18 +  RSS  E-mail
13:26, 06 02 2020

Kechikkan baxt


— Axir qizim oʻttiz yoshga kirding. Nima qilibdi avval uylangan boʻlsa? Xotini tugʻruq payti vafot etgan ekan. Shiringina qizchasi bor ekan. Bir martagina uchrashib koʻr? Axir qanchadan-qancha sovchilarni qaytarmading. Bilib olgan gaping shu, erga tegmayman. Agar otang tirik boʻlganda hozir bu kunlarni koʻrarmidim.

Gulnoraning onasi shunday degancha yigʻlay ketdi. Gulnora onasini koʻngilini ogʻritmaslik uchun “mayli oʻylab koʻraman” dedi-da, har kungidek istar-istamas ishga yoʻl oldi. Gulnora avtobus oynasiga boshini qoʻygancha koʻchadagi odamlarni, juft boʻlib yurgan sevishganlarni kuzatar ekan, beixtiyor oʻzining achchiq qismati, bevafo muhabbati Komil, va u bilan oʻtkazgan sevgining shirin onlari koʻz oʻngida jonlanib, dimogʻi achishadi, sogʻinch, alam yoshi quyilib keladi.

Gulnoraning turmushga chiqmasligi, erkaklarga boʻlgan nafratiga ham aslida oʻsha bir vaqtlar borini bagʻishlab sevgani Komil sababchi. Gulnora shaharga oʻqishga borgan ilk yillari Komil bilan tasodifan tanishib qolgan. Gulnora oʻsha vaqtlarda husn-malohatda tengi yoʻq qiz edi. Komil qiz oldiga, oliygohga har kun kelardi.

Gulnora naq bir yil Komilni dil izhorlarini rad etib yurdi. Oʻqishni ikkinchi yili boshlangan ilk kunda Komil qoʻlida bir dasta qizil atirgul bilan Gulnoraning yana qarshisidan chiqdi.

Ahdidan qaytmaydigan bu qaysar yigitga sekin-asta Gulnorani ham ishqi tushib qoldi. Oʻqishning uchinchi yili boshlanganda ular bamisoli Layli Majnun edi. Komil har kun oliygohga kelar, ular baʼzida tun yarmigacha shahar kezishar, Gulnora goʻyoki boshqa olamga tushib qolgandek oʻzini baxtli his qilar, Komilni butun borligʻi bilan sevib qolishga ulgurgandi.

Oʻqishning toʻrtinchi yilining boshlarida Gulnoraning otasi yurak xuruji tufayli toʻsatdan hayotdan koʻz yumdi-yu, Gulnora uchun dunyo tor boʻlib qoldi. Uni suyanchi, ishongan togʻi otasi endi yoʻq edi. U oʻzini himoyasiz his qila boshlagandi. Oʻsha paytlar Komil Gulnoraga yanada yaqin boʻlib qoldi. Shunday kunlarning birida ular yolgʻiz uchrashdilar. Oʻsha kuni Gulnora oʻzini ruhan juda yolgʻiz his qilayotgan edi. Otasini sogʻinib Komilning koʻksiga boshini qoʻyib rosa yigʻladi.

Komil qizni yupatar, sochlarini silar, mahkam bagʻriga bosib, yuz-koʻzlaridan oʻpar, shirin soʻzlar aytib erkalar, umrbod yonida boʻlishga ishontirar, hatto ahloq chegaralarini buzib oʻtardi. Gulnoraga ham Komilning erkalashlari, ahloq chegaralaridan oʻtgan qoʻllari, boʻsalari yoqar, u bu orqali barcha dardlarini unutgandek boʻlardi. Gulnora bu safar oʻzini toʻxtata olmadi…

Oradan chamasi bir soat vaqt oʻtdi. Gulnora qoʻllari bilan yuzini yopib olgancha “sharmanda” deb yigʻlar, Komil esa uni ovutishga urinardi. Komil Gulnoraning oʻqishi tugashi bilan sovchi yuborishga vaʼda berdi. Gulnora ham umrini oxirigacha Komildan boshqasini demaslikka, ikki dunyo bir boʻlsa ham undan voz kechmaslikka ond ichdi.

Gulnora oʻqishni tugatib uyga qaytdi. Oʻsha belgilangan kun keldi. Gulnora oʻz suyuklisining sovchilarini kutardi. Ammo, Komil tarafdan hech kim kelmadi. Oradan biroz vaqt oʻtib Komilning oʻzi keldi-yu, Gulnoraga uylana olmasligini aytdi. Qiz muzladi. Bu gapdan keyin butunlay oʻzini yoʻqotib qoʻydi.

