18 +  RSS  E-mail
15:07, 16 01 2020

BAA kompaniyasi Oʻzbekiston OTMlarining xalqaro reytinglarga kirishi uchun koʻmaklashadi


Toshkent davlat texnika universitetidagi Oʻzbek-Yapon yoshlar innovatsiya markazida Oliy va oʻrta maxcus taʼlim vazirligi hamda Birlashgan Arab Amirliklarining “Shbeemann” xorijiy konsalting kompaniyasi oʻrtasida Oʻzbekistondagi oliy taʼlim muassasalarini xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar reyting roʻyxatiga kiritish boʻyicha hamkorlik shartnomasi imzolandi.

Jahon banki koʻmagida imzolangan shartnomaga koʻra, kompaniya 3 yil davomida Oʻzbekistondagi 10 ta oliy taʼlim muassasasining xalqaro eʼtirof etilgan reytinglarda kuchli 1000 talikka kirishi uchun metodik koʻmakni amalga oshiradi.

—  Prezidentimiz tomonidan bizga taʼlim sifatini xalqaro darajaga olib chiqish vazifasi belgilangan. Biz bunga faqat universitetlarni xalqaro reytinglarga kiritish orqaligina erishishimiz mumkin. Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasida OʻzMU va SamDU dunyoning eng kuchli universitetlari reytingida kuchli 500 talikka kirishi lozimligi belgilangandi. Hozircha kompaniya Oʻzbekistondagi 10 ta OTMning QS va Times Higher Education xalqaro reytinglarining kuchli 1000 taligiga kirishlari uchun metodik yordam koʻrsatadi.

Kompaniya koʻp yillik tajribaga ega va dunyoning bir necha mamlakatlari bilan hamkorlik qiladi. Biz ular bilan Oʻzbekiston universitetlarini dunyoning kuchli 100 taligiga kirishi boʻyicha hamkorlik qilamiz. Adashmadim, 1000 talik emas, aynan 100 taligiga kirishiga harakat qilamiz, — dedi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Inomjon Majidov shartnomani imzolash marosimida.

Qayd etish lozim, oldinroq Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti mustaqil Oʻzbekiston tarixida birinchi marotaba 2020 yil uchun QSning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari universitetlari reytingida qayd etilgani xabar qilingandi (https://t.me/eduuz/1391).

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.