18 +  RSS  E-mail
14:11, 13 01 2020

“Gʻurumsaroy” poligonida yangi yotoqxona va oshxona foydalanishga topshirildi


Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 28 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Namangan viloyati boʻylab oʻtkazilayotgan bayram tadbirlari doirasida Pop tumanidagi “Gʻurumsaroy” poligonida yangi yotoqxona va oshxona tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.

Yurtimiz himoyasi uchun bel bogʻlagan asl oʻgʻlonlar uchun malaka va tajriba orttirish maydoni boʻlgan “Gʻurumsaroy” poligonida oʻtkazilgan tadbirda Namangan viloyati hokimi, harbiy-maʼmuriy sektor rahbari Xayrullo Bozorov va Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni, polkovnik Lutfullo Buzrukov soʻzga chiqdilar.

Foydalanishga topshirilgan, 8,2 mlrd soʻm mablagʻ evaziga barpo etilgan 150 oʻrinli yotoqxona va 300 oʻrinli oshxona, shuningdek 3,6 mlrd soʻm sarflanib qurib bitkazilgan avtogaraj hamda 1,1 milliard soʻm mablagʻ hisobidan tortilgan yangi elektr tarmogʻi, jami 2019 yil davomida amalga oshirilgan 20,7 milliard soʻmlik qurilish ishlari natijasida “Gʻurumsaroy” poligoni dunyo standardlariga toʻla-toʻkis javob beradigan dala-oʻquv maydoniga aylandi.

Shuni ham taʼkidlab oʻtish kerakki, oʻtgan 2019 yil davomida “Gʻurumsaroy” poligonida Rossiya, Belarus hamda Tojikiston harbiylari bilan birgalikda 3 ta yirik tajriba va malaka almashuv bilan bogʻliq amaliy mashgʻulotlar oʻtkazildi.

Namangan viloyati hokimligi axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.