18 +  RSS  E-mail
11:17, 11 12 2019

Markaziy Osiyoda yagona


Jizzax shahridagi “Sofitel” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi Oʻzbekiston-Xitoy qoʻshma korxonasiga 2018 yilda asos solingan edi.

Korxonaning loyiha qiymati 10,1 million AQSh dollariga teng boʻlib, yiliga 10 ming tonna oʻta noyob sanalgan metall va matolarga rang beruvchi “Ul’tramarin” buyoqlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

Mazkur korxonaga Xitoyning “Zhongtian Shandong” kimyoviy buyoqlari kompaniyasining 1,6 million AQSh dollari miqdoridagi toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyasi, “Oʻzsanoatqurilishbank”ning 6,5 million dollarlik krediti, tadbirkorning 2 million dollar hajmdagi mablagʻi yoʻnaltirilgan.

Ishlab chiqarish tsexlari Xitoyning eng soʻnggi rusumdagi zamonaviy texnologiyalari, asbob-anjomlar bilan jihozlandi. Shu yilning oktyabr oyida korxonaning birinchi navbati ishga tushirildi. Bu yiliga 4 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish imkoniyatini yaratdi.

— Qoʻshma korxonamiz asosan mahalliy xom-ashyo – kal’tsiy sodasi, oltingugurt, kaolin, kvarts qumi kukuni va oʻtin koʻmiridan bozorgir mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashgan, — deydi “Sofitel” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qoʻshma korxona menejeri Qobil Komilov. — Hozircha ishlab chiqarilayotgan xom ashyo tarkibidagi natriy sul’fitni Xitoydan olyapmiz. Qolgan ashyolar – kal’tsiy sodasi Qorqalpogʻiston Respublikasining Qoʻngʻirot shahridan, oltingugurt esa Muborak gazni qayta ishlash zavodidan, kaolin Angrendan, oʻtin koʻmiri Toshkentdan, kvarts qumi kukuni esa Forishdan keltirilayapti. Ishlab chiqarishda mahalliy xom ashyodan keng foydalanilayotgani mahsulot tannarxini arzonlashtirish imkonini bermoqda.

Qoʻshma korxonaning ishga tushirilishi 154 nafar yoshlarni doimiy ish bilan taʼminlash imkonini berdi. Zavodning ikkinchi navbatini qurib, ishga tushirish 2020-2022 yillarga moʻljallangan. Ana shunda mahsulot ishlab chiqarish hajmi ham, ish oʻrinlari ham hozirgiga nisbatan 1,5 barobarga oshirilishi koʻzda tutilayapti.

— Nihoyat menga oʻxshagan uy bekalari ham zamonaviy sanoat korxonasida mehnat qilish imkoniyatiga ega boʻldi, — deydi tayyorlov tsexi brigadiri  Nilufar Joʻrayeva. -Brigadamiz ishchilarining aksariyati shu paytgacha biror yerda ishlamagan xotin-qizlar. Bizga xitoylik mutaxassislar buyoq ishlab chiqarishning oʻziga xos xususiyatlarini oʻrgatdilar. Hozirda barchamiz kasbimiz sirlarini oʻzlashtirib oldik. Shuning uchun kunlik topshiriqlarni oshirib uddalayapmiz. Unumli mehnat qilishimiz, maroqli hordiq chiqarishimiz uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Komp’yuterlashtirilgan tizimda ishlovchi zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan korxonada mehnat qilib, erishilayotgan natijalarga oz boʻlsada hissa qoʻshayotganligimdan nihoyatda baxtiyorman.

Ul’tramarin boʻyoqlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan qoʻshma korxonada tayyorlanayotgan mahsulotning yuz foizi eksport qilinishi koʻzda tutilgan. Buning uchun korxonada barcha qulayliklar yaratilgan. Joylarga tarqatilgan buklet va boshqa reklama vositalarida ishlab chiqarilayotgan mahsulot sifatining yuqoriligi aks ettirilgan. Bu hamkorlar eʼtiborini tortayotir. Yaqinda qoʻshma korxona Xitoyning “Shandong Zhjngtian Qunaing New Material” Co.LTD kompaniyasi bilan ilk shartnomani imzolashga erishdi. Mazkur shartnomaga asosan hamkorlarga 143,2 tonna buyoq joʻnatiladigan boʻldi.

— Zavodimiz MDHda ikkinchi, Markaziy Osiyoda yagona sanaladi, — deydi korxona bosh direktorining boshqaruv boʻyicha oʻrinbosari Odil Poʻlatov. — Tasodifan bu loyihaga qoʻl urganimiz yoʻq. Bu koʻp yillik izlanishlarimiz natijasi. Negaki, asosan mahalliy xom ashyodan tayyorlanayotgan mahsulotimizga jahon bozorida talab yuqori. Ana shuni hisobga olib ishlab chiqarish quvvatini bosqichma-bosqich oshirish tadbirlarini belgilaganmiz. 2022 yilga borib mahsulot ishlab chiqarish hajmi 10 ming tonnaga yetkaziladi.

2019-2021 yillarda Jizzax shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish Davlat dasturi asosida jami 101 ta loyiha amalga oshirilishi koʻzda tutilgan. Loyihalarning 44 tasi sanoat, 52 tasi xizmat koʻrsatish va 5 tasi qishloq xoʻjaligi yoʻnalishidadir. Bu aholi bandligini taʼminlash barobarida daromadlarini oshirishga, turmush farovonligini yaxshilanga xizmat qiladi.

Jizzax viloyati hokimligi axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.