18 +  RSS  E-mail
10:29, 25 02 2020

Komp’yuterdan foydalanayotganingizda Al-Xorazmiyni eslab qoʻying


XXI asrda ilm-fan, texnika, tibbiyot, astronomiya, aerodinamika kabi koʻplab sohalar jadal rivojlanmoqda.

Bugun komp’yuter, televizor, telefon (smartfon) kabi zamonaviy texnikalardan keng koʻlamda foydalanish imkoniyatiga egamiz. Ilmiy tadqiqotlar, yangi texnologiyalar, tibbiyot sohasidagi, koinotni oʻrganish kabi turli yoʻnalishlardagi hozirgi davrdagi kashfiyotlar birinchi navbatda, Gʻarb va Sharqiy Osiyo mamlakatlari (Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy) tomonidan amalga oshirilayotganiga koʻnikib ham qoldik.

Bugun biz yuqorida keltirilgan ilm-fan taraqqiyoti asoschilari boʻlgan islom olimlari toʻgʻrisida toʻxtalib oʻtamiz. Zero ularning dunyo tamadduni oldidagi xizmatlari beqiyos.

Al-Xorazmiy (783-850 yillar) mubolagʻasiz algebra fanining asoschisi deb yuritiladi. Aynan u ilk marotaba nol (0) raqamini ishlatgan. Buyuk ajdodimiz algoritmlar nazariyasini ishlab chiqqan. Biz har kuni turli amallarni bajaradigan komp’yuter va smartfonlar aynan Al-Xorazmiy ishlab chiqqan algoritmlar nazariyasi tamoyillari asosida ishlaydi. “Algebra” (Al jabr) va “Algoritm” atamalari ham Al-Xorazmiy nomi bilan bevosita bogʻliq. “Algoritm” atamasi, dastlab lotincha “Dixit Algorizmi” maʼnosida keltirilgan. Keyinchalik “Dixit” muomaladan chiqib ketgan va “Algorizmi” iborasining oʻzi qolgan. Vaqt oʻtishi bilan “Algorizmi” iborasi “Algoritm” atamasiga aylangan.

Al-Xorazmiy tadqiqotlari arab tilidan lotin tiliga, soʻng Yevropaning boshqa tillariga tarjima qilingan va ilm-fan rivoji yoʻlida keng qoʻllanilgan.

Ibn Fernanas

Ilk bora osmonga parvoz qilgan inson, andalusiyalik (Ispaniya) Ibn Firnanas boʻlgan. U 880 yilda uchar uskuna ixtiro qilgan. Ibn Fernanas uskunasi qattiq mato va qushlarning patidan yasalgan boʻlib, uning yordamida insoniyat tarixida ilk bor koʻkka parvoz amalga oshirilgan. Maʼlum vaqt davom etgan parvozdan soʻng Fernanas yerga qaytib qoʻngan.

Al-Fargʻoniy (798-861 yillar)

Yana bir buyuk ajdodimiz Al-Fargʻoniy birinchi boʻlib Yerning shakli yumaloq ekanligini, yilda eng uzun va eng kalta kunlar borligini va ular 22 iyun va 23 dekabrga toʻgʻri kelishini matematik tadqiqotlari asosida isbotlab berdi. Shuningdek, u quyoshning yuzida qora dogʻlar borligini aniqlagan va 832 yilda quyosh tutilishini aniq (ilmiy) bashorat qila olgan. Qomusiy olim Al-Fargʻoniy tomonidan yozib qoldirilgan ilmiy ishlar, insoniyat tomonidan 700 yildan ortiqroq vaqt mobaynida ilmiy qoʻllanma sifatida foydalanib kelingan.

Al-Forobiy (873-950 yillar)

Yunon falsafasini chuqur bilgani, unga sharhlar bitganligi va jahonga targʻib qilgani hamda zamonasining yetuk olimi boʻlib, fanlar rivojiga ulkan hissa qoʻshgani uchun Al-Forobiy “Muallim as-soniy” (“Ikkinchi muallim”, Aristoteldan keyin), “Sharq Aristoteli” nomlariga sazovor boʻlgan. Oʻzbekiston zaminida dunyoga kelgan buyuk qomusiy olim, ilk oʻrta asrda, Sharq uygʻonishi davrida ijod qildi.

Forobiy asarlari arabchadan Yevropa tillariga tarjima qilinib, Aristotel taʼlimotini dunyo olimlari uchun keng koʻlamda ochib berdi. Yevropa oʻrta asr davrida yoʻq qilingan, qadimiy yunonda bitilgan asarlar Forobiyning bitiklari tufayli Yevropa oʻygʻonish davrida qayta tiklandi va oʻrganildi.

Aka-uka Muhammad Ahmad va al-Hasan ibn Musolar (IX asr)

Ular arab xalifaligining yetuk olimlari boʻlishgan. Ular geometriya, astronomiya va mexanika sohalarida izlanishlar olib borganlar. Ularning ixitrolari orasida favvora, mexanik soat va ichimlik quyishga moʻljallangan uskunalar mavjud. Aka-ukalar, choy uzatishga moslashtirilgan dastlabki robot-avtomatni ixtiro qilishgan. Ularning ixtirolari asosida ovozni tasmaga yozib olish asoslari yaratilgan. Ogʻa-inilar kashf etgan uskunalar oʻrta asr muhandisligining eng yuqori choʻqqisi hisoblanadi.

