18 +  RSS  E-mail
14:50, 08 01 2020

Zarbdorda “Raqamli texnologiyalar oʻquv markazi“ faoliyat yuritmoqda


Zarbdor tumanida Yangi yil arafasida ochilgan “Raqamli texnologiyalar oʻquv markazi” yoshlarning sevimli maskaniga aylandi. Ayni paytda markazda yuzdan ziyod zarbdorlik yoshlar komp’yuter dasturlarini oʻrganmoqda.

Prezidentimiz tomonidan yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish va ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish boʻyicha belgilab berilgan 5 ta muhim tashabbuslardan uchinchisida aholi va yoshlar oʻrtasida komp’yuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etishga qaratilgan. Zarbdorda faoliyat yuritayotgan ushbu oʻquv markazining tashkil etilishi ushbu tashabbusning amaliy ijrosi boʻldi.

Tumanda “Obod markaz” dasturini amalga oshirishda Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligining xomiylik koʻmagi doirasida vazirlikning hududiy boshqarmasi va boʻlimlarining mutaxassislari tegishli xizmatlarni yoʻlga qoʻyishda faol ishtirok etdi.

Dastur doirasida vazirlik tomonidan tumanda axborot texnologiya sohasini rivojlantirishga qaratilgan qator amaliy ishlar bajarildi. Jumladan, telekommunikatsiya va pochta aloqasi xizmatlaridan foydalanishda aholiga qulayliklar yaratish maqsadida tuman telekommunikatsiya boʻlinmasi binosi kapital taʼmirlanib, yangi mebellar bilan jihozlandi. Binoda telekommunikatsiya xizmatlari bilan birgalikda pochta xizmatlarining yangi zamonaviy turlari yoʻlga qoʻyildi.

Tumanda zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish uchun 3,8 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilib, 20 kilometr optik tolali aloqa liniyalari qurildi hamda 8 ta zamonaviy mobil aloqa baza stantsiyalari oʻrnatildi.

Bundan tashqari, tuman davlat xizmatlari markazi yangi binosi qurilib, jihozlandi. Shu obʼektda “Raqamli texnologiyalar oʻquv markazi“ faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

— Oʻquv markazida komp’yuterdan samarali foydalanish, dasturlash asoslari, robototexnika, komp’yuter grafikasi va dizayn, tizim va tarmoqlarni boshqarish va IT-tadbirkorlik sohasida ixtisoslashtirilgan oʻquv kurslari faoliyati yoʻlga qoʻyildi, — deydi Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi Mahmud Gʻiyosov. — Bundan tashqari, markazda yoshlarni komp’yuter sporti — kibersportga jalb qilish, uning qoidalarini oʻrgatish, turli oʻyinlar boʻyicha guruhlarni shakllantirish, jamoaviy oʻyinlar amaliyotini tashkil etish, tuman miqyosida musobaqalar oʻtkazish ham moʻljallanyapti. Oʻquv markaziga yil davomida 5 ming nafar zarbdorlik yoshlarni qamrab olish koʻzda tutilgan.

Markaz quvvatidan samarali foydalanish maqsadida qoʻshimcha ravishda hokimliklar, davlat va xoʻjalik organlari, tadbirkorlik subʼektlari va aholi uchun axborot texnologiyalari yoʻnalishida kunduzgi va kechki oʻquv kurslarini tashkil etish boʻyicha ham ish olib borilayotir.

Jizzax viloyati hokimligi axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.