18 +  RSS  E-mail
12:24, 24 02 2020

Piyodalar yoʻlaklarida tashqi reklama obʼektlarini oʻrnatish taqiqlanadi


“Tashqi reklama bozorini tartibga solish toʻgʻrisida”gi Hukumat qarori (104-son, 20.02.2020 y.) qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, yer uchastkalaridagi tashqi reklama obʼektlari uchun 10 yil muddatga, davlat mulki boʻlgan bino va inshootlardagi tashqi reklama obʼektlari uchun 5 yil muddatga DXMlar orqali reklama joylari pasportlarini berish bir martalik yigʻim summasini toʻlash orqali amalga oshiriladi.

Yer uchastkasiga oʻrnatilgan video ekranli tashqi reklama obʼektlari uchun koʻrsatilgan muddat qoʻshimcha 10 yil muddatga uzaytiriladi.

Hozirga qadar qonuniy oʻrnatilgan tashqi reklama obʼektlarini mazkur qaror talablariga moslashtirish uchun 6 oy muddat berildi.

Ushbu muddatda moslashtirilmagan reklama obʼektlari egalari tomonidan ixtiyoriy ravishda oʻz kuchi bilan olib tashlanadi (aks holda bu ish sud tartibida amalga oshiriladi).

2020 yil 1 martdan boshlab Toshkent shahrida tashqi reklamani joylashtirish sohasidagi faoliyatning alohida tartibi joriy qilinadi.

Bunda, tashqi reklama obʼektlarini yer uchastkalarida joylashtirish huquqi (“E-IJRO AUKSION” orqali) faqat yuqori texnologiyali tashqi reklama obʼektlariga beriladi.

Qaror bilan tashqi reklama obʼektlarini oʻrnatish taqiqlangan hududlar belgilandi. Jumladan, trotuar va piyodalar yoʻlaklarida tashqi reklama obʼektlarini oʻrnatish taqiqlanadi.

Qaror bilan tashqi reklama obʼektlarini qurish tartibi, qurish uchun beriladigan yer, bino va inshootlar roʻyxatini shakllantirish, qurish huquqini elektron auktsion orqali berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlar tasdiqlandi.

Samarqand viloyati hokimligi matbuot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.