18 +  RSS  E-mail
12:44, 04 12 2019

OʻzA faoliyati takomillashtiriladi: 2020 yil 1 maygacha axborot portaliga aylantiriladi


Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi Prezident qarori imzolandi.

Unga muvofiq OʻzAning asosiy vazifalari va faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilandi:

— yurtimizning ijtimoiy-siyosiy hayotiga oid rasmiy maʼlumotlarni izlash, olish, qayta ishlash hamda axborot, axborot-tahliliy, tahliliy-tanqidiy materiallar tayyorlash va tarqatish;

— Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari, rasmiy bayonotlari va maʼruzalarini, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari va Hukumatining qarorlari va ularning faoliyatiga oid axborotlarni muntazam yoritib borish;

— respublikaning ichki va tashqi siyosatini, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohotlarni, jamiyatimizda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy oʻzgarishlar va yangilanishlarni tezkor yoritish;

— jamoatchilikning katta qiziqishini uygʻotayotgan voqealarning mohiyati boʻyicha fuqarolarda xolis fikrni shakllantirish hamda maʼlumotlardan buzgʻunchi va boshqa gʻayriqonuniy maqsadlarda foydalanish imkoniyatini bartaraf etish uchun aholini bunday hodisalar haqida oʻz vaqtida xabardor qilib borish;

— axborot xurujlari va mafkuraviy tahdidlarning oldini olishga qaratilgan choralarni amalga oshirishda davlat organlari va ularning axborot xizmatlari bilan uzviy hamkorlik qilish va ulardan tizimli ravishda statistik, tahliliy va boshqa turdagi maʼlumotlarni olish;

— boshqa ommaviy axborot vositalari, jismoniy va yuridik shaxslar foydalanishi uchun yurtimizning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, tarixiy va madaniy rivojlanishiga oid maʼlumotlar (axborot, foto va video materiallar) bazasini shakllantirish;

— yurtimizda yuz berayotgan oʻzgarishlarni dunyoga keng tarqatish, jahonda sodir boʻlayotgan voqea-hodisalar haqida mamlakatimiz aholisiga tezkor axborot yetkazib berish, xorijdagi axborot agentliklari va boshqa ommaviy axborot vositalari, media-tuzilmalar bilan hamkorlikni rivojlantirish.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, OʻzA va Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining respublika ijtimoiy-siyosiy hayotiga oid yangiliklar boʻyicha fuqarolarda xolis fikrni shakllantirish, ularga axborot-tahliliy, shu jumladan, audio va video axborotlar yetkazish imkoniyatlarini yanada kengaytirish maqsadida OʻzA tarkibida Media markaz tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berildi.

Quyidagilar Media markazning asosiy vazifalari etib belgilandi:

— axborot-tahliliy va mul’timedia materiallar, eshittirish va koʻrsatuvlar, voqea joyidan onlayn reportajlar tayyorlash, audio va video materiallarni qayta ishlash, ularni OʻzAning veb-saytiga joylashtirish va ommaviy axborot vositalariga belgilangan tartibda yetkazib berish;

— axborotni qayta ishlash va tarqatishning zamonaviy usullaridan, jumladan, infografika, moushn-grafika, ijtimoiy rolik, 360 formatidagi video va boshqalardan keng foydalanish;

— davlat organlari mutaxassislarini jalb qilgan holda amalga oshirilayotgan islohotlar va yangilanishlar, qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazish.

OʻzA huzurida uning faoliyatini tizimli yoʻlga qoʻyish hamda davlat organlari va nodavlat tashkilotlar bilan samarali hamkorlikni oʻrnatish boʻyicha Maslahat kengashi tuzildi.

Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi xodimlarining umumiy cheklangan soni 155 nafar, shu jumladan, boshqaruv xodimlarining soni 13 nafardan iborat boʻlgan tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekiston Milliy axborot agentligining Qoraqalpogʻiston axborot agentligi (keyingi oʻrinlarda — Qoraqalpogʻiston axborot agentligi) xodimlarining umumiy cheklangan soni 13 nafar, shu jumladan, boshqaruv xodimlarining soni 2 nafardan iborat boʻlgan tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;

OʻzA tomonidan 2022 yil 31 dekabrga qadar chetdan olib kelinganda bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod etiladigan texnika vositalari roʻyxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlandi.

OʻzA bosh direktori va uning oʻrinbosarlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi.

OʻzA bosh direktori maqomi, mehnatga haq toʻlash, moddiy ragʻbatlantirish, tibbiy va transport xizmati koʻrsatish shart-sharoitlariga koʻra vazirga, uning birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosari esa tegishlicha vazirning birinchi oʻrinbosari va vazir oʻrinbosariga tenglashtiriladi.

Qoraqalpogʻiston axborot agentligi direktori maqomi, mehnatga haq toʻlash, moddiy ragʻbatlantirish, tibbiy va transport xizmati koʻrsatish shart-sharoitlariga koʻra, OʻzA bosh direktori oʻrinbosariga tenglashtiriladi.

Quyidagilar OʻzA va Qoraqalpogʻiston axborot agentligi faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilandi:

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari;

OʻzA va Qoraqalpogʻiston axborot agentligining byudjetdan tashqari mablagʻlari;

— qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

— 2020 yil 1 mayga qadar muddatda foydalanuvchilar uchun qulay, audio va video axborotlarni tarqatish, tarqatilayotgan axborotlarni tijorat yoʻli bilan yuklab olish imkoniyatlari mavjud boʻlgan OʻzAning axborot portalini ishga tushiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi, “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va “Yuksalish” umummilliy harakatiga mamlakatimizda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar jarayonining borishi haqidagi tadqiqot materiallarini eʼlon qilib borish uchun OʻzAga doimiy ravishda taqdim qilib borish tavsiya etiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi OʻzAga jahondagi yetakchi axborot agentliklari va xalqaro axborot agentliklari uyushmalari bilan axborot almashish boʻyicha hamkorlik oʻrnatishda amaliy yordam koʻrsatadi.

Qaror bilan batafsil tanishish: http://www.lex.uz/docs/4623768

Samarqand viloyati hokimligi matbuot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.