18 +  RSS  E-mail
12:59, 11 02 2020

Tuya suti saratonga davo


O`zLiDeP faoli Isfandiyor Mamatov Sirdaryo viloyatidagi eng yosh tadbirkorlardan. Uning viloyatning eng chekka hududi Sardoba tumani Istiqlol mahalla fuqarolar yigʻini hududida “CAMELS OF SANJAR” koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligiga asos solganiga hali koʻp vaqt boʻlgani yoʻq. Ammo shunga qaramay u oʻtgan davrdagi faoliyati davomida birmuncha yutuqlarga erisha oldi.

Isfandiyor oʻz faoliyatini dastlab 2018 yilda Qoraqalpogʻistondan 2 bosh tuya olib kelish bilan boshlagandi. Bugungi kunda uning tuyalari soni oʻn boshga yetdi. Ayni kunda uning xoʻjaligi hududida 20 quti asalari boqish yoʻlga qoʻyilib, 20 sotix maydonda baliqchilik xoʻjaligi tashkil etildi.

Isfandiyorning xoʻjaligida tuya boqilayotganidan xabar topgan aholi tuya sutidan bahramand boʻlish niyatida uni izlab kela boshlashdi. Ayniqsa, bunday insonlarning aksariyati respublikamizning uzoq hududlaridan boʻlganligi bois 26 sotix yer olib u oʻz mablagʻi hisobidan 6 xonali bino barpo etdi. Atrofiga manzarali va mevali daraxt ekdi. Tuya suti isteʼmoli uchun keluvchilar uchun imkon qadar sharoit yaratdi. Kelgusida u bu hududni dam olish maskaniga aylantirish niyatida.

Isfandiyor nega aynan tuyachilikka asos solganini esa uning faoliyati bilan tanishish davomida yanayam toʻla tushunib yetdik.

…Dunyoda moʻʼjizalar koʻp. Urgutlik Abror Imomov hayotida ana shunday moʻʼjiza roʻy berdi. U 2012 yilda jigar xastaligiga chalingandi. Oʻtgan yili uning ahvoli ogʻirlashdi. Poytaxtdagi klinikalardan birida bir oydan ziyod vaqt davolanganiga qaramay uning ahvoli sira yaxshilanay demasdi. Shifokorlar harorati tushmayotgan Abrorga uyga ketishga ruxsat berishdi. Odatda shifoxonadan eng ogʻir xastalarga oxirgi onlarini yaqinlari orasida oʻtkazishi uchun javob berib yuborishadi. Sirdaryolik Asqar degan yigit sardobalik tadbirkor Isfandiyorning manzilini unga berar ekan:

Maslahatim, tuya sutidan ham ichib koʻring. Xalq tabobatida tuya suti jigar xastaligiga juda katta naf beradi, deb oʻqigan joyim bor. Hali hech narsa koʻrmagandek boʻlib tuzalib ketasiz, — dedi unga dalda berib.

Tuya suti isteʼmolini boshlagan Abrorning uch kunda isitmasi tushdi. Asta-sekin ishtahasi ochildi. Ancha qaddini tiklab oldi.

Undagi oʻzgarishni koʻrgan opachasi Lola Xolova ham keyingi safar u bilan ergashib keldi. Bir necha yildan buyon koʻkrak sanchigʻidan aziyat chekib kelayotgan Lola bu xastalikdan forigʻ boʻldi. Xolasining oʻgʻli Oʻktamning oyogʻining tomiri tortishishidan qutildi, gijjalardan forigʻ boʻldi.

8-sinf oʻquvchisi Sadoqat Abrorning akasini qizi. Bir necha yildan buyon oshqozoni bezovta qiladigan Sadoqatga ham tuya suti naf berdi.

Abrorning hikoya qilishicha, bundan bir necha yil avval shifokorlar hamqishlogʻi, Uzunsoy mahalla fuqarolar yigʻini raisi Raʼno opaning qiziga oq qon kasali tashxisini qoʻyishgan ekan. Bir oy davomida tuya sutini ichgan qiz bu bedavo darddan forigʻ boʻlgan, shifokorlar qayta tashxis qoʻyganda kasallik alomatlari butunlay yoʻqolib ketganini koʻrib hayron qolishgan ekan.

Manbalarda yozilishicha, tuya suti, pishlogʻi parhezbop taom hisoblanib, u oʻzining shifobaxshlik sifatlari bilan ajralib turadi. Tuya junidan tayyorlangan hunarmandchilik buyumlari bel, oyoq ogʻriqlarida naf qiladi. Tuya suti tarkibidagi aminokislotalar, koʻp miqdordagi temir moddasi kamqonlikda juda yaxshi samara beradi. Sut tarkibidagi fosfor va kal’tsiy miqdori suyaklarga qattiqlik bagʻishlaydi. Shuningdek, sut tarkibida S, D, V guruh vitaminlari, natriy va kaliy tuzlari mavjud.

Tuya sutining kaloriyasi yuqori emas, ammo uning onkologik kasalliklar va leykemiya kasalligida tuya sutining foydasi aniqlangan. Ushbu sutdan sil, yaralar, oshqozon-ichak tizimi kasalliklarida, oshqozon osti bezi, jigar kasalliklarida samarali foydalanilar ekan. Tuya sutini koʻpincha gepatit va jigar tsirroziga buyurishadi. Bu sut jigardagi yalligʻlanishni kamaytiradi. Bemor immunitetini kuchaytiradi. Bu sut V virusli gepatit bilan ogʻriganlarga ham tavsiya etiladi.

Sutni qandli diabet, teri kasalliklarida qoʻllash mumkin boʻlib, u aynan teri elastikligini yaxshilaganligi sababli kosmetologiyada ham keng qoʻllaniladi.

O`zliDeP tadbirkorining ezgu niyati bahavo joyda dam olish maskani faoliyatini kengaytirib, tuyalar sonini oshirish. Bu ezgu ishlarda unga onasi Ibodat aya unga yaqindan koʻmak bermoqda. Tuyalarni sogʻish, mijozlarga qarash ana shu onaxonning vazifasiga yuklangan.

— 7 ta tuya koʻpayish arafasida, — deydi tadbirkor. — Bahorga borib mijozlarga, yaʼni tuya sutini ichish ilinjida kelganlarni tuya suti bilan taʼminlash imkoniyatimiz kengayadi.

Sirdaryo viloyati hokimligi axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.