18 +  RSS  E-mail
15:26, 13 01 2020

Uyning iffati


Kampir sekin xonasidan chiqdi. Zaldan nevarasi va kelinining ovozi eshitildi:

— Oʻgʻlim, dasturxon tayyor, ovqatingni solib qoʻydim, kelib yeb ol, sovub qolmasin.

Kampir zalga kirdi, qishloqdan olib kelgan yostigʻiga suyanib, sekin oʻtirdi.

Buvisini koʻrgan bola:

— Buvi, keling birga ovqatlanamiz, — dedi.

Kampir maʼnoli shaklda uh tortib:

— Uyning erkagi kelmasidan oldin dasturxonga oʻtirilmaydi. Oldin dadang kelsin, keyin birga ovqatlanamiz inshoolloh, — dedi.

— Eee buvijon, u zamonlar oʻtib ketdi. Hozir qorni och boʻlgan dasturxonga oʻtiradi. U kelgach oʻzi yeb oladi, — dedi kelin.

— Qizim, insonlarning odobi, hayosi, iffati boʻlganiday uylarning ham iffati va odobi bor.

Nevaraning sabri chidamay gapga aralashdi:

— Buvijon, nima ekan bu uylarning iffati… Tushuntirib bering, men qiziqib qoldim, — dedi.

Kampir gapirishni boshladi:

— Biz kichik paytimizda onamizdan oldin dadamizning qarshisida oʻzimizni odobli tutishni oʻrganardik. Ota-onamiz uyda paytida oyogʻimizni uzatib oʻtirmasdik, kattalar gapirayotgan paytda gapirish uchun navbat berilmaguncha gapga aralashmasdik. Kattalarimiz xonaga kirganda darrov oʻrnimizdan turib, ularga oʻtirish uchun joy berardik. Dadamiz dasturxonga oʻtirmaguncha dasturxonga qoʻl uzatmasdik.

Dadamiz kelib, “Bismilloh”ni aytar, “Qani olinglar” derdi. Shundan keyin hammamiz ovqat yeyishni boshlardik. Ovqat yeb boʻlgach, aka-ukalar navbat bilan ovqat duosini oʻqirdik. Oilaviy yeyilgan ovqatdan lazzatli ovqat bormi bu dunyoda? Bu dasturxon odobidir oʻgʻlim.

— Bunchalik bosim ostida depressiyaga tushmasmidingiz buvijon?

— Yoʻq, bizning zamonamizda hurmat boʻlgani uchun sevgi abadiy edi. Sevgi bor boʻlgach, depressiyaga tushgan odam boʻlmas edi. Ovqatlar lazzatli, uyqular orom beruvchi edi. Bilasanmi, men depressiya degan soʻzni birinchi marta bu yerda eshitdim. Qishlogʻimizda hamma “Ibrohim jinni” deydigan bittasi bor edi. Hattoki u shu daraja baxtli odam ediki, buni tushuntirib bera olmayman.

Kech kirguncha bolalar bilan koʻchada oʻynar, qorni och boʻlganda eshikni taqillatib, “Opa, och boʻldim, ovqat ber” derdi. Qaysi eshikni taqillatsa ham boʻsh qaytmas edi. Sartarosh sochini olar, hammomchi yuvintirib qoʻyardi. Juma kunlari uni namozga olib ketishardi. Uni hech kim yakkalamas edi. Hozir hech bir narsaga hurmat qolmadi. Hatto bu shaharda uylarga ham hurmat yoʻq. Kech kirganiga qaramasdan hech kim pardalarni tushirmaydi, uyning ichi koʻrinib turadi, lekin hech kim uyalmaydi. Biz kun qoraya boshlashi bilan qalin pardalarni yopar, keyin chiroq yoqardik. Hatto parda yopiq holatda ham kiyim almashtirishga uyalar edik, oldin chiroqni oʻchirib, keyin kiyim almashtirardik. Tashqaridan soyamiz koʻrinishi mumkinligini oʻylab yuzimiz qizarib ketar edi.

Shu payt kelin oʻtirgan yeridan turdi, istar-istamas zalning pardalarini yopdi.

— Uyning odobi pardasi yopilib yopilmaganidan bilinadi, — der edi ota-bobolarimiz.

Uylar katta devorlar bilan oʻralgan hovlilarning ichida boʻlishiga qaramasdan hech kim ichki kiyimlarini oʻrtada osib qoʻymas edi, hatto uy ichidagilardan uyalishardi. Men kichkinaligimda ishtonimni eng old tomondagi ipga osgan ekanman. Darrov onam kelib “Qizim, bugun dadang hovliga chiqdi. Sening ishtoning osilib turgan edi. Uyalganimdan yer yorilmadi yerga kirmadim. Bundan keyin bunaqa joyga osma. Eng orqadagi ipga osib qoʻy. Ustiga bir narsalar yopib qoʻyki, ostidagi koʻrinmasin. Iffatimiz, odobimiz ketsa, imonimiz qolmaydi. Men u paytda 12 yoshlarimda edim. Onam menga bu gaplarni aytarkan uyalganimdan yerga kirib ketay dedim. Hozir shunaqami? Oʻtgan kun ozgina toza havodan nafas olay deb balkonga chiqdim. Roʻparadagi qoʻshni ipga barcha kiyimlarini osib qoʻygan ekan, uyalganimdan uyga qaytib kirdim.

