18 +  RSS  E-mail
13:45, 29 11 2019

2021 yilgacha daraxtlar kesilmaydi


2020 yil 1 yanvardan “Evro-4”dan past ekologik toifadagi motor yoqilgʻisini ishlab chiqarish boʻyicha yangi quvvatlarni ishga tushirish, 2022 yildan “Evro-3”dan past ekologik toifadagi motor yoqilgʻisini, 2023 yildan esa “Evro-4”dan past ekologik toifadagi motor yoqilgʻisini “vaqtincha olib kirish” va “erkin muomala (import) uchun chiqarish” bojxona rejimiga joylashtirilmaydi.

Shuningdek, 2022 yildan zaharlilik darajasi “Evro-4” ekologik toifa talablariga mos kelmaydigan gaz, benzin va dizel dvigatellari bilan jihozlangan “M” va “N” toifalaridagi gʻildirakli transport vositalaridan foydalanish va ularni sotish maqsadida “vaqtincha olib kirish” va “erkin muomala (import) uchun chiqarish” bojxona rejimiga joylashtirish man etiladi.

Bu haqda Samarqand viloyati Matbuot uyida viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshligʻi Davron Ochilov ishtirokida Prezidentimizning 2019 yil 30 oktyabrdagi “2030 yilgacha boʻlgan davrda Oʻzbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish kontseptsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida” Farmoni mazmun-mohiyatiga bagʻishlangan matbuot anjumanida bildirildi.

Farmonga asosan 2019 yil 1 noyabrdan 2020 yil soʻnggiga qadar yurtimizda daraxtlar kesilishiga moratoriy joriy etilgan. Bu davrda vakolatli davlat organlariga davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan qimmatbaho daraxt va buta navlarini kesilishiga ruxsatnoma berish man etiladi.

— Kontseptsiyani amalga oshirish yuzasidan 2019-2021 yillarda bajariladigan ishlarning rejasi tasdiqlandi, — dedi D.Ochilov. — Bu bilan atrof-muhitga atropogen taʼsirni kamaytirishga erishib, tabiatni muhofazasidagi ishlarni yangi bosqichga koʻtarish belgilangan. Jumladan, qishloq xoʻjaligida suv resurslari yoʻqotilishini 10 foizga kamaytirish, oqava suvlarni tozalash samaradorligini 80 foizgacha oshirish, zaharli tashlamalarning atmosfera havosiga chiqarilishini 10 foizga (2,492 million tonnadan 2,243 million tonnaga) kamaytirish belgilangan.

Transport vositalarining 80 foizini gaz yoqilgʻisi va elektr dvigatellariga oʻtkazish, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni 3,5 foiz (1,5 million gektar)dan 12 foiz (5,4 million gektar)ga koʻpaytirish, aholi maishiy chiqindilarini toʻplash va olib ketishni toʻliq taʼminlash, chiqindilarni qayta ishlashni 65 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Matbuot anjumanida mutaxassislarga bir qator takliflar ham bildirildi va mutaxassislar jurnalistlarning savollariga batafsil javob berishdi.

Oʻktam XUDOYBERDIYEV.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.