18 +  RSS  E-mail
12:36, 04 12 2019

“Ganchkash”da yangi bogʻcha ochildi


Bugungi kunda davlat-xususiy sherikchiligi munosabatlari jadal rivojlanayotgan sohalardan biri shubhasiz maktabgacha taʼlim tizimidir. Mamlakatimizda ayni jabhada xususiy sektor ishtiroki qoʻllab-quvvatlanayotgani bunga keng sharoit hozirlamoqda. Samarasi esa taʼlimning mazkur bosqichida sifat oʻzgarishi yuz berayotgani, raqobat kuchayotganida koʻzga tashlanadi. Asosiysi, maktabgacha yoshdagi bolalarning bogʻchaga qamrab olinishi darajasi sezilarli oshdi. Bundan koʻproq ota-onalar xursand.

Kogon tumani “Niyozhoji” MFY “Ganchkash” qishlogʻida ham yangi maktabgacha taʼlim muassasasi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Yaqinda mahalliy tadbirkor — Maqsad Shodiyeva saʼy-harakati bilan hududda «Ganchkash kichkintoylari» davlat-xususiy sherikchilik asosidagi 75 oʻringa moʻljallangan bogʻcha ish boshladi.

-Toʻlaqonli faoliyatni yoʻlga qoʻyish uchun tijorat bankidan 800 million soʻm kredit oldik, — deydi ishbilarmon. — Natijada intellektual va jismoniy yetuk bolalarni tarbiyalash uchun barcha sharoitga ega ikki qavatli  yangi bogʻchani qurib, foydalanishga topshirdik. 6 nafar malakali mutaxassisni doimiy mehnat bilan band etdik. Muhimi, xizmatimizga talab yuqori. Hozirda 47 oʻringa bolalar qabul qilingan. Mashgʻulotlar mohir pedagog-tarbiyachilar tomonidan rus, ingliz, va oʻzbek tillarida olib borilishi yoʻlga qoʻyildi.

Darhaqiqat, oʻgʻil-qizlarni maktabga barvaqt tayyorlash, dunyoqarashini oʻstirish, ularga hayot haqidagi boshlangʻich bilimlarni berishda bogʻchaning oʻrni salmoqli. Shu bois yurtimizda mazkur sohani yangi bosqichga koʻtarish, taʼlim sifatini dunyo standartlari darajasiga yetkazishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

Nodavlat taʼlim muassasasining ochilishiga bagʻishlab oʻtkazilgan tadbirda tuman hokimligi mutasaddilari, mahalla faollari hamda  ota-onalar ishtirok etishdi.

Tadbirda tuman hokimi Y.Jumayev bolajonlarni hamda  tadbirda ishtirok etganlarni muassasa ish faoliyati boshlanganligi bilan tabrikladi. Tadbirda bolajonlar  ajoyib  qoʻshiqlari vabir-biridan goʻzal raqslari bilan  barcha mehmonlarning  quvonchiga quvonch ulashdi.

Buxoro viloyat hokimligi axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.