Bugun ovqatlar tashqarida yeyilayapti, “koʻz haqqi” boʻlayapti, hech kim buni eʼtiborga olmayapti. Bozordan olingan narsalar har xil chiroyli paketlarda uyga olib kelinayapti, buni olishga qurbi yetadiganlar bor, qurbi yetmaydiganlar bor. Koʻz haqqi boʻladi bu yeyiladigan ovqatlarda…

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Taom hidi bilan qoʻshningizga aziyat yetkazmang” deb buyurganlar. Bugun taom hidi bilan, uni koʻz-koʻz qilish bilan atrofdagilarga aziyat berilmoqda. Tabiiyki yeb-ichganlaringizni koʻrsatishingiz oʻzingizga zarar bermoqda. Keyin esa “depressiya” deb doktorlarga borayapsizlar. Uyning yana bir odobi borki, eng asosiysi ham shu menimcha. Uy ichida yeb-ichilgan narsalar, munosabatlar, mojarolar tashqariga olib chiqilmaydi… Bu uy iffati hisoblanar va hech kimga aytilmas edi. Shuning uchun muammolar uy ichida osonlikcha hal etilar edi. Zotan Paygʻambarimiz xususan er-xotin orasida boʻlgan narsalarning atrofdagilarga yoyilishining qanchalar katta gunoh ekanligini hadislarida aytib oʻtgan, shunday emasmi Laylo, dedi keliniga. Laylo “Ha, buvijon” deya oldi.

Nevarasi:

— Buvijon, hozir Facebook degan narsa chiqqan. Odamlar restoranga borib yegan ovqatlarining rasmlarini qoʻyib minglab odamlarga koʻrsatishadi.

— Voyyyy, naqadar yomon ish… Odam degani yegan ovqatining suratini boshqalarga koʻrsatadimi?

— Eh buvijon. Har qanday holatlarning rasmlari bor. Sayohat qilishga borgan joylari, yeb-ichadiganlari, sotib olgan kiyimlari, hatto erlari sotib olgan gulning ustiga yozib qoʻygan yozuvlargacha tarqatishayapti odamlar.

— Oʻgʻlim, sen nimalar deyapsan? Demak, qiyomat deyarli qoyim boʻlib, uylar yalangʻoch qolibdi-da, deb gapida davom etdi:

— Biz erlarimizning yonida yurishdan uyalardik, chunki bevalar bor, uylana olmay yurganlar bor. Ularning yarasini yangilamaylik deb erlarimizdan bir qadam orqada yurardik. Hozir esa urush-janjal ham, sevishishlar ham hammaning koʻz oʻngida…

Albatta, mahramlik qolmaganidan keyin samimiyat ham qolmaydi. Uyning barakati kattalarga boʻlgan hurmatdadir. Uyning iffati derazani yopib turgan pardadir. Sevgining iffati yashirin boʻlishidadir. Koʻzning iffati koʻzdadir. Badanning iffati tasatturdadir. Uyalish, hayo imonning bir boʻlagidir. Men senga onam aytgan bir hikoyani aytib beraman.

Hikoya dedimu, nomi hikoya… Aslida hadis, hadisi qudsiy… Yaʼni maʼnosini Ollohning Paygʻambarimizga xabar bergan, soʻzlarini esa Paygʻambarimizning oʻz soʻzlari bilan tushuntirib bergan bir hadisi…

“Olloh taolo Odam alayhisalomni yaratgan paytda Jabroil alayhisalom unga uch sovgʻa olib keldi: ilm, hayo, aql. Unga dediki: “Ey Odam. Bulardan xohlaganingni tanla…” Odam alayhisalom aqlni tanladi. Jabroil alayhisalom hayo va ilm maqomlariga qaytishni buyurdi.

Hayo va ilm “Biz ruhlar olamida barobar edik. Bir-birimizdan aslo ayrilmaymiz. Ruhlar jasadlarga kirgandan keyin ham ayni shunday. Aql qayerda boʻlsa, biz unga tobe boʻlamiz”.

Jabroil alayhissalom “Unday boʻlsa, sizlar ham joylashinglar” deya buyruq berishi bilan aql miyaga, ilm qalbga, hayo esa koʻzga joylashdi.

Bu hadisi qudsiyda aytilganiday hayoning maqomi koʻzdir. Shuning uchun ham koʻzni saqlash muhimdir.

Kelin:

— Gapingiz toʻgʻri buvijon. Biz iffatimizni yoʻqotdik, natijada muammolarimiz koʻpayib ketdi, — dedi.

Nevara qoshiqni sekin joyiga qoʻyib “Men ovqatni dadam kelgandan keyin yeyman”, dedi. Aytgan gaplari kelini va nevarasiga taʼsir qilganini koʻrgan kampir oʻtirgan joyida Ollohga hamd ayta boshladi.

Ulugʻbek YUSUF,

“Goʻzal pand va nasihatlar”dan.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.