18 +  RSS  E-mail
12:21, 06 12 2019

Endi sayyohlar joylashtirish vositalarida koʻrsatilayotgan xizmatlarni onlayn baholashi mumkin


“Turizm xizmatlarini sertifikatlashtirish markazi” davlat unitar korxonasi (DUK) mehmonxona xizmatlarini koʻrsatuvchi tashkilotlarga muvofiqlik sertifikatlarini berish bilan birga, ularda koʻrsatilayotgan xizmatlarni inspektsiya nazoratini oʻtkazish orqali (birinchi marta sertifikat berilgandan keyin kamida 6 oy oʻtgandan soʻng, qayta sertifikatlashtirilganda kamida 12 oydan soʻng) doimiy baholab boradi.

Inpektsiya nazorati sertifikat olish vaqtida eʼlon qilingan sharoitlarning dolzarbligini oʻrganishdan iborat, yaʼni misol uchun, sertifikatlashtirish jarayonida taqdim qilingan bepul internet, axborot koʻrsatkichlari, mebel va jihozlar 6 oy yoki 1 yildan keyin ham mavjud boʻlishi va soz holda boʻlishi kerak.

Xorijiy va mahalliy sayyohlarga joylashtirish vositalari tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlarni oʻrganish, baholash va keyinchalik kamchiliklar aniqlangan taqdirda, ularni bartaraf etishda amaliy yordam koʻrsatish maqsadida “Turizm xizmatlarini sertifikatlashtirish markazi” DUK tomonidan rejali inspektsiya nazoratidan tashqari yana qator ishlar olib borilmoqda. Jumladan, yaqin kunlarda boshlangan tadbirlardan biri bu savolnoma orqali sayyohlar fikrini olishdir. Buni amalga oshirish maqsadida Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi saytiga joylashtirish vositalarining umumiy holati, yaratilgan sharoitlari va koʻrsatilayotgan xizmatlarni baholash boʻyicha savolnoma joylashtirildi. Sayyohlarga bu savolnoma haqida xabar berish va uni toʻldirishlarini ragʻbatlantirish maqsadida saytdagi savolnomagan havola koʻrsatilgan QR-kodlar joylashtirilgan breloklar sayyohlarga taqdim qilindi.

Savolnoma natijalari tahlil qilinib, aniqlangan kamchiliklar tizimlashtirilgan holda bartaraf etiladi. Turli hududlarda mehmonxona xizmatidan foydalangan mahalliy sayyohlar ham uzbektourism.uz/ru/statisticsurvey havolasi orqali oʻzlari istiqomat qilgan mehmonxonalar boʻyicha fikr bildirishi, sharoitlari va xizmatlarini baholashi mumkin. Ular shu orqali joylashtirish yurtimizda vositalarida koʻrsatilayotgan xizmatlarni yanada yaxshilashga hissa qoʻshgan boʻlishadi.

Savolnoma toʻliq va xolisona toʻldirilishi maqsadga muvofiq! 

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi matbuot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.