18 +  RSS  E-mail
10:30, 07 01 2020

Yagona 112 qisqa raqam tizimi joriy etiladi


“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida Toshkent shahrida favqulodda vaziyat holatlarida qoʻngʻiroq qilinadigan yagona qisqa raqam tizimini yaratish taklif etilgan. “Toshkent shahri aholisiga qulayliklar yaratish maqsadida “Aqlli shahar” (Umnыy gorod) konsepsiyasiga qoʻshimcha tarzda turli favqulodda vaziyat holatlarida qoʻngʻiroq qilinadigan telefon raqamlarini (101, 102, 103, 104) yagona raqamga birlashtirishni taklif qilaman”, — deb yozgan murojaat muallifi.

Ushbu taklifga aniqlik kiritish maqsadida shuni maʼlum qilamizki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Axborot — kommunikatsiya texnologiyalari sohasida loyiha boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017 yil 29 avgustdagi PQ-3245-son qarori bilan 2019-2023 yillarda “Xavfsiz shahar” loyihasini bosqichma-bosqich respublikaning barcha hududlarida joriy etish belgilangan.

Bugungi kunda Vazirlar Mahkamasining “Xavfsiz shahar” loyihasini amalga oshirish boʻyicha bosqichma-bosqich chora-tadbirlar va yagona texnologik yondashuvni tashkil qilish toʻgʻrisida” 2018 yil 7 maydagi 343-son qaroriga muvofiq “Xavfsiz shahar” loyihasining texnik hujjatlari (Konsepsiya, Bosh texnik topshiriq, Texnik iqtisodiy hisob) Xalqaro konsalting kompaniyasi (“PWC”) ekspertlar guruhi bilan birgalikda tegishli idoralar va vazirliklar ishtirokida ishlab chiqildi.

Birinchi bosqichda 2019-2020 yillarda Toshkent shahrida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etgan holda “Xavfsiz shahar” loyihasining yagona texnologik platformasini yaratish boʻyicha ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu asosda Toshkent shahridagi barcha qisqa raqamli tezkor navbatchilik — 101, 102, 103, 104, 1050, 1055 xizmatlari Yagona vaziyatlar markaziga jamlanadi hamda umumiy “112”-navbatchilik xizmati doirasida faoliyati tashkil etiladi.

Bundan tashqari, ijtimoiy soha, madaniyat, turizm obʼektlari, vokzal va bozorlarda jamoat tartibini va xavfsizlikni taʼminlash uchun 50 mingdan ortiq kuzatuv kameralari oʻrnatiladi hamda umumiy maʼlumotlar bazasi 20 mln.dan ortiq boʻlgan intelektual qidiruv tizimi tashkil etiladi.

500 dan ortiq chorrahalarda zamonaviy yoʼl harakatini boshqarish tarmogʻi yaratilib, “aqlli” avtoturargoh xizmati joriy etiladi.

Kadastr maʼlumotlari kiritilgan elektron raqamli xarita ishlab chiqiladi va uning yordamida noqonuniy olib boriladigan qurilishlarga tezkor chora koʻrish imkoniyatlari yaratiladi.

Shaharda atrof-muhitni ekologiya holatini yagona monitoring va nazorat qilish tizimi tashkil etilishi hamda vaziyatlar markaziga integratsiya qilinadi.

Tezkor navbatchilik xizmati xodimlari va texnik mutaxassislari malakasini oshirish boʻyicha oʻquv markazi hamda tizimning uzluksiz faoliyatini taʼminlash uchun laboratoriya tashkil etilishi koʻzda tutilgan.

Maʼlumot uchun:

“Xavfsiz shahar” tizim yordamida quyidagi ijobiy koʻrsatkichlarga erishilishi kutilmoqda, jumladan:

umumiy “112” — navbatchilik xizmati faoliyati doirasida favqulodda vaziyatlar xizmatlarining faoliyatini muvofiqlashtirishning samarali mexanizmi joriy etilishi;

jamoatchilikning davlat tuzilmalariga nisbatan ishonchi 35 foizga oshishi;

jinoyatlarni fosh etish vaqti va huqukbuzarliklar soni 45 foizgacha kamayishi;

atrof-muhit ekologiya holatini monitoring va nazorat qilish boʻyicha yagona tizim tashkil etilishi natijasida shahar ekologik holati nazoratga olinishi va yaxshilanishiga zamin yaratiladi.

Loyihani amalga oshirish jarayonida mahalliy dasturiy taʼminot ishlab chiqaruvchi kompaniyalarni keng jalb etish hamda hamkorlik jarayonida ularning tajribasini oshirish va kelgusida jahon bozoriga chiqishlari uchun zamin yaratishga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.

Shu bilan birga, vazirlik va idoralarning maxsus tezkor xizmatlari mutaxassislarini qayta tayyorlash oʻquv markazini yaratish xamda videokuzatuv kameralarini, oʻrnatiladigan dasturiy taʼminotlarni mavjud standartlarga muvofiqligini tekshirish va integratsiya qilish boʻyicha maxsus laboratoriya tashkil etish nazarda tutilgan.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.