18 +  RSS  E-mail
14:29, 24 12 2019

Diydor gʻanimat


Ertalab choy ichib oʻtirgandim. Ayolim kelib yonimga oʻtirdi. Piyolaga choy quyib uzatarkan, asta gap boshladi:

— Dadasi, bugun siz boshqa bir ayolni kechki ovqatga taklif qilishingizni istayman.

Chaynab turgan nonim tiqilib qoldi.

— Tinchlikmi onasi? Qanaqa ayol bilan kechki ovqatga boraman, koʻrganlar nima deydi, esingni yedingmi? — dedim oʻzimni oʻnglab.

— Men sizni qattiq sevaman, xammadan qizgʻonaman, lekin aniq bilamanki, u ayol sizni mendan-da ortiq sevadi,  va siz bilan bir soniya boʻlsa-da birga suhbat qurib, diydoringizga toʻyishni istaydi. Bu inson sizning onangiz, — dedi ayolim.

Chuqur oʻyga tolib qoldim. “Mana 19 yildirki, onam dadamsiz, birgina ukam bilan qishloqda yashaydi. Uchta bola va ayolimni yaxshi kiyintirib, yaxshi boqaman deb, biror marta tuzukroq onamga eʼtibor bermabman. Oʻle, eee oʻgʻil boʻlmay, tur oʻrningdan”, deya oʻzimni oʻzim koyib oʻrnimdan turdim. Telefonimni olib onamga qoʻngʻiroq qildim. Goʻshakni koʻtariboq,  “Tinchlikmi bolam, nima boʻldi, buncha barvaqt telefon qilding”, deb qoldilar.

— Onajon, xavotirlanmang. Faqat yomon narsa boʻlishi kerakmi, saharlab qoʻngʻiroq qilishim uchun? Sizni sogʻindim, — dedim nafasim qisilib.

Onam quloqlariga ishonmadilar shekilli. Chunki bu gapni ancha yillardan beri birinchi marta aytishim edi.

— Bolam gaplaring yoqmayapti. Xuddi oʻlimidan oldin vasiyat qiladiganlarga oʻxshab gapirma! Nima boʻldi? — deya yana soʻradilar.

— Xech narsa emas onajon. Maylimi, bugun kechga sizni biror restoranga kechki ovqatga taklif qilsam? Ikkalamiz shu oqshomni birga oʻtkazsak? 

Bir oz jim qoldilarda, “Jon jon deyman bolam”, dedilarda, piqillab yigʻlab yubordilar.

Kechqurun mashinamni minib, onamning uyi tomon ketarkanman, xuddi uzoq kutgan sevgilisi bilan uchrashuv oldidan hayajonga tushib qoladigan oshiqdek, balki undan ham battar holga tushib, yuragim tez-tez ura boshladi. Yetib kelib toʻxtaganimda, havo sovuq boʻlishiga qaramay, onam darvoza oldida kutib turardilar.

— Onajon, nega chiqib oldingiz? Kelib oʻzim olib chiqardim, sovuqda muzlabsiz-ku.

Onam kelib peshonamdan oʻpib soʻrashdilar-da, “Bolam yuragim toqat qilmay chiqib oldim”,  dedilar.

Onam xuddi uchrashuvga chiqqandek yasanib olganlar. Holatlarini koʻrib dam kulgim kelardi, dam oʻzimni yomon koʻrardim: “Nega shu paytgacha onangni bir marta boʻlsa-da shunday xursand qilmading”, deb.

Mashinaga oʻtirar ekanlar, “Dugonalarimga bugun oʻgʻlim meni restoranga taklif qildi desam, xammasining menga xavasi keldi”, dedilar.

Shahar markazidagi shinamgina restoranga kirdik. Kirar ekanmiz, onam qoʻlimdan ushlab olib, viqor bilan, xuddi shaharning birinchi raqamli xonimidek yurib borardilar. Koʻzlaridagi quvonchni yashirishning imkoni yoʻq edi. Stolga oʻtirar ekanmiz, menyuni olib oʻqidim. Onam ancha koʻzdan qolibdilar, faqat katta xarflarni koʻra oldilar xolos.

— Sen bolaligingda oʻqishni bilmasding, menyuni men oʻqirdim, sen esa erkalanib biror narsa tanlaguningcha ancha vaqt oʻtardi, endi esa sening navbating kelibdi, — dedilar onam, uzoq oʻtmishni eslab.

Suhbat qurib uzoq oʻtirdik. Vaqt allamahal boʻlganini ham sezmabmiz. Qalbimda qandaydir shirin xotiralar, notanish iliqlik joʻsh ura boshladi. Qanchalar ajoyib kecha boʻldi.

“Shunday ayolni nega shu paytgacha bir marta boʻlsa-da restoranga taklif qilmabman? Bu shunchalar ajoyib ekan-ku”, deya oʻzimni oʻzim tergay boshladim.

Onamni uylariga qoʻyar ekanman, “Bolam sen bilan yana oʻsha yerga borishni istayman”,  dedilar.

— Bajonidil onajon, unda kelayotgan xaftada boramiz, — dedim.

— Lekin bu safar man toʻlayman restoranning pulini, — dedilar qaysarlik bilan.

— Mayli onajon, siz nima desangiz shu, — dedim.

Uyga qaytganimda ayolimga rahmat aytdim, axir u menga ajoyib bir oqshomni oʻtkazishda katta yordam berdi-da.

Oradan ikki kun oʻtmay saharda ukam telefon qilib,  “Aka tez keling, onamning yuraklari xuruj qildi”, deb qoldi.

Onamni tirik koʻrish nasib qilmadi. Borgunimcha jonlari uzilibdi. Maʼrakalardan keyin ukam bir konvert tutqazdi, onam berib qoʻygan ekanlar. Ochdim, u yerda bir parcha qogʻozga xat qoldiribdilar: “Bolam, vaʼda qilganimdek, avvaldan borib restoranga ikki kishilik kechki ovqatni xisoblatib, pulini toʻlab keldim. Toʻlov qogʻozi ham shu yerda. Balki oʻsha kungacha men yetib bormasman. Lekin sen albatta ayolingni olib, oʻsha yerga borgin. Ikkalamiz oʻtirgan joyda”.

Banu MUHSIMOVA sahifasidan


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.