18 +  RSS  E-mail
11:28, 18 12 2019

Jizzaxda 34 yil mehnat taʼtiliga chiqmagan hamshiraga 34 mln soʻm kompensatsiya toʻlandi


Jizzaxda 34 yillik mehnat faoliyati davomida mehnat taʼtiliga chiqmagan Gulchehra Yaxshiboyevaga kompensatsiya puli undirib berildi. Bu haqda viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi vakillari maʼlum qildi.

Kasaba uyushmasi Gulchehra Yaxshiboyeva manfaatini koʻzlab javobgar Baxmal tuman tibbiyot birlashmasiga nisbatan foydalanilmagan mehnat taʼtili uchun kompensatsiya hamda maʼnaviy zarar undirish toʻgʻrisidagi daʼvo talabi bilan murojaat qildi. Unda 34 yillik faoliyati davomida mehnat taʼtilidan foydalanilmaganligi uchun kompensatsiya hamda 12 million soʻm maʼnaviy zarar undirilishi soʻralgan.

Sud majlisida arizachi G.Yaxshiboyeva 1976 yil dekabr oyidan 2016 yil 14 yanvarga qadar Baxmal tuman tibbiyot birlashmasida hamshira vazifasida ishlab kelganligi, 1982-2015 yillar davomida mehnat taʼtiliga chiqmaganligi maʼlum qilingan. Mehnat qonunchiligiga koʻra, mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodimga foydalanilmagan barcha yillik asosiy va qoʻshimcha taʼtillar uchun pullik kompensatsiya toʻlanishi belgilab qoʻyilgan.

Sud qarori bilan javobgar Baxmal tuman tibbiyot birlashmasidan Gulchehra Yaxshiboyeva foydasiga 34,1 million soʻm kompensatsiya undirildi.

Jizzax viloyati hokimligi axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.