18 +  RSS  E-mail
11:21, 11 12 2019

Puli yoʻqqa bogʻcha ham yoʻq!


Ancha vaqtdan buyon Samarqand viloyati, Jomboy tumanidagi 3-MTMga qabul qilinishi uchun 67-chi navbatda turgan, 5 yashar Samir ota-ona mehrisiz, buvi va buvasining qaramogʻida ulgʻaymoqda. Aksiga olib buvisi ogʻir dardga chalingan. Lekin Jomboy tumani MTBning noinsof mudirasi Dilafuruz Ablaqulova, 67-chi navbat qolib, 100 dan to 116-chi navbatda turgan sogʻlom puldorlarning, sogʻlom farzandini qabul qilgani naqadar achinarlidir.

Bu ham yetmaganidek 3-MTM mudirasi ishdan olinganiga koʻp vaqt boʻlishiga qaramay, hozirgacha bogʻcha mudirasiz boshqarilmoqda. Jomboy tumani MTBsining mudirasi Dilafuruz Ablaqulovani izlab topish imkonsiz. Unga qoʻngʻiroq qilganimizda esa u «shifoxonada davolanayapman», deb aldaydi. 10 kun davolansin, 20 kun davolansin. Lekin 3 oy ham davolanadimi? Navbat bilan qabul qilinmas ekan, “Yagona darcha”ni nima keragi bor?

Aslida Samir navbatsiz qabul qilinishi kerak edi. Jomboy Oʻzbekistonga boʻysinmovchi alohida davlatmi…?

Jomboy tumani MTB mudirasi Dilafuruz Ablaqulova, Samarqand viloyati MTB raxbariga yaqin odam xisoblanadi. Samarqand viloyati MTB raxbari kimga yaqin ekani menga qorongʻu… Maktabgacha taʼlim vazirligi tomonidan tekshirilsa, bir qator noqonuniy ishlar fosh boʻlarmidi…? Lekin afsus maktabgacha taʼlim vazirligining vaqtlari yoʻqda.

Kambagʻalning bolasi puli yoʻqligidan Hindistonga borib davolanmasligi oqibatida oʻlib ketmoqda, kambagʻalning bolasining navbati qolib boyning bolasi bogʻchaga borgan zamonda, sen menga qonun ustuvorligi haqida ertak aytma!

Dilmurod HAMEDOV

“Xalq fikri”dan


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.