18 +  RSS  E-mail
14:48, 08 01 2020

Toladan tayyor mahsulotgacha …


Buxoro viloyatida faoliyat koʻrsatayotgan “Bukhara Cotton Textile Cluster” koʻptarmoqli xorijiy korxonasi yurtimizda klaster tizimida paxta hosilini yetishtirishdan to uni chuqur qayta ishlashgacha boʻlgan jarayonni oʻzida mujassamlashtirgan noyob subʼekt hisoblanadi.

Viloyat markazidagi Oʻzbekiston — Buyuk Britaniya “Bukhara Cotton Textile” qoʻshma korxonasi mazkur tuzilmaning muhim oxirgi boʻgʻin loyihasi sifatida ahamiyatlidir. U “Bukhara Cotton Textile Cluster”ning Romitan tumanidagi agroklasterida yetishtirilgan paxtadan oʻsha yerning oʻzidagi paxta tozalash zavodida olingan tolasini chuqur qayta ishlaydi.

— Korxonamiz bino va inshootlarini qurish, tsexlarni zamonaviy texnologik dastgohlar bilan jihozlash loyihalarini amalga oshirishda hozirgacha 75 million dollar ekvivalentligidagi investitsiya oʻzlashtirildi, — deydi “Bukhara Cotton Textile” bosh direktori Olim Jumayev. — Mazkur sarmoya Oʻzbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi tomonidan ajratilgan 30 million 454 ming dollar va Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining 4 million 153 ming dollar miqdoridagi imtiyozli kreditlari, shuningdek, loyiha tashabbuskorlarining 35 million 393 ming dollar ekvivalentiga teng 208,2 milliard soʻmlik mablagʻidan iborat. Korxonada jahonning yetakchi kompaniyalarida ishlab chiqarilgan eng zamonaviy asbob-uskunalar oʻrnatilgan.

Aytish joiz, yiliga 10 ming tonna paxta tolasini qayta ishlash quvvatiga ega qoʻshma korxona, yaʼni toʻqimachilik majmuasining tsexlari bosqichma-bosqich ishga tushirilmoqda. Oʻtgan yilning mart oyida bu yerda ip yigiruv fabrikasi faoliyat boshlagan edi.

Oʻtgan davrda tsexda 2 ming 885 tonna ip kalava ishlab chiqarildi. Bu mahsulot xalqaro andozalarga javob berishi tufayli nihoyatda xaridorgir. Unga xorijliklar qiziqish bildirayotgani ham bejiz emas. 5 million dollar miqdoridagi ip kalava eksport qilingani buning dalili. Shuningdek, ichki bozorga 5 milliard soʻmlik mahsulot ham chiqarildi.

— “Bukhara Cotton Textile”da ishlab chiqarish ehtiyojlari va bozor konʼyunkturasi inobatga olinib, har xil turdagi ip kalava tayyorlanmoqda, — deydi korxona direktorining ishlab chiqarish masalalari boʻyicha oʻrinbosari, turkiyalik mutaxassis Hadi Oʻzbulut. — Masalan, tsexda oʻrnatilgan 10 ta dastgohning ikkitasi choʻziluvchan kalava ishlab chiqarish texnologiyasiga ega. Bunday texnologik uskunalar mamlakatingiz toʻqimachiligida yangilik sanaladi. Eng sifatli “Denim” — jinsi matolar toʻqishda choʻziluvchan ip kalavaga teng keladigani yoʻq. Demak, u korxona uchun import oʻrnini bosadigan muhim xomashyo.

Ayni paytda “Bukhara Cotton Textile”da 954 nafar ishchi va mutaxassis mehnat qilayotir. Ularning aksariyati Buxoro viloyatidagi oliy oʻquv yurtlari va kasb-hunar kollejlari bitiruvchilaridir.

— Zamonaviy dastgohlarda ishlashni oʻrganish oson emas ekan, — deydi yoshlardan biri Gulshoda Jamolova. — Ammo bu yerda “usta- shogird” usulida ish tutilayotgani bizga qoʻl kelmoqda. Men tajribali xorijiy mutaxassislar va hamkasblarim koʻmagida dastgohni boshqarish koʻnikmasiga ega boʻldim. Jamoada oʻrnimni topayotganimdan xursandman. Bizning unumli ishlashimiz uchun korxonada barcha sharoit yetarli.

Tsex yiliga 24 turdagi, jumladan, laykra va poliester qoʻshilgan 9,5 ming tonna kalava tayyorlash quvvatiga ega. Joriy yilda yigiruvchilar kasbiy malakasini oshirish orqali texnologik jarayonlarga qatʼiy amal qilish va boshqa omillar hisobiga loyiha quvvatiga chiqish koʻzda tutilgan.

Umuman, 2020 yil korxona faoliyatida alohida oʻrin tutishi, shubhasiz. Yanvar oyida ishlab chiqarishning bir-biri bilan bogʻliq, boshqacha aytganda, texnologik zanjirni tashkil etuvchi ip kalavani boʻyash, toʻquv, pardozlash, tikuv fabrikalari ishga tushiriladi. Ayni paytda mazkur tsexlarda oʻrnatilgan dastgohlar va boshqa uskunalarni test — sinov tariqasida ishlatish, ularda mehnat qiladigan ishchi xodimlar jamoasini shakllantirish tadbirlari amalga oshirilyapti.

Ishlab chiqilgan biznes-rejaga koʻra, tayyorlanadigan ip gazlamaning kattagina qismi korxonada chuqur qayta ishlanadi. Masalan, undan yiliga 20 turda, jami 12 million pogon metr tayyor mato ishlab chiqariladi. Ushbu mahsulotning 2,3 million pogon metridan 900 ming dona “Denim klassik” va 600 ming dona “Denim streych” turkumidagi tayyor jinsi shimlar tikiladi. Ehtiyojdan ortiqcha mato va undan tikilgan shimlarning asosiy qismi eksportga joʻnatiladi. Ularga buyurtmalar shakllanmoqda.

“Bukhara Cotton Textile” qoʻshma korxonasi yaqin istiqbolda viloyatning mahsuloti xorij bozorida xaridorgir salohiyatli subʼektlari qatoridan oʻrin oladi. U joriy yilda avvalgi yildagiga nisbatan besh baravar koʻp, aniqrogʻi, 25 million dollar miqdoridagi eksportni amalga oshiradi. Korxona jahon bozorida oʻz oʻrnini topib borishi bilan bu koʻrsatkich yaqin kelgusida yiliga 70-85 million dollarni tashkil etishi koʻzda tutilmoqda. Ishchi-mutaxassislar soni 1500 nafarga yetadi.

Erkin YODGOROV


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.