlab chiqarish kompaniyalaridan biri “Trigon International Inc” kompaniyasi boshqaruvi raisi Djank Tunjay rahbarligidagi delegatsiya shu yil 24-25 fevral kunlari mamlakatimizga tashrifi chogʻida Peshkoʻ tumanida davlat xususiy sherikchiligi asosida bir nechta loyihani amalga oshirish taklifini bildirishgan. Shu maqsadda Djank Tunjay janoblari poytaxtimizda bir qator vazirlik va idoralarda boʻlib, muzokaralarda ishtirok etdi.

Tashrifning dastlabki kuni Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi hamda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi mutasaddilari bilan uchrashib, muloqotga kirishgan Djank Tunjay janoblari Peshkoʻ tumanida 200 MVt quvvatga ega quyosh yoki shamol elektr stantsiyasini qurib, ishga tushirish taklifini bildirdi. Respublika Sogʻliqni saqlash vazirligining Davlat-xususiy sheriklik va tibbiy turizmni rivojlantirish bosh boshqarmasi boshligʻi Kamolxoʻja Eshnazarov hamda respublika Energetika vazirligi boshqarma boshligʻi Akmal Abbosovlar ilgari surilgan tashabbus yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirib, jahon tajribasi haqida oʻrtoqlashdilar.

Shuningdek, hududda turizmga qaratilayotgan eʼtibor, xususan, ulugʻ mutafakkir, tibbiyot ilmi asoschisi Abu Ali ibn Sino tugʻilib, voyaga yetgan zaminga jahon jamoatchiligi eʼtibori oshib borayotganini inobatga olgan holda uning infratuzilmasini yanada yaxshilash maqsadida viloyat markazidan 50 kilometr masofada joylashgan Peshkoʻ tumani markaziga qadar boʻlgan yoʻlda zamonaviy tezyurar osma transport tarmogʻini barpo etish, qadim vohaga tashrif buyuradigan mehmonlar uchun ham eksklyuziv sayohat uyushtirish, qolaversa, Afshona qishlogʻida “Avitsenna” xalqaro turizm zonasini barpo etish kabi tashabbuslar ilgari surildi.

Tashrifning ikkinchi kunida respublika Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi direktori Gʻolib Xoljigitov hamda respublika Sogʻliqni saqlash vazirligining mutasaddilari xorij davlati nufuzli kompaniyasi rahbariyati bilan muzokara olib bordilar. Bu muloqotlar Abu Ali ibn Sino tavallud topgan Afshona qishlogʻida barpo etiladigan “Avitsenna” xalqaro tibbiyot markazi va turizm zonasini davlat-xususiy sheriklik loyihasi muhokamasi xususida boʻldi. Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirining Davlat-xususiy sherikligi boʻyicha maslahatchisi Yerk Ozbelge davlat-xususiy sheriklik loyihalarining jahon amaliyotidagi oʻrni va Oʻzbekistonda qoʻllash metodlari xususidagi fikr-mulohazalarini bildirdi.

“Trigon International Inc” kompaniyasi boshqaruv raisi Djank Tunjay janoblari AQShning Florida shtati, Mayami shahrida joylashgan Florida xalqaro universitetining Maslahat Kengashi aʼzosi hamdir. Shu nuqtai nazardan, martabali mehmon ikki kunlik rasmiy tashrifi yakunida mazkur oliy taʼlim dargohining filialini aynan Peshkoʻ tumanida ham ochishga tayyor ekanligini bildirdi. Ayni paytda katta salohiyatga ega investor tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslar respublikamiz vazirlik va idoralarida atroflicha oʻrganilmoqda.

Umuman, yurtimizga amalga oshirgan rasmiy safari samarali va bir-birini tushunish asnosida kechganidan mamnun holda “Trigon International Inc” kompaniyasi boshqaruvi raisi Djank Tunjay janoblari mamlakatimiz hukumati mutasaddilariga oʻz minnatdorligini izhor qildi. Albatta, ikki tomonlama manfaatli hamkorlik loyihalari kelgusida oʻz natijalarini berishiga ishonch bildirdi.

Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.