18 +  RSS  E-mail
13:04, 14 02 2020

Yuzingizni yaxshilab tanib olmoqchiman


Teleboshlovchi bir millioner mehmonidan soʻrayapti:

— Hayotingizda sizni eng koʻp nima baxtiyor qilgan?

— Baxtiyorlikning toʻrt bosqichidan oʻtdim va nihoyat chin baxt nimaligini angladim.

Narsa toʻpladim. Koʻpaytirdim. Toʻymadim.

Qimmatbaho narsalarni sotib oldim. Yanada qimmatini, yanada qimmatini. Lekin uning ham mazasi vaqtincha boʻldi, xolos.

Katta-katta loyihalarni sotib oldim. Futbol komandasimi-ey, sayohatchilar uchun oromgohlarmi-ey. Lekin baribir oʻzim koʻzlagan va kutgan baxtga erisholmadim.

Bir doʻstim nogiron bolalar uchun oʻziyurar aravachalar sotib olishga ulush qoʻshishimni soʻradi. Men darhol rozi boʻldim.

Oʻsha doʻstim, sovgʻani bolalarga oʻzing borib, oʻz qoʻling bilan topshirasan, deb oyoq tirab turib oldi. Nochor bordim. Bolalarning xursand boʻlib, aravachalarda u yoqdan bu yoqqa uchib yurganlarini koʻrdim. Ular xuddi bir oʻyingohlarda yurgandek quvnashardi.

Bolalarning quvnaganini koʻrib, oʻzim ham yayrab ketdim.

Shundan keyingi holat esa bu baxtiyorlikni qalbimning ich-ichigacha olib kirdi.

Ketmoqchi boʻlib turganimda bolalardan biri oyogʻimga mahkam osilib oldi. Oyogʻimni beozorgina olmoqchi boʻlsam, u yanada qattiqroq yopishardi. Oʻtkir nigohi yuzimga qadalgan edi. Hayron boʻlib soʻradim:

— Toychogʻim, senga yana biron narsa kerakmi?

Bu begʻubor, begunoh, yuzida chin maʼnodagi baxtiyorlik nishonalari aks etib turgan xilqatning sururbaxsh, umidbaxsh javobiga quloq soling-a:

— Otajon, jannatda sizni uchratganimda Parvardigorimning qoshida sizga minnatdorchilik bildirishim uchun yuzingizni yaxshilab eslab qolmoqchiman.

Dod deb yubordim. Koʻp yigʻladim. Bir tarafdan uning xursandligidan, ikkinchi tarafdan esa oʻzimning baxtiyorligimdan hushimni yoʻqotib, yerga qulay dedim…

Yo Alloh! Men qanday hayot kechirdim? Nimalar qildim? Oʻyin-kulgu, kayfu safo, isrofgarchiliklar… Hamma-hammasi sariq chaqaga arzimaydi. Oʻzim ham baxtli boʻlolmadim, birovni ham baxtli qilolmadim.

Qissadan hissa, yaʼni, olinadigan saboqlar va ibratlar:

Aziz aka-ukam, opa-singlim, baxtli boʻlish juda oson. Baxt bu qisqa qilib aytganda, oʻzgalar qalbiga xursandlik olib kirishdir. Shodlik ulashishning katta-kichigi boʻlmaydi. Uning uchun falon pul sarflash shart emas. Birgina samimiy tabassum ham yetarli boʻlaveradi. Uning moddiy boʻlganidan koʻra, ruhiy-maʼnaviy va axloqiy boʻlgani afzalroq.

Paygʻambar alayhissalom dedilar: “Ulugʻ va Buyuk Alloh uchun amallarning eng yoqimlisi bir musulmon (qalbi)ga shodlik olib kirish, musibatini aritish, och boʻlsa, qornini toʻydirish yoki qarzini toʻlab qoʻyishdir”.

Shunday odam boʻlingki, birovlar siz bilan Allohning oldiga borganda qilgan yaxshiligingiz, marhamatingiz va ehsoningizga yarasha yaxshilik qaytarish uchun koʻrishmoqchi boʻlsinlar.

Birovlar qiyomat kunida zulmingiz, ozoringiz va yomonligingiz tufayli xusumatlashish va qasos olish uchun siz bilan koʻrishmoqchi boʻlishlaridan juda-juda ehtiyot boʻling. Hargiz bunday odamlar safidan joy ola koʻrmang.

Arabchadan Muqim MAHMUD tarjimasi.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.