18 +  RSS  E-mail
14:46, 02 12 2019

Yurtboshimga aytsam xafa boʻlmaydimi?


Qishloqlarda kunda svet oʻchishini,

Yosh bolalar tun uygʻonib choʻchishini,

Puli borlar shaharlarga koʻchishini,

Yurtboshimga aytsam xafa boʻlmaydimi?

Saratonda suvsiz soʻlar qilsak ekin,

Yer soligʻin toʻlayapmiz ammo, lekin,

Hammasini bir boshidan asta-sekin,

Yurtboshimga aytsam xafa boʻlmaydimi?

Koʻchamiz xor necha yilki intiq toshga,

Yozda changi, qishda loyi chiqar boshga,

Bir amallab borib oʻsha qadim Shoshga.

Yurtboshimga aytsam xafa boʻlmaydimi?

Men bir shoir qoʻlga olib oʻtkir patni,

Boqib, bilib bitayapman bunday xatni,

Besh yilda xalq bir koʻrmagan deputatni,

Yurtboshimga aytsam xafa boʻlmaydimi?

Shodlanardik boʻlsa guzar, kutubxona,

Biz ham kitob oʻqir edik qursa dona,

Oʻzi kabi xalq dardini yona-yona,

Yurtboshimga aytsam xafa boʻlmaydimi?

Amaldorlar vaʼdasi koʻp amal etmas,

El dardini tinglamoqqa sabri yetmas,

Bunday holga aslo koʻnmas, etguvchi bas,

Yurtboshimga aytsam xafa boʻlmaydimi?

Yoshlarimiz yarmi turkda, yarmi rusda,

Axir tokay kun koʻramiz bunday tusda,

Ishsizlar koʻp, ish haqi kam bu xususda,

Yurtboshimga aytsam xafa boʻlmaydimi?

Aybdormiz unutibmiz biz ham farzni,

Chorva sotib toʻlab boʻldik MIBga qarzni,

Endi gaz yoʻq, uylar sovuq haqli arzni,

Yurtboshimga aytsam xafa boʻlmaydimi?

Ey masʼullar baytim oʻqib qilingiz oʻy,

Qishloq kezib xalqingizga koʻrsating boʻy,

Aybingizni xaqiqatgoʻy, halol, xalqgoʻy,

Yurtboshimga aytsam xafa boʻlmaysizmi?

Qishloqlarda qishda gazni oʻchishini,

Chol, kampirlar sovuqdan xoʻp choʻchishini,

Puli koʻplar xoov shaharga koʻchishini,

Yurtboshimga aytsam xafa boʻlmaydimi?

Gʻulomjon Normat

“Xalq minbari”dan


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.