18 +  RSS  E-mail
12:26, 06 12 2019

Otam hayot, Otam duoda


Bilasanmi, gʻanim, nega kuching kam,

Menga qarshi ojiz barcha oʻching ham.

Tosh otganing sayin bagʻrim mustahkam,

Elda azizdurman, qadrim ziyoda —

Chunki Otam hayot, Otam duoda.

Yashab, bildim — molu, dunyo — qoʻl kiri,

Yor ham, farzandlar ham yigit taqdiri.

Omadimning esa bordir bir siri,

Uni bir jumlada etgum ifoda —

«Mening Otam hayot, Otam duoda.»

Parvoga ilmasman bor ila yoʻqni,

Kulib sugʻuraman yurakdan oʻqni.

Yoʻlim davom etar, bossam ham choʻgʻni,

Nasib etdi menga metin iroda,

Sabab — Otam hayot, Otam duoda.

Oʻlim haqdir, ammo mendan chekinar,

Olam yomonligi mendan bekinar.

Qalbimga parilar sevib teginar,

Nechun desam koʻnglim yoshu, navoda,

Bildim, Otam hayot, Otam duoda.

Padar roziligi — chashmayi iymon,

Xizmatida boʻlmoq — sharafli imkon.

Bobur aytar: menman bearmon inson,

Bundan ham ortiq baxt bormi dunyoda —

Shukur, Otam hayot, Otam duoda!

Bobur BOBOMUROD


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.