18 +  RSS  E-mail
14:14, 13 01 2020

“Sahovat” uyidagi sharoitlar yaxshilandi


Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha sohadagi islohotlar mazmun-mohiyati avvalo insonni ulugʻlashga, uning shaʼni, qadr-qimmatini oshirishga, huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilayotganligi bilan ahamiyatlidir.

Bu borada boshqa viloyatlar singari Samarqandda ham qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Samarqand “Sahovat” keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar internat-uyida viloyat hokimligi injiniring kompaniyasi buyurtmasi asosida barpo etilgan obʼektlarni foydalanishga topshirish tadbiri oʻtkazildi.

Tadbirda viloyat hokimligi, sogʻliqni saqlash vazirligi, vazirlik huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi, soha vakillari va internat-uyda yashovchilar ishtirok etishdi. Barpo etilgan yangi binolar va yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishib chiqishdi.

Tadbirda soʻz olganlar mazkur internat-uyida yashovchilarning yashash sharoitlarini yaxshilash maqsadida loyiha asosida “Meʼmor-96” MChJ tomonidan barpo etilgan zamonaviy obʼektlarda barcha shart-sharoitlar mavjudligini taʼkidlab oʻtishdi.

Yangi bino qurilishiga 8 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ sarflandi. 142 nafar yolgʻiz pensioner va nogironligi mavjud fuqarolar yashayotgan muassasaga 50 oʻrinli yangi yotoqxona binosi, maʼmuriyat xonalari, kir yuvish xonasi, sauna, qarindoshlar bilan uchrashuv xonalari, katta ayvon, shiyponcha (besedka) va 150 oʻrinli oshxona barpo etildi.

Tadbir yakunida internat-uyida yashovchilar eʼtibor va gʻamxoʻrlik hamda yaratib berilgan shart-sharoitlar uchun Prezidentimizga oʻz minnatdorchiliklarini bildirishdi.

Samarqand viloyati hokimligi matbuot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.