18 +  RSS  E-mail
12:38, 04 12 2019

Aholi bilan oʻtkazilgan muloqotda koʻtarilgan muammolar nazoratga olindimi?


Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, general-mayor Gʻayrat Qodirov Doʻstlik tumanidagi Saritepa, Bunyodkor hamda Gʻafur Gʻulom mahalla fuqarolar yigʻinlarida boʻlib, aholi bilan muloqotlar oʻtkazdi.

Shuningdek, boshqarma boshligʻi mazkur hududlardagi saylov uchastkalarining siyosiy jarayonlarga hozirligini oʻrgandi.

Doʻstlik tumanining 4131 nafar aholiga ega Saritepa qishloq fuqarolar yigʻinida boʻlib oʻtgan uchrashuv davomida koʻchalar va koʻp qavatli uylar tevaragini qurilish mahsulotlari qoldigʻidan tozalash, hududda tikuvchilik tsexi faoliyatini yoʻlga qoʻyish, chorva mollari boqilishi uchun umum foydalanadigan molxona qurish takliflari bayon qilindi. Shuningdek, fuqarolarni kredit hisobiga qoramollar bilan taʼminlash, yer osti suvlarini qochirish maqsadida drenajlarni tozalash, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirish, beton ariqlar qurish hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish yuzasidan fikrlar bildirildi.

Maʼlumot oʻrnida aytish kerakki, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi joriy yilning avgust oyida saritepaliklar bilan muloqot oʻtkazgan va bu jarayonda 30 dan ortiq masalalar ijobiy yechim topgan edi. Chunonchi, qishloqda 3,5 kilometrlik ichimlik suvi  tarmogʻi tortildi. Bu safargi uchrashuvda saritepaliklar 3-sektor rahbariga Doʻstlik tumani markazi va Saritepa qishlogʻi oraligʻidagi taʼmirtalab boʻlib qolgan 500 metr uzunlikdagi ichimlik suvi tarmogʻini yangilash boʻyicha murojaat qilishdi. Gʻayrat Qodirov saritepaliklarga bu masalani hal qilishga vaʼda berdi.

Bunyodkor mahalla fuqarolar yigʻinida boʻlib oʻtgan uchrashuvda aholi punktini koʻmir bilan taʼminlash, xotin-qizlar uchun ish oʻrinlari yaratish, hududda tadbirkorlikni rivojlantirish, tomorqadan samarali foydalanish bilan bogʻliq muammolar koʻtarildi. Muloqot davomida bunyodkorliklar 3-sektor rahbariga oʻz minnatdorchiliklarini bildirdilar. Boisi, ilgarigi uchrashuvda ushbu mahalla ahli 500 metr yoʻlga shagʻal yotqizish va aholini suyultirilgan gaz bilan muntazam taʼminlash yuzasidan murojaat etgan edi. Har ikki masala qisqa muddatlarda hal qilingan.

Tadbir davomida viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi hududdagi “Beshbuloq” koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligining 100 bosh gol’dshteyn zotli qoramol boqilayotgan chorva majmuasi faoliyati bilan tanishdi. Taʼkidlash kerakki, fermer xoʻjaligiga tumandagi 3- sektor rahbari yaqindan yordam bermoqda.

Gʻafur Gʻulom mahallasida oʻtkazilgan muloqotda ham hududni qurilish chiqindilaridan tozalash masalasi koʻtarildi. Shuningdek, noqonuniy inshootlarga barham berish, koʻchalarga yoritgichlar oʻrnatish, piyodalar yoʻlakchasi qurish, asfal’t yotqizish, tabiiy gaz tarmogʻiga ulanish boʻyicha murojaatlar qilindi.

Shu kuni oʻtkazilgan uchrashuvlar davomida tegishli korxonalar masʼullariga topshiriqlar berilib, ijrosi nazoratga olindi. 3-sektor rahbari qurilish texnikalari, moliyaviy va tashkiliy masalalarni hal qilishni oʻz zimmasiga oldi. Muloqotlarda saylovni uyushqoqlik bilan oʻtkazish hamda is gazidan zaharlanishning oldini olish boʻyicha atroflicha soʻz yuritildi.

Sayyor qabullar yakunida viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi aholi punktlaridagi saylov okruglari va uchastkalarida boʻldi. Chunonchi, 3-sektor rahbari Saritepa qishlogʻidagi 18- Choʻlquvar, 12- Zarafshon, 13- Guliston saylov okruglari, 143- va 144- saylov uchastkalari faoliyati bilan tanishdi. Xuddi shunday, Bunyodkor mahallasidagi 14- Choʻlpon, 15- Baxmal saylov okruglari hamda 145- va 146- saylov uchastkalarini koʻzdan kechirdi. Gʻayrat Qodirov bu jarayonda saylov okrug va uchastkalarini tegishli tartibda jihozlanishi, isitilishi, yongʻin va jamoat xavfsizligi nuqtai nazaridan oʻrgandi va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan oʻz tavsiyalarini berdi.

Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.