18 +  RSS  E-mail
14:41, 02 12 2019

Tosh davri moddiy madaniyatiga oid ashyolar topildi


Samarqand viloyati Payariq tumani Doʻstlik mahallasi hududidagi Alamli qishlogʻi fuqarosi Norpoʻlat Toʻqboyevning murojaati yuzasidan Samarqand davlat universitetining arxeologiya kafedrasi mudiri Normahammad Xolmatov rahbarligida arxeologik guruh tashkil etildi.

Guruh aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi arxeologik tadqiqotlar instituti katta ilmiy xodimi Azbiddin Xolmatov, magistrant Yoʻldoshxon Isayev belgilangan manzilda boʻlib, kishilik tarixi tosh asriga oid makon joyida tekshiruv ishlarini amalga oshirdi.

Natijada Alamli qishlogʻidagi Oʻrta hovuz manzilida «Mezolit-neolit» yodgorligini aniqlashga erishildi. Makon yer sathidan 3 dona tosh buyum, yaʼni tosh oʻzagi, qirgʻich qurol, qayroqtosh boʻlagi topildi. Shuningdek, makon joylashgan soy yon daralarida koʻplab qoyatosh rasmlar ham borligi aniqlandi.

Bundan koʻrinadiki, Payariq tumani yerlari odamzod tomonidan tosh asridan buyon oʻzlashtirilib kelingan. Kelgusida bu yodgorlik makonida qazilma ishlarini amalga oshirish, qoyatosh rasmlarini oʻrganish, qoʻshni soylarda ham keng arxeologik qidiruv ishlarini amalga oshirish maqsadga muvofiq.

Samarqand viloyati hokimligi matbuot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.