18 +  RSS  E-mail
12:54, 04 12 2019

Evroosiyo iqtisodiy ittifoqining tashkiliy-huquqiy asoslari manfaatlarimizga mosmi?


Bugungi shiddatli globallushuv sharoiti jahon mamlakatlari oʻrtasida yuz berayotgan savdo-iqtisodiy munosabatlarning zamonaviy tendentsiyalari — xalqaro mehnat taqsimoti va ixtisoslashuv imkoniyatlaridan samarali foydalanish masalalarini chuqur tadqiq etish lozimligini taqozo etmoqda. Bu oʻrinda milliy iqtisodiyotlar oldida jahon hamjamiyatiga samarali integratsiyalashuvni chuqurlashtirish orqali tashqi iqtisodiy siyosatni doimiy takomillashtirib borish vazifasi muhim ahamiyat kasb etadi.

Xalqaro ekspertlarning fikricha, “iqtisodiy integratsiya milliy iqtisodiyotlarning iqtisodiy oʻsishiga taʼsir koʻrsatuvchi dinamik rivojlanuvchi jarayondir”.

Shu maʼnoda, bugun Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan yangi bosqichdagi

islohotlar samarasi jahon iqtisodiyoti tizimiga integratsiyalashishga, ayniqsa, hududiy jihatdan yaqin mamlakatlar bilan savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishga ham bogʻliqdir. Shu nuqtai nazardan, MDH doirasida savdo-iqtisodiy munosabatlarni iqtisodiy integratsiyaning muhim koʻrinishi hisoblangan yagona bojxona ittifoqi doirasida rivojlantirish, uning tashkiliy va huquqiy asoslarini takomillashtirish, bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biri boʻlib qolmoqda.

Ekspertlarning taʼkidlashlaricha, bu borada Evroosiyo iqtisodiy ittifoqi (EOII) sobiq ittifoq hududidagi omadli va istiqbolli integratsiya loyihasidir. 1995 yilda Rossiya Federatsiyasi va Belorus Respublikasi oʻrtasida imzolangan “Bojxona ittifoqi toʻgʻrisida”gi bitimga asoslangan va keyinchalik oʻz tarkibiga Qozogʻiston, Qirgʻiziston hamda Armanistonni birlashtirgan Yevrosiyo iqtisodiy hamjamiyati, oʻzining shakllanish tarixi va rivojlanish amaliyotiga koʻra, jahon hamjamiyatining diqqat markaziga tushdi.

Hozirgi kunda dunyoda 5 ta asosiy iqtisodiy blok mavjud boʻlib, ular Yevropa Ittifoqi, MERCOSUR — Janubiy Amerika davlatlarining davlatlararo iqtisodiy birlashmasi, NAFTA — Shimoliy Amerika erkin savdo zonasi, ACEAN — Janubiy-Sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi va Evroosiyo iqtisodiy ittifoqi (EOII) hisoblanadi.

Yevropa Ittifoqi dunyodagi eng rivojlangan mintaqaviy integratsiya bloki hisoblanadi. Integratsiyaning barpo etilishi sohasidagi rejali va tizimli ishlar Yevropa ittifoqi doirasida iqtisodiy va siyosiy ittifoq tuzish shaklida oʻzining ijobiy natijalarini berdi. Bojxona ittifoqi va Yevropa ittifoqining hozirgi shaklda muvaffaqiyatli shakllanishi, barcha muammolarga qaramay, Yevropada integratsiya jarayonining hayotiyligini tasdiqlamoqda.

MERCOSUR — Lotin Amerikasi va Karib dengizi havzasi aholisining 55,3 foizini (300 milliondan ortiq), toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarning 40 foizini, mintaqa mamlakatlari tashqi savdosining 33 foizini tashkil etadi. Mazkur uyushma aʼzolarining umumiy yalpi ichki mahsuloti 3,3 trln.dollarni tashkil qiladi va hajmi va iqtisodiy salohiyati boʻyicha Yevropa Ittifoqidan keyin ikkinchi, erkin savdo hududi hajmi boʻyicha Yevropa Ittifoqi va NAFTAdan keyin uchinchi oʻrinni egallaydi.

