18 +  RSS  E-mail
11:26, 14 01 2020

Yoshlar tashabbusi: Beshariqda tut plantatsiyasi yaratilmoqda


Yaqinda viloyat hokimi Shuhrat Gʻaniyev Beshariq tumani yoshlari bilan yuzma-yuz muloqot oʻtkazib, ularning oʻnlab tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlagan edi.

Uchrashuvda beshariqlik yigit-qizlar tumanning qoʻshni Tojikiston Respublikasi bilan chegara hududida joylashgan adirliklarda yangi tut plantatsiyasi yaratish tashabbusini ham ilgari surishdi. Viloyat rahbari mamnuniyat bilan maʼqullagan tashabbus ijrosi oʻzini uzoq kuttirmadi va oʻtgan qisqa vaqt ichida tuman yoshlari gʻayrat-shijoat bilan ishga kirishdilar.

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Beshariq tuman boʻlimi rahbari Barkamol Abdusaidovning qayd etishicha, barkamol avlod vakillari Fayzli Adirobod massivida 2,5 ming gektar yerda tut plantatsiyasi barpo etishni rejalashtirishmoqda. Ayni paytda ball boniteti past, shamol erroziyasiga uchragan 72 gektar qurigan mevali bogʻ, 705 gektar yaylovlar hamda 1073 gektar tuman zaxirasiga olingan boʻsh maydonlarda ishga kirishildi.

Bu borada Beshariq tuman hokimligida ishchi guruhi tuzilib, kerakli texnika vositalari va mutaxassislar jalb etildi. Yangi tut plantatsiyasi tashkil etish uchun 13 milliard soʻm mablagʻ zarur boʻlishi hisob-kitob qilindi va ushbu mablagʻ manbasi shakllantirildi. Shuningdek, suv taʼminotini yoʻlga qoʻyish maqsadida 23 ta suv quduqlariga buyurtma berilib, buning uchun 5 milliard 60 million soʻm mablagʻ yoʻnaltirilmoqda.

— Viloyat hokimi tashabbusimizni roʻyobga chiqarish uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berishga bosh-qosh boʻlayotgani kuchimizga kuch qoʻshmoqda, — deydi tumanning faol yoshlari Murodjon Obloqulov va Nozimjon Tursunov. — Hozirgi kunda yuzlab tengdoshlarimiz yelkama-elka turib, yer tekislash, texnika bilan haydash va tut nihollarini ekishga tayyorlash ishlariga kirishdilar.

“Beshariq ipagi” pillachilik klasteri rahbari Maqsudjon Qosimovning maʼlum qilishicha, dastlabki kunlarning oʻzida 200 gektar yerga yetadigan 700 ming tup tut koʻchatlari ekishga tayyorlab qoʻyildi. Shu kunlarda viloyatimizdagi koʻchatchilik sohasiga ixtisoslashgan xoʻjalik subʼektlari bilan tut koʻchatlari sotib olish borasida hamkorlik ishlari olib borilmoqda. Ayni paytda klaster korxonasi mutaxassislari pillachilik tarmogʻida yangi ish oʻrinlari yaratish bilan birga ishlab chiqarish faoliyatini yoʻlga qoʻyish orqali gilamchilik, adras va atlas toʻqish faoliyatini ham rivojlantirish boʻyicha istiqbolli biznes-reja tayyorlamoqdalar.

Ishonamizki, Beshariq tumani yoshlari tashabbusi bilan boshlangan ezgu saʼy-harakat yaqin yillarda oʻz samarasini berib, mazkur adirlar bogʻu boʻstonga aylanadi.

Fargʻona viloyati hokimligi axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.