Az-Zaxravi (Al’bukasis, 936-1013 yillar)

Oʻrta asrning yetuk jarrohi. U tibbiyot sohasiga hissa qoʻshgan. Az-Zaxravi tibbiyotga koʻz kataraktasini jarrohlik yoʻli bilan olib tashlash amaliyotini kiritgan. Katarakta atamasi ham aynan Az-Zaxraviga tegishli. Shu bilan birga, Zaxravi 150 dan ortiq jarrohlik uskunalarining muallifi hisoblanadi. U yozgan ilmiy asarlar Yevropa davlatlari jarrohlari tomonidan besh asrdan ortiq vaqt davomida asosiy qoʻllanma sifatida foydalanilgan.

Abu Rayhon Beruniy (973-1048 yillar)

Tarix, geografiya, filologiya, astronomiya, matematika, mexanika, geodeziya, minerologiya, farmokologiya, geologiya va boshqa sohalarda keng koʻlamda izlanishlar olib borgan qomusiy olim.

Beruniy oʻzi kashf qilgan qiymatlar boʻyicha oʻziga xos usul bilan Yer kurrasi radiusining uzunligi 12803337.036 gaz (6315.886 kilometr)ga teng ekanligini hisoblab chiqqan. Keltirilgan raqamlar zamonaviy texnologiyalar asosida olingan qiymatdan juda kam farq qiladi, yaʼni xatolik radius uzunligining 0,9 foizini tashkil etadi. Bundan tashqari, Beruniy 320001 ga teng kenglikdagi (Pokistonning Nandna qoʻrgʻoni kengligi) bir gradus meridian yoyning uzunligi 223550.329 gaz yoki 110.277 kilometr ekanini hisoblab chiqadi.

Keltirilgan ushbu raqamni ham zamonaviy texnologiyalar bilan aniqlangan bir yoyning qiymati 110.885 kilometr ekanligi bilan taqqoslanganda, bundan ming yil ilgari Beruniy bir gradus yoy uzunligini hisoblashda atigi 618 metr xatolikka yoʻl qoʻygani maʼlum boʻladi.

Buyuk ajdodimiz tomonidan ishlab chiqilgan Yer kurrasi maydonini hisoblash nazariyasi Yevropa davlatlarida “Beruniy qonuni” deb ataladi.

Ibn al-Xaysam (965-1039 yillar)

Optika asoschisi. U shishadan ikki tomonlama boʻrtib chiqqan linza yasadi va keksa insonlarga kitob oʻqiyotgan vaqtda ushbu linzadan foydalanishni tavsiya qildi. Bu koʻzoynakning birinchi namunasi edi. U tomonidan yozilgan “Kitab al-Manazir” (“Optika toʻgʻrisida risola”) kitobi Yevropa va Sharq mamlakatlari uchun optika sohasida 600 yil davomida asosiy qoʻllanma vazifasini bajardi.

Abu Ali Ibn Sino (980-1037 yillar)

Oʻrta asr Sharqining eng yirik qomusiy olimlaridan biri. Qadimiy tabobat ilmida misli koʻrilmagan yutuqqa erishgan va tibbiyot rivojiga Ibn Sinochalik hissa qoʻshgan olim boʻlmasa kerak. Ibn Sino oʻzining “Tib qonunlari” (“Kitab al-Qonun fi-t-tib”) kitobida ilk marta kasalliklarni koʻzga koʻrinmas organizmlar keltirib chiqarishi haqida bayon etgan.

“Meditsina” atamasi Ibn Sino nomi bilan bogʻliq, yaʼni “Madadi Sino” (Sinodan madad) iborasidan olingan.

Oradan 500 yil oʻtib, uning ilmiy ishlarini Leonardo da Vinchi kabi Yevropaning buyuk olimlari oʻrgangan va amalda qoʻllagan. “Tib qonunlari” asaridan Bryussel universitetida 1909 yilgacha foydalanilgan.

Mirzo Ulugʻbek (1394-1449 yillar)

Buyuk astronom va matematik, oʻz davrining atoqli allomasi, Movarounnahr hukmdori va Amir Temur nabirasi. Oʻrta asr davrining eng yetuk astronom olimi. Ulugʻbek Samarqandda oʻz davrining eng zamonaviy rasadxonasini qurdirgan. Buyuk astronom Ulugʻbek rahbarligi va ishtirokida “Ziji Koʻragoniy”, “Ulugʻbekning yulduzlar jadvali” asarlari yozilgan. Samarqand rasadxonasida 1018 ta yulduzlar joylashuvi aql bovar qilmas aniqlikda belgilangan. Ulugʻbek 1437 yilda astronomik yil uzunligini aniqlaydi: 365 kun 6 soat 10 daqiqa 8 soniya. Zamonaviy texnologiyalar astronomning +58 soniyaga adashganini koʻrsatdi.

Ulugʻbek rahbarligida yozilgan ilmiy asarlar uzoq yillar davomida Yevropa observatoriyalarida qoʻllanma vazifasini bajarib kelgan. U tuzgan jadvallar oʻta aniqlikda yozilgan boʻlib, hozirgi kunda ham zamonaviy texnologiyalar yordamida olingan maʼlumotlardan atigi bir necha soniya farq qiladi.

Abbos Vasim Efendi (1689-1760 yillar)

Turkiyalik astronom, shifokor va shoir. U birinchi boʻlib sil xastaligi mikrobini aniqlagan.

Bekzod MUSURMONOV


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.