ACEAN uyushmasi Janubiy-Sharqiy Osiyodagi 10 ta davlatni birlashtirgan. (Indoneziya, Malayziya, Singapur, Tailand, Filippin, Bruney, V’etnam, Laos, M’yanma va Kambodja). Hozirgi kunda ACEANga aʼzo davlatlarning aholisi qariyb 500 million kishiga yetgan, umumiy yalpi ichki mahsuloti esa 737 mlrd.dollarini tashkil etmoqda.

Umuman, dunyo davlatlarining iqtisodiy integratsiyaga moslashuvi qanday omillarga asoslanmoqda, ularning birlashuviga qanday sabablar taʼsir koʻrsatmoqda? Eng asosiy sabab bu birinchidan, iqtisodiy hayotning globallashuvi, ikkinchidan esa halqaro mehnat taqsimotining chuqurlashuvidir. Shuningdek, dunyo miqyosidagi ilmiy va texnologik inqiloblar va milliy iqtisodiyotlarning ochiqligini oshirishga ehtiyoj ham mamlakatlarning oʻzaro integratsiyalashuviga sabab boʻlmoqda.

Shu jihatdan qaraganda, bugun turli bahs-munozaralarga turtki boʻlayotgan masala — Oʻzbekistonning Evroosiyo iqtisodiy ittifoqi (EOII)ga aʼzo boʻlishi yuzasidan fikr-mulohazalarimizni bildirishni joiz, deb bildik.

Eng avvalo, EOII doirasidagi tashkiliy-huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi organlar va ularning faoliyati, hamkorligining huquqiy asoslari, oʻzaro kelishuv va bitimlarni chuqur tahlil qilish maqsadga muvofiqdir.

Taʼkidlash lozim, EOIIning aʼzo davlatlari (Rossiya, Belorus, Qozogʻiston, Armaniston va Qirgʻiziston) oʻrtasida tovarlar va xizmatlar harakati, migrantlar harakatlanishi va kapital harakatining erkinligi taʼminlangan boʻlib, yagona bojxona tizimiga ega boʻlgan umumiy iqtisodiy hudud shakllantirilgan.

Evroosiyo iqtisodiy ittifoqining oliy organi aʼzo davlatlar rahbarlari tarkibidan tashkil topgan Oliy Evroosiyo Iqtisodiy Kengashi (OEIK) hisoblanadi. Kengash ittifoq faoliyatining asosiy masalalarini koʻrib chiqadi, integratsiyani rivojlantirish strategiyasi, yoʻnalishlari va istiqbollarini belgilaydi.

EOII Shartnomasi, EOII doirasidagi xalqaro kelishuvlar va Oliy Kengash qarorlarining bajarilishi va monitoringi, aʼzo davlatlar hukumat rahbarlaridan iborat Hukumatlararo Kengash tomonidan taʼminlanadi.

EOII Sudi — doimiy faoliyat yurituvchi sud organi hisoblanib, uning shtab-kvartirasi Minsk shahrida joylashgan. U aʼzo davlatlar tomonidan EOII Shartnomasi tartib-qoidalaridan teng ravishda foydalanilishini taʼminlaydi va nizolarni hal qiladi.

Evroosiyo Iqtisodiy Komissiyasi (EIK) — doimiy faoliyat yurituvchi milliy boshqaruv va tartibga soluvchi organ boʻlib, uningi tarkibi aʼzo davlatlar hukumat rahbarlarining oʻrinbosarlari va har bir davlatdan uch kishidan iborat boʻlgan hayʼatdan iborat. Komissiya qarorlari barcha davlatlarga ijro uchun majburiydir.

Evroosiyo Iqtisodiy Komissiyasi iqtisodiy ittifoqning 170 tadan iborat funktsiyalarini bajaradi:

Jumladan, bojxona-tarif va notarif tartibga solish; bojxona maʼmurchiligini tartibga solish; sanitariya, veterinariya va fitosanitariya chora-tadbirlarini tartibga solish; uchinchi mamlakatlarga nisbatan savdo rejimlarini oʻrnatishni tartibga solish; makroiqtisodiy va raqobat siyosatini belgilash; sanoat va qishloq xoʻjaligiga subsidiyalar, tabiiy monopoliyalar, davlat xaridlari, transport va tashishga oid chora — tadbirlarni tartibga solish va boshqalar.

