18 +  RSS  E-mail
12:32, 18 02 2020

800 ming soʻm pora olgan “texnadzor” 3 yilga qamaldi


Bakir Muzaffarov (ism-familiyalar oʻzgartirilgan) Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspektsiyasi Urgut tuman boʻlimida katta inspektor boʻlib ishlardi.

Ishi, maoshi, obroʻsi yaxshi edi. Ammo nafs balosi uni panjara ortiga yetakladi.

Sudda isbotini topgan dalillarga koʻra, voqea shunday kechadi: traktorchi Malik Nosirov qishloq xoʻjalik texnikalarini boshqarish uchun guvohnoma olish maqsadida Urgut tumanida “texnadzor” boʻlib ishlayotgan Bakirga uchrashib, muddaosini aytadi. Bakir unga guvohnomani olish uchun 3 oy oʻquv kurslarda oʻqish lozimligini, lekin u xarajatni koʻtarsa, oʻqimasdan guvohnoma olishi mumkinligini bildiradi.

— Xarajati qancha boʻladi? — deb soʻraydi Malik.

— Ot bilan tuya boʻlarmidi? Atigi 800 ming soʻm, — deydi Bakir.

Malik bunga rozi boʻlgach, Bakir unga 3×4 hajmdagi 2 dona rasm, pasportining nusxasi va 083 — raqamli tibbiyot muassasasidan maʼlumotnoma va kelishilgan pulni olib kelsa, tez kunda tayyorlab berishligini bildiradi. Malik ertasi kuniyoq pul va hujjatlarni keltiradi. Bakir esa oʻn kunda uning “ishi”ni hal qilib berishga vaʼda qilib, inspektsiyaning Urgut tuman boʻlimiga toʻlanishi lozim boʻlgan 152 ming soʻmni bank kassasiga kirim qilib, qolgan pullarni oʻz ehtiyoji uchun ishlatadi. M.Nosirovga esa goʻyoki Samarqand oʻquv kurslari davlat muassasasida oʻqiganligi haqidagi soxta guvohnoma va soxta imtihon yakunlari boʻyicha komissiya dalolatnomasini koʻrsatib, shu asosda olingan “Qishloq xoʻjalik texnikalarini boshqarish uchun guvohnoma”ni beradi.

Bundan xursand boʻlgan M.Nosirov xuddi shu guvohnomadan jiyaniga ham tayyorlab berishni iltimos qiladi.

— Gap boʻlishi mumkin emas. Oʻsha kelishuv: 800 ming soʻm pul, jiyaningizning zarur hujjatlari… — deydi Bakir.

Shundan keyin Malikning xayoliga bu shaxsning noqonuniy harakatlariga chek qoʻyish zarurligi keladi. Uni fosh etishda yordam berishlarini soʻrab, huquqni muhofaza qilish idoralariga ariza bilan murojaat qiladi. Ular koʻmagida Bakir ashyoviy dalillar bilan qoʻlga tushadi…

Sudda B.Muzaffarov qilgan jinoyatini tan olib, oʻz qilmishidan pushaymon ekanligini bildirdi. Ammo jinoyat jazosiz qolmaydi. Sud uni Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 209-moddasi 1- qismi va 210-moddasi 2 — qismi “a” bandi bilan aybli deb topib, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qildi. Yana bir yomon tomoni, jamoasi, mahallasi, qoʻni-qoʻshnilari, yaqinlari, farzandlari oldida yuzi shuvut boʻldi.

Mana sizga nafs balosiga giriftor boʻlishning, qonunga amal qilmaslikning oqibati.

Samarqand viloyati hokimligi matbuot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.