18 +  RSS  E-mail
11:20, 11 12 2019

Oʻgʻlimga


Men seni sogʻindim, begʻuborginam,

Diydori shirinim beozorginam,

Yoʻlimda koʻzlari intizorginam,

Kutgin bolajonim, qaytaman albat,

Koʻzingdan aylanay, yigʻlama faqat.

Tiriklik dard emas, tirikchilik ham,

Borliging har qanday ogʻriqqa malham,

Baxtimga omon boʻl, yolgʻizim, erkam,

Kunlarni sanashni qilsangda odat,

Koʻzingdan aylanay, yigʻlama faqat.

Kaming yoʻq, lek netay kemtik yuraging,

Tegmasin yerga deb bir kun kuraging,

Yiroqda yuribman senchun keragim,

Murodga yetkazar sabr va toqat,

Koʻzingdan aylanay, yigʻlama faqat.

Qaddim dol boʻlmagay, qimmatim arzon,

Sogʻinchlar koʻnglimni etsada vayron,

Hayotim mazmuni sensan bolajon,

Quvonching uygʻotar gʻayrat-shijoat,

Koʻzingdan aylanay, yigʻlama faqat.

Yoddan sheʼr oʻqiysan yoqimli biram,

Boʻgʻzimga tosh osar hayajon, chidam,

Yuzimni yuvadi erigan alam,

Sinovlar soʻnggida bordir inoyat,

Koʻzingdan aylanay yigʻlama faqat.

Tunlari tushdasan, oʻyimda sahar,

Shodliging huzurim, sogʻliging gavhar,

Kamoling koʻrsam bas yagonam Samar,

Har ikki dunyoda koʻrgin saodat,

Koʻzingdan aylanay, yigʻlama faqat.

Kutgin bolajonim, qaytaman albat,

Koʻzingdan aylanay, yigʻlama faqat.

Nilufar TOHIROVA

“Oqibatlilar”dan


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.