Shu oʻrinda, ayrim faktlarni ham keltirib oʻtish oʻrinli. Yaʼni, EOIIni tashkil etuvchi beshta aʼzo davlatlar hudud, aholi soni va iqtisodiyot hajmi jihatidan bir-biridan keskin farq qiladi. Ittifoqning eng katta mamlakati Rossiya, eng kichigi Armanistondan 574 marta kattaroqdir va shunga oʻxshash, Rossiyaning yalpi ichki mahsuloti (YaIM) Armanistondan 170 baravar katta. Umuman, Rossiyaning YaIMi qolgan toʻrt aʼzoning umumiy YaIMidan taxminan 6 baravar katta. Toʻrt aʼzo davlat – Armaniston, Belarus, Qozogʻiston va Qirgʻizistonning umumiy aholisi qariyb 42 million, Rossiya aholisi esa 147 millionga yaqin.

Shu jihatdan qaraganda, umumiy YaIMning 87 foizi, umumiy aholining 80 foizi Rossiya Federatsiyasi hissasiga toʻgʻri kelishi hamda EOIIga aʼzo davlatlarning iqtisodiy jihatdan baravar emasligi Rossiyaning dominantlik pozitsiyasini namoyon etadi.

Shu bilan birga, Yevrosiyo Iqtisodiy Komissiyasining printsiplariga koʻra, mazkur Komissiya qarorlarni teng vakillik va konsensus printsipi asosida qabul qilishi — har bir davlatga uning iqtisodiy kuchi va aholisi soni katta-kichikligiga nisbatan emas, balki teng aʼzo sifatida qaralishi koʻrsatib oʻtilgan.

Shuningdek, ayrim ekspertlar tomonidan EOII tuzilmasiga iqtisodiy blok sifatida emas, balki koʻproq siyosiy blok sifatida qaraladi. Oʻz navbatida, Evroosiyo Iqtisodiy Komissiyasi vakolatlari doirasida siyosiy masalalar ushbu Komissiya vakolatiga kirmasligi ham belgilab qoʻyilgan.

Hozirgi vaqtda EOII tomonidan xorijiy sheriklar bilan hamkorlik aloqalari Jahon Savdo Tashkiloti (JST) normalari va tamoyillariga muvofiq tarzda oʻrnatilgan.

Kuzatuvchilik maqomi. 2017 yil aprel oyida Moldova Respublikasi bilan hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolandi, EOII mamlakatlari prezidentlari Moldovaning Ittifoqda kuzatuvchi mamlakat maqomini olish toʻgʻrisidagi murojaatini qabul qildilar. 2018 yil may oyida Moldovaga EOIIda kuzatuvchi davlat maqomi berildi.

Erkin savdo zonasi kelishuvlari. 2017-2018 yillarda EOII uchinchi davlatlar bilan xalqaro iqtisodiy aloqalarni sezilarli darajada kengaytirishga muvaffaq boʻldi. Bugungi kunga qadar V’etnam (2016 yil oktyabr) va Singapur (2018 yil noyabr) bilan erkin savdo zonasi toʻgʻrisidagi, Xitoy bilan iqtisodiy hamkorlik (2017) toʻgʻrisidagi bitimlar imzolangan, Eron bilan esa mazkur maqsadda vaqtinchalik bitim (2018 yil) imzolangan.

Shuningdek, yana qator davlatlar bilan erkin savdo zonasi kelishuvini amalga oshirish boʻyicha muzokaralar olib borilmoqda. Jumladan:

Hindiston. 2015-2016 yillarda Hindiston Respublikasi bilan EOII erkin savdo zonasi toʻgʻrisida Bitim tuzishning maqsadga muvofiqligini oʻrganish boʻyicha qoʻshma tadqiqot guruhi oʻtkazildi. Tadqiqot natijalariga koʻra, erkin savdo rejimiga oʻtish EOIIning Hindiston bilan oʻzaro importining ham va eksportining ham 18 foiz oʻsishi prognoz qilindi. 2017 yil iyun oyida EOII bilan erkin savdo zonasini tashkil etish boʻyicha muzokaralarni boshlash toʻgʻrisida bayonot imzolandi.

