18 +  RSS  E-mail
15:10, 16 01 2020

Xorijiy investorlar va salohiyatli savdo hamkorlar bilan ishlashning yangi mexanizmlari muhokama qilindi


Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida xalqaro investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalari, shuningdek xorijiy investorlar va salohiyatli savdo hamkorlar bilan ishlashning yangi mexanizmlari muhokamasi boʻyicha videokonferentsiya shaklida yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Yigʻilish Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov raisligida oʻtib, unda Oʻzbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalaridagi savdo-iqtisodiy masalalar boʻyicha maslahatchilar va vazirlikning markaziy apparati tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida AQSh, Germaniya, Belgiya, Frantsiya, Singapur, Janubiy Koreya, Malayziya kabi 18 ta mamlakatdagi xorijiy hamkorlar bilan tuzilgan bitimlar va qoʻshma tashabbuslarning bajarilishi koʻrib chiqildi. Vazirlikning chet ellardagi vakillarining vazifalari nafaqat amalga oshirilayotgan loyihalarni monitoring qilish va ularni amalga oshirishda koʻmak berish, balki chet ellik hamkorlar bilan iqtisodiy hamkorlikni har tomonlama kengaytirish orqali Oʻzbekistonga investitsiyalarni koʻpaytirish hamda tashqi bozorlarda talab yuqori boʻlgan mahalliy mahsulotlarni eksport qilish hajmini oshirish imkoniyatlarini izlash ekanligi qayd etildi.

Shuningdek, investorlar va eksport qiluvchilar bilan ishlashda vazirlik va mahalliy hokimliklarning teng ishtirok etishi va birgalikda solidar javobgarlik tamoyillariga asoslangan holda ish olib borishi boʻyicha yangi tizim maslahatchilar eʼtiboriga yetkazildi.

Yigʻilish yakunida masʼul rahbar va xodimlarga xorijiy davlatlar bilan investitsiya va savdo hamkorligini har tomonlama faollashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni bajarish hamda respublikaning tashqi iqtisodiy siyosatini amalga oshirish yuzasidan manzilli topshiriqlar va koʻrsatmalar berildi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.