18 +  RSS  E-mail
12:41, 04 12 2019

Namanganda “Soliqlarni aqlli yigʻish tizimi” terminal qurilmasi amaliyotga joriy etildi


Aholiga qulayliklar yaratish maqsadida, soliqlar va majburiy toʻlovlarni elektron toʻlov tizimlari, shaxsiy kabinet va shu kabi inson omili mavjud boʻlmagan texnologiyalar orqali amalga oshirish imkoniyatini yaratish zarurati yuzaga kelmoqda.

Shunga asosan, hududiy soliq inspektorlarining aholidan soliqlarni naqd pul va bank plastik kartochkalar orqali undirib olish imkoniyati mavjud boʻlgan “Soliqlarni aqlli yigʻish tizimi” yaʼni “SAYT” dasturi oʻrnatilgan terminal qurilmasi amaliyotga joriy etilmoqda. Mazkur loyihaning maqsadlari soliq tushumlarini taʼminlashda inspektor faoliyatini avtomatlashtirish, soliq tushumlari boʻyicha naqd pul mablagʻlarini bankka oʻz vaqtida tushishini taʼminlash va real vaqt rejimida ixtiyoriy dislokatsiyada qarzdor mijozlarni aniqlashdan iborat. “SAYT” terminal qurilmasi orqali maʼlumotlar bazasidagi jismoniy shaxslarning barcha soliq toʻlovlari toʻgʻrisidagi axborotlardan toʻgʻridan-toʻgʻri foydalanish imkoniyati mavjud.

Shuningdek, mazkur loyihani amaliyotga joriy etish bilan soliq inspektorining ish unumdorligini oshirish, soliq toʻlovchilarning ovoragarchiligini keskin kamaytirish, soliq tushumini qabul qilishda soatlik nazoratni yoʻlga qoʻyish natijasida noqonuniy xatti-harakatlarning oldi olinadi va shuning barobarida soliq toʻlovchilarga tezkor xizmat koʻrsatishga erishiladi.

“SAYT” terminal qurilmasi orqali bir necha imkoniyatlar yaratiladi. Birinchidan, soliq inspektorining biriktirilgan hududida kun davomida amalga oshirilgan ishlari elektron nazorat qilib boriladi. Ikkinchidan, davlat roʻyxatidan oʻtmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanayotgan jismoniy shaxslarni hisobi olib boriladi. Dasturning yana bir afzallik jihati davlat soliq inspektsiyasi inspektori faoliyatini masofadan nazorat qilish va kunlik amalga oshirilgan ishlar nazorat qilib boriladi. Navigatsiya tizimi orqali esa soliq toʻlovchining manzilini aniqlash mumkin.

Taʼkidlash joiz, “SAYT” terminal qurilmasi birinchi bosqichda Namangan viloyatida tajriba tariqasida sinovdan oʻtkazilmoqda. Natijadorligiga qarab, bosqichma-bosqich respublikamizning barcha hududlarida joriy etilishi rejalashtirilgan.

Hurmatli viloyatimiz aholisi! Agar xonadoningizga kelgan inspektor qoʻlida mazkur dastur oʻrnatilgan qurilma boʻlmasa, toʻlovlarni amalga oshirmaslik huquqiga ega ekanligingizni unutmang. Toʻlovdan soʻng berilgan chekda kerakli maʼlumotlarning barchasi, xattoki toʻlovni qabul qilgan xodimning ismi sharifi ham kiritilgan.

Namangan viloyati DSB matbuot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.