18 +  RSS  E-mail
13:36, 29 11 2019

Oʻgʻri oʻzlaridan boʻlib chiqdi


Shahar va tumanlarimizda boshqa viloyat va shaharlardan kelib tirikchilik qilayotganlarni bilamiz. Masalan, vodiy viloyatlaridan kelib novvoylik qilayotgan, mebel tsexlarini ochib buyurtma asosida ishlayotgan, ijaraga yer olib plyonka ostida qovun-tarvuz ekish tajribasini ommalashtirayotgan yoki qurilishda ishlayotganlar talaygina. Xuddi shunday, Andijon viloyatidan kelgan musofir yigitlardan bir guruhi Romitan tumanida keng koʻlamda boshlangan issiqxona qurilishida oʻzlarini sinab koʻrishga qaror qilgan.

Buxoro viloyat IIB axborot xizmati xabariga koʻra, Asaka tumanida yashovchi, yakka tartibda mehnat qilib kelayotgan yigitlar, 1976 yilda tugʻilgan A.S. hamda 1985 yilda tugʻilgan M.A.lar “qorongʻida qatiq yalashgan”lar toifasidan boʻlib chiqdi. Sababi kattasi muqaddam firibgarligi uchun, kichigi oʻgʻriligi sababli sudning “qora kursi”siga oʻtirgan bu hamtovoqlar Romitan tumanida tadbirkor fuqaro H.B.ga tegishli MChJ issiqxonasi qurilishiga joylashib olganlaridan keyin yana oʻsha “eski hunarlari”ni qoʻmsab qolishdi. Qanday qilib deysizmi?

Kattagina maydonni egallagan issiqxona qurilishini 150 million soʻmga kelishgan ikki “ustamon” ishga oʻz tumandoshlari, 1982 yilda tugʻilgan T.K. boshchiligidagi guruhni yolladilar. Duradgorlik, temirchilik, payvandlash deysizmi, uddasidan chiqadigan bu yigitlar kelishilganidek, shu yil avgust oyidan ishga tushib, uch oy deganda buyurtmani, yaʼni obʼekt qurilishini nihoyasiga yetkazishdi. Hisob-kitobga kelganda, ishchilarga berish uchun B.H.dan kelishilgan 150 million soʻm pulni olgan kuniyoq A.S. hamda M.A. uchun “sichqonning ini ming tanga” boʻldi. Yollangan ishchilar esa uch oylik peshona teri haqini ololmay, kuyib qolaverdi.

Mazkur holat yuzasidan ikki firibgar fuqaroga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat keodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Buxoro viloyati hokimligi axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.