18 +  RSS  E-mail
14:39, 02 12 2019

Jizzaxda soliqchi pichoqlangan shaxsning hayotini saqlab qoldi


29 noyabr kuni soat 20:25 da Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Jizzax filialiga pichoqlangan shaxs keltirildi. Oʻz vaqtida koʻrsatilgan birinchi tibbiy yordam va jarrohlik amaliyoti sabab 26 yoshli tadbirkor R.F.ning hayoti saqlab qolindi.

Jabrlangan shaxsni kasalxonaga Jizzax shahar soliq inspektsiyasining bosh inspektori Begali Sherboʻtayev yetkazgan. Uning aytishicha, voqea shahar DSI atrofida sodir boʻlgan. Notanish shaxs R.F.dan Toshkent shahriga ketishga puli yoʻqligini aytib, yordam berishini soʻragan. R.F. unga 50 ming soʻm pul berib, Toshkentga ketish manzilini tushuntirgandan soʻng ham notanish shaxs ketmagan. Niyati buzilib, R.F. ning qorin qismiga 3 marotaba pichoq urgan. Bu vaqtda Begali Sherboʻtayev inspektsiyaga qaytayotgan edi. Bir zum ham gʻanimatligini anglagan soliqchi jabrlanuvchini shu zahotiyoq avtomobiliga mindirib, RShTYoIM Jizzax filialiga yetkazgan.

Shu tunda shoshilinch xirurgiya boʻlimida navbatchilikda boʻlgan jarroh Xoliyor Ahmedovga koʻra, bemor qorin boʻshligʻida sanchilib kesilgan jarohat bilan qabul qilingan. Ichki aʼzolariga shikast yetmagan boʻlsa-da, aktiv qon ketish roʻy berib, qorin boʻshligʻiga qon yigʻilgan. Zudlik bilan oʻtkazilgan jarrohlik amaliyoti bois qon ketish bartaraf etilib, bemor hayoti saqlab qolingan. Hozir bemorning ahvoli qoniqarli, gemodinamikasi moʻʼtadil, — dedi shifokor.

Begali Sherboʻtayev soliq tizimida 9 yildan buyon xizmat qilib kelmoqda. Bemor xaloskoridan benihoya  minnatdorligini bildirdi.

Jizzax viloyat davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.