18 +  RSS  E-mail
11:24, 14 01 2020

Soliq qarzini undirish borasidagi oʻzgarishlar


Mamlakatimizda soʻnggi yillarda muhtaram Prezidentimiz boshchiligida soliq tizimini isloh qilishda katta ijobiy siljishlar boʻldi. Bunda asosiy gʻoya tenglik, soddalik, aniqlik va samaradorlik printsiplariga asoslangan yangi soliq tizimini yaratishga qaratilgan.

Soliq siyosatini takomillashtirish kontseptsiyasi ishlab chiqilib, 2019 yilning 1 yanvaridan amaliyotga joriy qilindi.

Yangi tahrirdagi Soliq kodeksi 71 ta bob 480 ta moddadan iborat boʻlib, soliq qonunchiligida quyidagi yangiliklar joriy etilmoqda:

Soliq qarzini debitorlaridan undirish amaliyoti bekor qilindi.

Misol uchun Jizzax viloyatida 2019 yil davomida mazkur tartib asosida, 3.3 ming holatda qarzdorlarning debitorlari hisobidan 50,2 mlrd.soʻm mablagʻlar undirilgan.

Mazkur tartib bekor qilinganligi bois, joriy yil 1 yanvar holatiga hisob raqamlarda debitor qarzdorlik uchun kartotekalarda turgan 1.4 ming holatda 28,3 mlrd. soʻmlik inkasso topshiriqnomalari qaytarib olindi.

Huddi shuningdek, avval soliqlarni toʻlashni kechiktirish boʻyicha vakolat faqatgina markazlashtirilgan holda Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Komissiyaga berilgan boʻlib, soliqlarni toʻlashni kechiktirish huquqini olish uchun ortiqcha qogʻozbozlik va byurokratik toʻsiqlar mavjud edi.

Bu degani — iqtisodiy nochor ahvolga tushgan korxonalarni sogʻlomlashtirishga imkoniyat bermasdan, ularni faqat bankrotlik holatiga keltirar edi.

Yangi tahrirdagi Soliq kodeksida kollegial organlar (komissiyalar) ishtirokisiz soliqlarni toʻlashni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyatini taqdim etishning yangi tartibini joriy etildi.

Deputatlarga berilgan vakolatlarni yanada oshirgan holda, mahalliy byudjetga tushadigan soliqlar boʻyicha qarzdorligini kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash huquqini berish xalq deputatlari Kengashlari tomonidan taqdim etilishi belgilandi.

Soliq toʻlovchilarni ortiqcha sarsongarchiligini oldini olish maqsadida Respublika byudjetiga tushadigan soliqlar boʻyicha soliq qarzdorligini kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash yuzasidan arizani oʻzlari hisobda turgan hududdagi soliq organlari orqali Davlat soliq qoʻmitasiga taqdim etiladi.

Bunda, soliqlarni toʻlashni kechiktirishda soliq majburiyati bajarilishi taʼminoti sifatida mol-mulk garovi, bank kafolati va kafillik koʻrinishidagi yangi taʼminlovchi vositalar kiritildi.

Erkin ERKABOYEV,

Jizzax viloyat DSB boʻlim boshligʻi


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.