Misr. 2016 yilda OEIKning yigʻilishida Misr Arab Respublikasi bilan erkin savdo bitimi tuzish boʻyicha muzokaralarni boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. 2017 yil dekabr oyida ushbu masalada Misr tomoni vakillari bilan texnik maslahatlashuvlar oʻtkazildi.

Moʻgʻuliston. 2015 yil iyun oyida EOII va Moʻgʻuliston oʻrtasidagi keng qamrovli hamkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashish, oʻzaro savdoni rivojlantirish yoʻlidagi toʻsiqlarni bartaraf etish choralarini koʻrish maqsadida OEIK va Moʻgʻuliston hukumati oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum imzolandi.

Tailand. 2016 yil 1 aprelida Rossiya va Tailand oʻrtasida erkin savdo zonasini yaratish boʻyicha muzokaralar boshlandi.

Shuningdek, Vengriya, Isroil, Kambodja, Laos, Pokiston, Peru, Koreya Respublikasi, Suriya, Tunis, Chili, Yaponiya va Indoneziya kabi 50 ga yaqin davlatlar ushbu ittifoq bilan erkin savdo zonasini yaratish yuzasidan qiziqish bildirgan. Jumladan,

Isroil. Erkin savdo bitimini tuzish boʻyicha ishlarni faollashtirish maqsadida 2018 yil 23-24 aprel kunlari tomonlar muzokaralarning birinchi bosqichini oʻtkazdilar. Uning doirasida bitim tuzish boʻyicha muzokaralar olib borish yuzasidan hujjat imzolandi. Hujjat oʻzaro hamkorlik yoʻnalishlarini belgilab, kelgusida ishlash va muzokaralar formatiga oid qator muhim kelishuvlarni oʻz ichiga oldi.

Koreya Respublikasi. 2015 yil oktyabr oyida Komissiya va Koreya Respublikasi Davlat xaridlari xizmati oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolandi. Hujjatda davlat xaridlarini tartibga solish, xususan, elektron xaridlar tizimini takomillashtirish sohasida tajriba almashish koʻzda tutildi. Bundan tashqari, 2015 yil 30 noyabr kuni EIK va Koreya Respublikasi Sanoat, savdo va energetika vazirligi oʻrtasida savdo-sotiq sohasidagi hamkorlikning keng koʻlamli masalalari boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum imzolandi.

Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik. EOII xalqaro tashkilotlar va institutlar bilan faol hamkorlik olib bormoqda. Jumladan, Jahon savdo tashkiloti (JST), Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT), Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti (OECD), Jahon bojxona tashkiloti (WCO), Xalqaro migratsiya tashkiloti (MOM) va boshqalar bilan oʻzaro aloqalar yoʻlga qoʻyilgan. Shuningdek, mazkur ittifoqqa aʼzo davlatlarning asosiy qismi Jahon savdo tashkiloti (JST)ga ham aʼzo hisoblanadi.

EOII va MDH davlatlari hamkorligi. EOII va MDH davlatlari oʻrtasidagi hamkorlik 2013 yildan buyon tizimli ravishda rivojlanib bormoqda. YeIK tashabbusi koʻra, MDHning Ijroiya qoʻmitasi bilan oʻzaro anglashuv memorandumi va oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida memorandumlar imzolangan.

Soʻnggi yillarda EIK va MDH Ijroiya qoʻmitasi turli sohalarda, ayniqsa, mehnat migratsiyasi masalalarini muvofiqlashtirish sohasida faol hamkorlik qilmoqda. 2018 yil noyabr oyida YeIK va MDH Ijroiya qoʻmitasi hamkorlikni chuqurlashtirish toʻgʻrisida memorandum imzoladi.

Hozirgi kunda EOII bilan MDHga aʼzo boshqa davlatlar oʻrtasida savdo-iqtisodiy aloqalar 2011 yilda tashkil etilgan MDH Erkin savdo zonasi doirasidagi oʻzaro imtiyozlar tizimi orqali amalga oshirilmoqda.

MDHning EOIIga aʼzo boʻlmagan davlatlar bilan oʻzaro hamkorlik qilish EOIIning xalqaro faoliyatidagi ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.