Komil unga sevmasligini ham aytdi. Gulnoraga eng ogʻir botgani ham shu boʻldi. Uning oʻzi Komilni jondan ortiq koʻrardi. Shunchalik sevardiki, hatto bir ogʻiz ham yomon soʻz ayta olmadi. U hammasiga oʻzim aybdorman dedi-yu, jondan ortiq koʻrgani, allaqachon butun hayotiga aylanib ulgurgan insoniga jimgina baxt tilay oldi xolos.

“Sevgi shunchalik kuchga egaki, hech narsa insonni muhabbatchalik baxtiyor eta olmaydi. Sevgi shunchalik kuchga egaki, hech narsa insonni muhabbatchalik baxtsiz eta olmaydi”.

Kecha Gulnoradan baxtiyor inson yoʻq edi, bugun esa undan baxtsizrogʻi. U ancha vaqt oʻziga kela olmadi. Xonasiga qamalib olguncha kunu-tun yigʻlardi. Biroz vaqt oʻtgandan keyin Komilning onasi qattiq betob boʻlganini va unga “boshqa bir qizga uylanmasang rozi emasman” deganini bilgan Gulnora Komilga ham oson boʻlmaganini tushundi. Hatto, uni oqlay boshladi.

“Inson boshqa bir insonni qattiq sevib qolsa, uni eng jirkanch qilmishlarini ham kechirar, uni kimdir qoralasa tinmay oqlashga urinaverar ekan”. Gulnora ham Komilni kechirdi. Biroq unga nisbatan sevgisi kuchaysa-kuchaydiki soʻngani yoʻq. Mana necha yillardan buyon Komilni oʻylamagan bir kuni yoʻq. Ish yuzasidan shaharga borgan kezlari Komilni uchratish, uni bir bor uzoqdan boʻlsada koʻrish uchun shahar kezadi. Ammo, taqdirning koʻngil bilan mutlaqo ishi yoʻq.

Gulnora ishdan qaytganda onasi yigʻlab oʻtirardi. “Onalar shundayki, hatto oʻzing oʻzingga achinmay, oʻz holingga kuyinmay, oʻz ahvolingni oʻylamay qoʻysang ham, onang senga achinaveradi, onang sen uchun kuyinaveradi, onang baxting uchun kurashaveradi”.

— Jon qizim, — Gulnoraning onasi muloyimlik bilan gap boshladi. — U bugun ham keldi. Juda yaxshi yigitga oʻxshaydi. Oʻzing bilan uchrashib gaplashmoqchi. Hatto suratini ham tashlab ketdi. Shu odam menga maʼqul. Iltimos turmushga chiqmasang ham bir uchrashib koʻr?!

— Oyi men baribir turmushga chiqmayman, — keskin javob berdi Gulnora.

— Nima qilasan, bir umr yolgʻiz oʻtasanmi? Sen tengilarni qator-qator bolasi bor. Axir seni oʻylayman, jon qizim. Sen ham turmush qurib, ona boʻlsang, deyman.

Gulnoraning onasi ortiq gapira olmadi, faqat qizning yuzlariga termulgancha dili ezilib yigʻlardi. Gulnora onasini bu holini koʻrib yupatish maqsadida:

— Mayli oyi siz aytgancha boʻla qolsin, uchrashib koʻraman, — dedi.

Onasi shosha-pisha koʻz yoshlarini roʻmoli bilan artgancha koʻrpacha tagidan suratni olib Gulnoraga tutdi. Gulnora istar-istamas suratga razm soldi. Razm soldi-yu, yuragi toʻxtab qolay dedi. Suratdagi oʻsha uning hayotidagi yagona sevgisi Komil edi. Gulnora hoʻngrab yigʻlab yubordi.

— Roziman. Men roziman, — dedi u baland ovozda yigʻlagancha.

Bu holni tushunmagan onasi:

— Nimaga rozisan qizim?

— Uchrashuvga roziman. Oʻsha insonga turmushga chiqishga ham roziman, roziman.

Gulnora suratni mahkam bagʻriga bosgancha xonasi tomon ketarkan, ortidan onasining ovozi eshitildi:

— Ha aytgancha, qizim senga aytgan edimku, uning shiringina qizchasi bor ekan deb, buni qaraki, uning ham ismi Gulnora ekan!

Oqil TOʻRAQUL

“Umid koʻchasi yoxud yangi xayot!”dan.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.