18 +  RSS  E-mail
11:48, 27 12 2019

Guliston shahrida ixtisoslashtirilgan maktab-internat binosi foydalanishga topshirildi


Guliston shahrida Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqur oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internatni binosi foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda qator vazirlik va idoralar rahbarlari, viloyat va shahar hokimligi masʼullari, yozuvchi va shoirlar, tilshunos va adabiyotshunos olimlar, oʻquvchi-yoshlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Mamlakatimizda taʼlim tizimini isloh qilish, shu jumladan, fanlarni chuqur oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktablarni tashkil etish borasidagi ishlar bilimli, ilm borasida dunyoning rivojlangan davlatlaridagi tengdoshlari bilan raqobatlasha oladigan har tomonlama yetuk avlodni voyaga yetkazishga xizmat qilayotgani taʼkidlandi. Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqur oʻrgatishga ixtisoslashtirilgan ijod maktabi esa oʻzbek tili va adabiyoti rivoji uchun yosh iqtidorlarni tarbiyalovchi ziyo maskaniga aylanishi alohida qayd etildi.

Tadbir avvalida ijod maktabida oʻrnatilgan H.Xudoyberdiyeva haykali tantanali ravishda ochildi. Mehmonlar haykal poyiga gulchambar qoʻyib, maktabda oʻquvchi-yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Maʼlumki, Prezidentimiz joriy yilning 19 fevral kuni Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurib, bir guruh ijodkorlar bilan uchrashgan va uchrashuv chogʻida viloyat markazida Oʻzbekiston xalq shoirasi Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqur oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internatni barpo etish tashabbusini ilgari surgan edi.

Davlatimiz rahbarining mazkur tashabbusi ijrosi yuzasidan 2019 yil 18 may kuni Vazirlar Mahkamasining “Guliston shahrida Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqur oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internatni tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qarorga muvofiq, Guliston shahrida oʻziga xos, milliy va zamonaviy arxitektyrani uygʻunlashtiruvchi yangi, 3 qavatli muhtasham bino bunyod etildi.

150 oʻrinli maktab-internat binosi “Beton sanoat” masʼuliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan qisqa fursat — 6 oyda barpo etildi. Umumiy maydoni 2,2 gektarni tashkil etuvchi mazkur ijod maktabi binosini qurish va jihozlashga 34 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi.

Shahar koʻrkiga koʻrk qoʻshib turgan ushbu inshoot respublikamiz ijod maktablaridan oʻzining betakror dizayni bilan farq qiladi. Obʼektning sifatli va mukammal qurilishida jamiyatning 200 nafar doimiy va 300 nafar mavsumiy ishchi-quruvchilar ishtirok etdi.

— Maktabimizda 120 nafar oʻquvchi boʻlib, 30 nafarga yaqin malakali va iqtidorli ustoz-murabbiylar saboq berayotir, — deydi Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqur oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internat direktori Muhammad Ismoilov. — Bu yerda oʻquvchilarning puxta bilim olishi uchun barcha zarur sharoit yaratilgan. Jumladan, maktab binosida 20 ta oʻquv xonasi, laboratoriya, 5 ming kitob fondiga ega kutubxona, 3 ta faollar zali, har biri 100 oʻrinli yotoqxona va oshxona, media-markaz, shuningdek, soatiga ming nusxa gazeta, jurnal va kitob chop etishga moʻljallangan kichik bosmaxona, sport zali va ochiq sport majmuasi mavjud.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.Abduvohidov, Sirdaryo viloyati hokimi Gʻ.Mirzayev, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi oʻrinbosari N.Xolboʻtayev soʻzga chiqdi.

Sirdaryo viloyati hokimligi axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.