18 +  RSS  E-mail
11:50, 27 12 2019

Har narsaning meʼyori yaxshi


Etiket — frantsuzcha jamoat joylarida oʻzini risoladagidek tutish, yaʼni odob qoidalaridir. Barchamizga bolaligimizdan oʻrgatib kelinadigan ushbu  qoidalar, bizning ong-u shuurimizda muhrlanib ulgurgan. Har birimiz,  jamoat joylarida, boshqalar bilan muloqot chogʻida, oʻzimiz haqimizda yaxshi taassurot qoldirishni istaymiz. Bunga esa odob qoidalariga rioya qilish orqali erishamiz. 

Biz rivojlangan jamiyatda yashar ekanmiz, tabiiyki har joyning oʻziga yarasha yozilgan va yozilmagan qoidalari mavjud.  Hayotimizning bir qismiga aylangan,  internet, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishning qoidalari ham shular jumlasidandir.

XX asrning 80-yillarida foydalanuvchilar tomonidan, internet tarmoqlaridan foydalanish madaniyatini ishlab chiqish fikri tugʻilgan. Keyinchalik, 1994 yil AQShning Virginiya  shtatida “Netiquette” kitobi “Maʼnaviyatning oltin qoidalari» nomi ostida chop  etilgan. Ushbu atama internet jamiyatida anchadan beri «Netiket» (ing.net — tarmoq étiquette — madaniyat) nomi bilan qoʻllanib kelinmoqda.

— Inson omili haqida unutmang! Har bir yozayotgan soʻzingizning oʻz taʼsiri bor.

— Nafaqat oʻzingizning, balki oʻzgalarning ham erkin shaxs ekanligiga ahamiyat bering.

— Insoniy munosabatlar hamda ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish madaniyati haqida unutmang.

— Ijtimoiy tarmoqlarda ijtimoiy mavqeingiz, moddiy boyligingiz ustunligidan foydalanmang.

Shu kabilarni  oʻz ichiga olgan ushbu qoidalar, qonuniy belgilangan qoidalar sirasiga kirmaydi. Chunki dastlab, internet ijtimoiy tarmoqlaridan foydalanuvchilar ziyolilar qatlami boʻlgani uchun bu qoidalar tabiiy  qabul qilingan. Bugun esa, internet ijtimoiy tarmoqlardan foydalanuvchilar soni keskin oshmoqda. Ular orasida barchasi ham bu kabi qoidalarga amal qilavermaydi. Ayrim foydalanuvchilar orasida bu maydonda oʻzlikni namoyon  qilish,  ijtimoiy tarmoqlarga mukkasidan ketish, yaʼni oʻzini har bir xatti-harakatini ijtimoiy tarmoqlarga joylash orqali koʻz-koʻz qilish kabi salbiy holatlar kuzatilmoqda. Bunday xatti-harakat bilan esa foydalanuvchilar dunyoqarashi va nimani his etayotganligini jahonga oshkor etmoqdalar.  Buning natijasida, har qanday inson bir qarashdayoq foydalanuvchi haqida barcha maʼlumotga ega boʻlishi  mumkin. Bu esa, internet orqali yovuz niyatli kimsalarning vayronakor gʻoyalarini amalga oshirishda  qoʻl kelmoqda.

Koʻpgina foydalanuvchilar oʻzi haqidagi eng muhim boʻlgan maʼlumotlarni joylaydilar: qayerga boradi, qanday mashgʻulotlar bilan shugʻulanadi, qayerda ishlaydi, hullas hayotining ikir-chikirlarigacha, hatto boshiga tushgan musibatlarni ham ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilib, post qoldirayotganlarni keyingi paytda koʻp kuzatmoqdamiz. Xoʻsh bunga nima va qanday omillar sabab boʻlmoqda?

— Kuzatishlarimiz natijasi sifatida shuni aytib oʻtishimiz lozimki, ayrim insonlar faqat oʻz xatti-harakatlarini koʻz-koʻz qilish maqsadida ijtimoiy tarmoqlarga selfi yoki hissiy holati ifodalangan profillar qoʻyish orqali atrofdagilarning eʼtiborini tortishga urinib, ularni munosabat bildirishlarini kutish hollari uchraydi. Masalan: ”Bugun mening tugʻilgan kunim: oʻzimni baxtimga oʻzim sogʻ boʻlay” kabi profillarni qoʻyayotgan insonlarning ruhiy holatini oʻrganganimizda ularning oʻzlarga mehr yetishmayotganini, hammaning diqqat markazida boʻlishga urinish, emotsional reaktsiya bildirishlarini kutish, yaqinlaridan koʻproq eʼtibor istayotganlarini aniqladik. Yoki yaqinidan ayrilganini ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilish orqali inson yolgʻizligini, koʻproq mehr va eʼtibor berishlarini istashini tushuntirmoqchi boʻladi. Demakki, foydalanuvchi bu musibatni, yoʻqotishni anglab yetmagan yoki oʻz hayotiy pozitsiyasini anglashga  qiynalayotganini bildiradi, — deydi Urganch Davlat universiteti amaliyotchi-psixologi Mashhura Sultonova.

— Men ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilaridan biri sifatida  insoniy fazilatlarni unutmagan, odob-axloq doiralari  va meʼyoridan chiqmagan holda foydalanish tarafdoriman. Ayniqsa, har bir inson yozayotgan posti, joylayotgan rasmlari orqali, nima demoqchiligini aniq bilishi kerek.  Mening fikrimcha, ijtimoiy tarmoqlarda oʻzini reklama qilayotgan foydalanuvchilar, atrofdan eʼtibor kutadigan va oʻziga past baho beradigan,  hayotida boʻshliq paydo boʻlganlar sirasiga kiradilar. Shu yoʻl bilan ular atrofidagilarning dikkat markazida boʻlishga intilishadi.  Ayni damda ijtimoiy tarmoqlar bizga fikr almashish, maʼlumotlar olish va ulashish, masofadan turib bilim olish kabi imkoniyatlarni taqdim etmoqda, biz esa bularni ongli ravishda, oʻz shaxsiyatimizni mustahkamlashga  yoʻnaltirishimiz kerak, — deydi URDU talabasi   Fazilat Karimova.

Xulosa oʻzingizdan. Biz insonlarning bunday hatti-harakatlarini tanqid kilishdan yiroqmiz. Shunchaqi har qadamimizda oʻzbekona urf-odatlarimizni unutmasligimiz, ijtimoiy tarmoqlardan meʼyorida foydalanishimiz lozimligini eslatmoqchimiz. Aslini olganda, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishdagi qonun-qoidalar ham, odob-axloq qoidalari ham, bizning “Odobnoma»larimizda oʻz aksini topgan. Shunday ekan, ijtimoiy tarmoqlardan oʻz oʻrnida  foydalanish maqsadga  muvofikdir.                                                                 

Sevinchoy SOBIROVA


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.