18 +  RSS  E-mail
13:44, 30 01 2020

Saodat koʻprigi


Men oltmish yashar qizman. Uch avlod ustida koʻprik boʻlib umrim oʻtdi. Muhabbat nimaligini, turmushga chiqish neligini bilmay oʻtdim.

Oʻn yoshimda ukamni koʻtarar, unga qoʻshiqlar aytib berar edim. Oʻttiz yoshimda shu ukam uylandi. Endi uning bolalarini koʻtara boshladim. Uning bolalari ham uylandi. Endi horigan koʻksim ustida ularning bolalari yotar edi. Qolgan umrim shular bilan oʻtadi shekilli…

Siz oltmish yil chanqoq holda qirgʻoqda yashash neligini bilmaysiz. Buni anglashingiz mumkin emas. Chunki siz buni tajriba qilib koʻrmagansiz. Siz erkak kishisiz.

Yoshligimda erkaklar koʻcha, maktab uchun yaratilgan, ayollar esa oshxona uchun yaratilgan deyishar edi.

Otamning iqtisodiy holatlari oʻrtacha edi. Farzandlarini universtitetda oʻqitishni orzu qilar edilar. Onam vafot etganlaridan soʻng bu orzuning badali men boʻldim. Uydan chiqa olmay qoldim. Pishirar edim, yuvar edim, kafellarni artar edim. Qisqasi xodimaga beriladigan maoshni saqlab qolib otamga yordam berar va uning orzularini amalga oshishiga koʻmaklashar edim. Yosh avlod universtitetga kirishi, taʼlim olishi va “biz erkaklarmiz” deyishi uchun goʻsht va qonidan toʻlaydigan toʻlov boʻldim.

Men bu fidokorlikdan baxtiyor edim. Men koʻksimda tarbiya topgan uch avlodning bokira onasi edim.

Ammo hozir atrofimdagi olam oʻzgarib qolgan. Oʻzimni begona olamdagi begona insondek his qilayapman. Bunda safsata, gʻurur, sevgi, xudosizlik va boylik liq toʻla.

Oʻzim tarbiya qilgan, yoshligimni va umrimni ularga bergan qizlar va bolalar menga bir buyum va eski narsa singari boqishadi. Meni masxara qilishadi. Chunki men ularning zamonidan, siyosatdan, sevgidan bexabarman. Ustimdan kulishadi.

Oshxonadagi hukmronligim ham tugagan. Uni yangi oshpaz egallagan. Deraza oldiga kelib hech kimga sezdirmasdan yigʻlab olaman. Bitta narsaga ega boʻlishni xohlar edim. U qadr…

Ammo shunga ham ega boʻla olmadim. Qanchalar baxtsizman…!

Doktor Mustafo Mahmud bu ayolga javob beradi:

— Aziz ona! Zamonadan, siyosatdan va muhabbatdan xabardor qizlaringiz aslida muhabbatdan hech narsani tushunmas ekan. Ular sizga xizmatkor boʻlishga ham loyiq emaslar. Muhabbat bu siz, ey ona! Siz sharafsiz, fidokorliksiz va fazilatsiz. Siz yangi avlod uchun toʻlov boʻlishga rozi boʻldingiz. Ular sizning qoʻlingizdan olgan ilm, madaniyat va hurriyat sarmoyasiga badal boʻldingiz. Bu safsatalar barisi sizning dasturxoningizdagi uvoqlardir.

Agar ulardan aziyat koʻrgan boʻlsangiz, ular sizga oq boʻlishgan boʻlsa siz ularni kechiring. Bu paygʻambarlar odati va ziynatidir . Sizga buyuk narsa bunyod qilgan ayol ekaningizni his qilishingizni oʻzi kifoya qiladi.

Men sizga taʼzim qilib qoʻlingizni oʻpaman, ey pokiza Maryam!

Mustafo MAHMUD.

“Oshiqlar eʼtirofi”kitobi.

“Sogʻinch sohili”dan.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.