Shu oʻrinda, Evroosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasida hal etilishi zarur boʻlgan ustuvor vazifalar haqida toʻxtaladigan boʻlsak, birinchi navbatda davlatlararo ustuvor ahamiyat kasb etuvchi tashqi savdo va bojxona siyosatiga jiddiy eʼtibor qaratish lozim, deb hisoblaymiz. Chunki puxta oʻylangan tashqi savdo va bojxona siyosatining amalga oshirilishi nafaqat Evroosiyo iqtisodiy hamjamiyati doirasidagi integratsiyaning yangi bosqichga koʻtarilishiga, balki aʼzo davlatlarning xalqaro savdo jarayonlarida faol ishtirok etishida ham muhim omil boʻladi. Bu yoʻnalishda quyidagilarni alohida taʼkidlash oʻrinli:

davlatlararo toʻlaqonli erkin savdo rejimini joriy etish;

yagona bojxona tariflari va tartibga solishning yagona notarif usullarini joriy etish;

tovar va xizmatlar savdosining umumiy qonun-qoidalarini joriy etish va ularning ishtirokchi davlatlar ichki bozorlarida qatʼiy amal qilishini taʼminlash;

ishtirokchi davlatlar tomonidan Jahon Savdo Tashkiloti (JST) va boshqa xalqaro iqtisodiy tashkilotlar bilan oʻzaro munosabatlarni oʻrnatishda yagona kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqish;

EOII tashqi chegaralarida iqtisodiy xavfsizlikni taʼminlash.

Shuningdek, tashkiliy-huquqiy yoʻnalishni takomillashtirish uchun quyidagilarni inobatga olish zarur:

EOIIga aʼzo davlatlarning milliy qonunchiliklarini oʻzaro muvofiqlashtirish;

EOII doirasida umumiy huquqiy makonni yaratish maqsadida ishtirokchi davlatlar huquqiy tizimlarining oʻzaro taʼsirchanligini soʻzsiz taʼminlash.

Yuqorida qayd etilgan chora-tadbirlarning barchasini EOIIga aʼzo davlatlarning oʻzaro teng manfaatlari nuqtai nazaridan kelib chiqqan holda amalga oshirish, bunda ishtirokchi tomonlarning yagona “konsensus”larga erishishi orqaligina amalga oshirish mumkin. Zero, xalqaro iqtisodiy munosabatlar tizimida integratsiya jarayonlarining makro darajasi – iqtisodiy siyosatni davlatlararo muvofiqlashtirish orqali hududiy miqyosda sifat jihatdan yangi iqtisodiy muhitni yaratish demakdir.

Mutaxassislarning eʼtirof etishlaricha, makro darajada ana shunday integratsiya guruhlarini shakllantirish, pirovard natijada milliy xoʻjaliklar koʻlamida barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlash, yuzaga kelgan ijtimoiy nomutanosibliklarni bartaraf etish imkonini beradi.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, hozirgi zamonaviy sharoitda xalqaro mehnat taqsimoti asosida davlatlar oʻrtasida barqaror iqtisodiy aloqalarning rivojlanishi global xarakter kasb etmoqda. Oʻzbekistonning mazkur integratsion uyushmaga aʼzo boʻlishi respublikada rivojlanayotgan ilmiy va texnologik inqiloblar, xalqaro savdo, kapitalning koʻchib yurishi, zamonaviy transport, aloqa va axborot tizimlari iqtisodiy hayotning xalqarolashuvi jarayonining global shakllangan darajaga oʻtishiga yordam berishi mumkin.

Shuningdek, Oʻzbekiston va boshqa aʼzo davlatlar oʻrtasidagi oʻzaro integrallashuv ishlab chiqarish hajmining oʻsishiga, yangi texnologiyalarning keng va jadal tarqalishiga, infratuzilmalarning rivojlanishiga, xalqaro iqtisodiy tashkilotlar, fondlar rolining yanada oshishiga, savdo va bozorlarning erkinlashuviga va boshqa yutuqlarga erishilishiga olib kelishi mumkin.

Shuhrat DEHQONOV,

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi muassisligidagi “Oʻzbekiston strategiyasi” jurnali bosh muharriri, jurnalist, siyosatshunos-yurist.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.