18 +  RSS  E-mail
14:19, 21 01 2020

Ushbu hikoyani oʻqib shukr qilishni boshlaysiz


Bir odam duosi mustajob ulugʻ bir zotning huzuriga borib, — Hazrat, duo qiling, men yaxshi yashamoqchiman, toʻq, xotirjam hayot kechirmoqchiman, — debdi.

Hazrat.

— Mayli, duo qilaman, lekin kimga oʻxshab yashamoqchisan.? Odamlar orasidan oʻzing havas qilgan biror odam bormi, borib bir qidirib kel-chi, keyin men oʻsha odamga oʻxshab yashashingni soʻrab, Allohdan duo qilib beraman, — debdi.

Haligi odam shahar aylanibdi. Qarasa, bir odam nihoyatda yaxshi yashayapti, oldida oʻgʻillari xizmatga bel bogʻlagan, yegani oldida, yemagani ortida. U shu odamga havas qilib, hazratga borib,

— Falonchini bilasizmi, taqsir.? Falon koʻcha, falon mahallada yashaydi. Oʻsha odamga havas qildim, shunga oʻxshab yashagim kelyapti, duo qiling, — debdi.

Hazrat shunday debdilar:

— Mayli, duo qilaman. Lekin sen shoshmagin, bolam. Borib, u odam bilan bir gaplashib koʻrgin. U odamni biron muammosi, bir dardi boʻlmasin tagʻin. Duo qilsam, undagi neʼmat bilan qoʻshilib, dardi ham senga oʻtib qolmasin, keyin qiynalib yurma…, — debdi.

Bu odam yana borib, oʻsha boy bilan gaplashibdi. Men hazratning huzurlariga borib, sizga havas qilganimni, sizga oʻxshab yashashimni soʻrab, duo qilishlarini soʻrasam, sizga yubordilar. Sizda hech bir dard, muammo yoʻqdir har holda..? —  debdi. U gapini tugatar-tugatmas, haligi boy, oʻziga toʻq, hayotdan xursand, mamnun boʻlib yashayotgandek koʻringan odam yigʻlab yuboribdi.

Bu dunyoda mendan baxtsiz odam boʻlmasa kerak. Kelib, mendan soʻrab toʻgʻri qilibsiz deb, oʻzining tarixini aytib beribdi:

Oila qurdim, uylandim. Er-xotin bir-birimizni juda yaxshi koʻrar edik. Ammo koʻp yillar oldin ayolim ogʻir dardga chalindi, oʻlim toʻshagiga mixlandi. Oʻlishi aniq boʻlib qolgach, oramizdagi tillarda doston boʻlgudek muhabbat tufayli ayolimning rashki qoʻzib, Men oʻlsam, boshqasiga uylanib olasiz, — deb tinmay yigʻlayverdi. Oʻzi oʻlim azobida qiynalib yotibdi, yana rashki ham qiynayapti deb, rahmim kelib,

Xotirjam boʻl, men sendan boshqa ayolga qaramayman. Butun umr senga sadoqat bilan yashab oʻtaman, deyaverdim. Ammo u bu gapimga koʻnmadi. Men ham uni nihoyatda yaxshi koʻrar edim, muhabbatdan koʻzim koʻr boʻlib, soʻzimni isbotlash uchun oshxonaga kirib, pichoqni olib, oʻzimni oʻzim bichib tashladim. Shundan keyin ayolim xotirjam boʻldi, xursand boʻldi,

Endi koʻnglim joyiga tushdi, — dedi. Men ham xursand boʻlib, endi tinchgina oyogʻini uzatib, dunyodan oʻtadigan boʻldi deb tursam, Alloh shifo berib, xotinim oʻziga kelib, sogʻayib ketdi. Ogʻir kasaldan tuzalib, naq oʻlimning yoqasidan qaytib keldi. Ammo bu quvonchimiz uzoqqa choʻzilmadi. Unga koʻrsatgan vafodorligim hurmati ayolim men bilan bir-ikki yil sabr qilib yashadi, ammo keyin toqat qila olmadi. Mana bu menga xizmat qilib yurgan oʻgʻillar mening farzandlarim emas. Men ana shunday azob toʻla hayotda yashayapman, sen koʻrgan narsa mening tashqi koʻrinishim, ammo ichimdagi dardim dunyoga sigʻmaydi.

Shayx Zulfiqor Ahmad Naqshbandiy hafizahulloh ushbu rivoyatni keltirib, shunday deydilar:

— Har bir inson oʻz holiga, hayotiga, qismatiga, taqdiriga rozi boʻlishni, shukr qilishni oʻrganishi kerak.

Chunki bu hayotni unga Alloh subhanahu va taolo ravo koʻrdi, shunday boʻlishini iroda qildi. Shuning oʻzi katta marhamat, shuning oʻzi katta bir neʼmat. Shukr qilsak, Alloh bundan ham ziyoda qilishi mumkin. Ammo noshukrlik qiladigan boʻlsak, boshqa hayotlarga havas qiladigan boʻlsak, oʻzimizdagi boridan ham mahrum boʻlib qolishimiz mumkin…!

DUODA ESLANG.

Qalbingdagi hasratlaringni, gohida kimgadir aytib yengil tortging keladi.

Lekin aytsang uni notoʻgʻri tushunishlari, seni jerkishlari yoki, senga dushmanlik qilishlarini bilib, beixtiyor tilingni tiyasan.

Lekin bitta Zot borki, U sening  hasratlaringni, munojotlaringni,

duolaringni tinglashdan hecham charchamaydi…!

…U — mehribonim Allohdir !!

Bir kuni Ibrohim Adham quduqqa dalv “chelak» tashlagan edi — oltin toʻlib chiqdi, toʻkib, qayta botirdi. Bu safar marvarid chiqdi, toʻkdi, xushvaqt boʻldi va dedi:

— Iloho, menga xazinangni bildirmoqdasan. Bilaman, Sen bunga qodirsan, ammo tahoratim uchun suv kerak, menga suvingdan ber!

Xafiza ADILOVA

“Zoʻrsan-Oʻzbegim”dan


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.