18 +  RSS  E-mail
13:50, 26 02 2020

Navoiyda ilk bor buyrak koʻchirish operatsiyasi oʻtkazildi


Navoiy viloyat hokimligi va viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi tashabbusi bilan viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazida ilk bor ikki nafar bemorda buyrak koʻchirib oʻtkazish operatsiyasi amalga oshirilgan edi.

Buning uchun  barcha imkoniyat va shart-sharoitlar yaratilib, bir guruh mutaxassislar chet el klinikalarida malaka oshirdi. Tibbiyot markazida ushbu murakkab operatsiyalarni oʻtkazish uchun qoʻshimcha oʻrin joylari yaratildi va zaruriy moddiy texnik baza yanada takomillashtirildi.

Markaz bosh vrachi M.Axmedov rahbarligida urolog-transplantolog A.Shodiyev, qon tomir jarrohi A.Safarov, nefrolog Sh.Muxammadiyevlardan iborat shifokorlar tomonidan bemorlar operatsiyaga tayyorlandi. Buyrak koʻchirish amaliyoti akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan jarrohlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazining yetuk transplantolog mutaxassislari prof. Fazliddin Bahriddinov va ilmiy xodimlar Zohidjon Matkarimov, Il’yas Ablyalimov, Azamat Suyumovlar bilan birgalikda muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

Jarayonda Surxondaryo viloyati Angor tumanida yashovchi 49 yoshli Dilorom Shodiyeva farzandi 21 yoshli Aliyev Sirojiddinga hamda Nurota tumanida yashovchi 27 yoshli Toʻxtayev Abbos otasi 58 yoshli Baxtiyor aka Nazarovga donorlik qilib, oʻz buyragini hadya etdi.

Maʼlumot tariqasida qayd etish lozimki, bugungi kunda viloyatda 75 nafar bemor surunkali buyrak yetishmovchiligi sababli rejali gemodializ seansini olib keladi va tibbiy nuqtai nazardan ushbu bemorlarning barchasi buyrak koʻchirib oʻtkazishga muhtoj.

Endilikda bu jarayon yanada rivojlantirilib, bu kabi murakkab texnologik operatsiyalarni oʻtkazilishi viloyatimiz tibbiyoti rivojlanishi va aholi salomatligi uchun hissa qoʻshadi.

Viloyat hokimi K.Tursunov ham jarayonlarni kuzatar ekan, bemorlar holidan xabar oldi.

Navoiy viloyati hokimligi axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.